Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobasi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning Ka’bada tug‘ilgani haqidagi ma’lumotlar keng tarqalgan.
Hadis to‘plamlarida bu ma’lumotning to‘g‘riligini tasdiqlovchi bironta hadis, hatto zaif hadis ham yo‘q.
Faqatgina Imom Hokimning “Ali Ka’ba ichida tug‘ilgan”, degan so‘zlari bor – “Mustadrak”, 3/483.
Sirojiddin ibn Mulaqqin aytadilar: “Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u Ka’bada tug‘ilgan, degan narsaga kelsak, bu zaif va ko‘plab muhaddislar Imom Hokimni rivoyatini inkor qilganlar” – “Badrul munir”, 6/489.
Birgina sahoba Hakim ibn Hizomning Ka’ba ichida tug‘ilganligi ishonchli rivoyat hisoblanadi. Bu rivoyatni Imom Muslim o‘zining “Sahih”ida keltirgan: “Hakim ibn Hizom Ka’bada tug‘ilib, bir yuz yigirma yil yashagan” – “Sahih Muslim”, 1532. Bu haqdagi Hakimning o‘zi aytgan gapini Imom Zahabiy, Ibn Hajar, Suyutiy va boshqa olimlar ham rivoyat qilganlar.
Qolaversa, Qurayshning nasl-nasabi borasida mutaxassis bo‘lgan Mus’ab Zubayriy (vafoti 236 hijriy sana) Ka’baning ichida faqat Hakim ibn Hizom tug‘ilgan, undan oldin ham, keyin ham, Ka’bada hech kim tug‘ilmagan, degan.
Hakimning onalarini to‘lg‘oq tutgan vaqtda Ka’ba atrofida edi. Shu sababdan bir qancha ayollar bilan Ka’baga kirib, o‘sha yerda farzand dunyoga keltirdi. Bu voqea “Fil yili”dan o‘n uch yil oldin bo‘lgan edi. Mana shu yangi tug‘ilgan chaqaloq Hakim ibn Hizom Makka fathi arafasida musulmon bo‘lgan.
Hazrati Ali milodiy 600-yilda Makkai Mukarramada tavallud topdilar. Hazrati Ali Rasululloh nabiy qilib yuborilganlaridan keyin yosh bolalardan birinchi bo‘lib iymon keltirib, Islomni qabul qilganlar. Ana shu vaqtda yoshlari hali sakkizdan o‘tmagan edi. Hijriy 40, milodiy 661 yili o‘n yettinchi ramazon kuni Kufada vafot etgan.
Po‘latxon Kattayev,
Toshkent Islom instituti Hadis va Islom tarixi fanlari
kafedrasi katta o‘qituvchisi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bandadan xato sodir bo‘lmasligi mumkin emas, balki sodir bo‘lgan xatolarni tuzatishga intilish — ana shu bandalik xususiyatidir. Odam bolasidan xato sodir bo‘lishi oddiy hol. Xatolarni afv etish esa hamma ham qila olmaydigan, oxiratda sharaf bo‘ladigan xislatdir.
Yevropalik bir faylasuf: «Olovni haddan ziyod yoqib yuborma, dushmandan oldin o‘zingni kuydirib qo‘ymasin», deydi.
Bir odam hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Men seni shunday haqorat qilamanki, u sen bilan birga qabringgacha boradi», dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu: «Sening haqorating qabrgacha men bilan emas, balki o‘zing bilan birga boradi», dedilar.
Xullas, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uning axloqsizligiga e’tibor ham bermadilar.
Qur’oni Karim johil kishilardan yuz o‘girib o‘tib ketishni va behuda ishlardan batamom saqlanishni ta’lim bergan va ta’kidlagan.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli! Xizmatkorimning xatolarini necha marotaba avf qilayin?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga javob qilmay jim turdilar. U yana qayta so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har kuni yetmish marotaba» dedilar.
Imom Termiziy rivoyati.
Hadisdan olinadigan foyda shuki, xatolarni avf qilishning haddi belgilangan emas. Agar xodim har kuni yetmish marotaba xato qilsa ham, uni kechirish go‘zal xulq va rahm-shafqatning talabidir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan