Shu yil 2024 yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan navbatdagi sayyor yig‘ilish Samarqand shahrida o‘tkazildi. Dastlab vakilligi xodimlari ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berdi.
Mazkur tadbirdan so‘ng Hasan domla Temirov Samarqand shahar bosh imom-xatibi Z.Mahmudov hamrohligida shahar markazidagi “Xo‘ja Abdu Darun” jome masjidi hududidagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘mak ko‘rsatish bilan birga ularning haqlariga xayrli duolar qildi.
Shundan so‘ng Samarqand shahrida joylashgan 59-son ko‘zi ojizlar maktab internatiga borib, u yerda tarbiyalanayotgan o‘quvchi yoshlar bilan suhbat o‘tkazildi. Unda Z.Mahmudov inson qadr-qimmatining Alloh taoloning nazdida naqadar ulug‘ ekani, yoshlik davrining qadri to‘g‘risida oyati karima va hadisi shariflardan namunalar keltirib ma’ruza qildi. Shuningdek, “Samarqand viloyat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi”ida ham bo‘lib, 45 nafar ko‘ngli o‘ksik nuroniy otaxon va onaxonning xolidan xabar oldi.
Shuningdek, shahar-tuman bosh imom-xatiblari ham taqsimot asosida shahardagi 23 ta masjid imom-xatiblari va 2024 yilda Haj ibodatiga borib kelgan hojilar hamrohligida 30 ta mahallada bo‘lib, joylarda aholining 150 dan ziyod nogironligi bor, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va notinch oilalar xonadoniga bordilar. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi.
Shu bilan birga, viloyat ishchi guruhi Samarqand shahridagi 23 ta masjidda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga dolzarb mavzular yuzasidan ma’ruzalar qildi.
Shundan so‘ng ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Samarqand shahridagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi.
Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov bevosita bosh bo‘ldi. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha va aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birga ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuningdek, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish, muborak Ramazon oyiga barcha masjidlarni tayyorlash va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirdan so‘ng Alloh taolodan elu yurtimiz tinchligi va farovonligini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmat
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Tatariston va Boshqirdistonga xizmat safari uyushtirildi.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘i ijrosiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O. Abdullayev boshchiligida yurtimizning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi B.Asadov, Bosh konsuli M.Xayriddinov va bir qator tegishli tashkilotlar vakillaridan tashkil topgan delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov ham ishtirok etdi.
Vatandoshlarimiz bilan “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Halol kasb – baraka kaliti”, “Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi.
Rossiya musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat delegatsiya a’zolarini qabul qilib, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha ekanini bildirdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomi esdalik hadyalari taqdim etildi. Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat mehmonlarni Diniy idora va uning qoshidagi Rossiya islom universiteti bilan tanishtirib chiqdi.
Xizmat safari davomida vatandoshlarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda bugun mamlakatimizda qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalinib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar, yangiliklar haqida ham aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati