O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Malaka oshirish markazida joriy yilning 22-27 yanvar kunlari "Xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishning dolzarb masalalari" mavzusida malaka oshirish o‘quv kurslari o‘tkazildi.
Oliy Majlis Senati, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Din ishlari boyicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan seminarlarda tinglovchilar soha mutaxassislaridan turli mavzulardagi ma’ruzalarni tinglashdi.
Shu yil 27 yanvar kuni mazkur o‘quvlarning yakuniga bag‘ishlangan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova, "Oila va gender" ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Farida Yo‘ldosheva, Malaka oshirish markazi direktori Husniddin Axmedov hamda tinglovchilar ishtirok etishdi.
Akademiya rektori tadbirda so‘z olar ekan, bu kabi o‘quvlarni tashkil etishdan maqsad mazkur sohadagi faoliyatni yanada rivojlantirish, tizimda ishni to‘g‘ri va samarali tashkil etish, joylarda xotin-qizlar sohasidagi muammolarni yechish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tayinlangan mas’ul xodimlarning ko‘nikma va malakalarini oshirish ekanini ta’kidladi.
Yakunda tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Hazorasp tumanida yangidan qurib bitkazilgan “Hazrati Shayx Muxammad Amin” jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Hazorasp tumani hokimi Maqsudbek Abdullayev, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va masjid imom-xatiblari, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Qur’oni karim tilovatidan so‘ng masjidning to qiyomatgacha Haq taologa ibodat qilinadigan sajdagoh bo‘lishini, xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib xizmat qilishini so‘rab, bu xayrli ishga ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqiga duolar qilindi.
Ma’lumot o‘rnida zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur masjid 1600 nafar namozxonga mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati