Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Ali roziyallohu anhu Ka’ba ichida tug‘ilganmi?

29.01.2025   3995   2 min.
Ali roziyallohu anhu Ka’ba ichida tug‘ilganmi?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobasi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning Ka’bada tug‘ilgani haqidagi ma’lumotlar keng tarqalgan.

Hadis to‘plamlarida bu ma’lumotning to‘g‘riligini tasdiqlovchi bironta hadis, hatto zaif hadis ham yo‘q.

Faqatgina Imom Hokimning “Ali Ka’ba ichida tug‘ilgan”, degan so‘zlari bor –  “Mustadrak”, 3/483.

Sirojiddin ibn Mulaqqin aytadilar: “Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u Ka’bada tug‘ilgan, degan narsaga kelsak, bu zaif va ko‘plab muhaddislar Imom Hokimni rivoyatini inkor qilganlar” – “Badrul munir”, 6/489.

Birgina sahoba Hakim ibn Hizomning Ka’ba ichida tug‘ilganligi ishonchli rivoyat hisoblanadi. Bu rivoyatni Imom Muslim o‘zining “Sahih”ida keltirgan: “Hakim ibn Hizom Ka’bada tug‘ilib, bir yuz yigirma yil yashagan”“Sahih Muslim”, 1532. Bu haqdagi Hakimning o‘zi aytgan gapini Imom Zahabiy, Ibn Hajar, Suyutiy va boshqa olimlar ham rivoyat qilganlar.

Qolaversa, Qurayshning nasl-nasabi borasida mutaxassis bo‘lgan Mus’ab Zubayriy (vafoti 236 hijriy sana) Ka’baning ichida faqat Hakim ibn Hizom tug‘ilgan, undan oldin ham, keyin ham, Ka’bada hech kim tug‘ilmagan, degan.

Hakimning onalarini to‘lg‘oq tutgan vaqtda Ka’ba atrofida edi. Shu sababdan bir qancha ayollar bilan Ka’baga kirib, o‘sha yerda farzand dunyoga keltirdi. Bu voqea “Fil yili”dan o‘n uch yil oldin bo‘lgan edi. Mana shu yangi tug‘ilgan chaqaloq Hakim ibn Hizom Makka fathi arafasida musulmon bo‘lgan.

Hazrati Ali milodiy 600-yilda Makkai Mukarramada tavallud topdilar. Hazrati Ali Rasululloh nabiy qilib yuborilganlaridan keyin yosh bolalardan birinchi bo‘lib iymon keltirib, Islomni qabul qilganlar. Ana shu vaqtda yoshlari hali sakkizdan o‘tmagan edi. Hijriy 40, milodiy 661 yili o‘n yettinchi ramazon kuni Kufada vafot etgan.

Po‘latxon Kattayev,
Toshkent Islom instituti Hadis va Islom tarixi fanlari
kafedrasi katta o‘qituvchisi.

Boshqa maqolalar

Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

18.06.2025   1194   2 min.
Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.

Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.

Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».

Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».

Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!

Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».


Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!

Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!

Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!

Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!

Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!

Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!

Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi