Shu yil 28 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati bosh imom xatibi Musoxon domla Abbasiddinov boshchiligida keng xalq ommasi bilan uchrashuv, aholi vakillari bilan muloqot amalga oshirilmoqda.
Suhbatlarda dinimiz bir jamiyatda yashayotgan insonlarni o‘zaro tinch-totuv, hamjihatlikda yashashga buyurishi, ular o‘rtasida mehr-oqibat, bir-biriga nisbatan hurmat bo‘lishni talab etishi, oxirgi vaqtlarda ana shu mehr-oqibat va o‘zaro hurmat rishtalarini paydo qiladigan, ularni yanada mustahkam bo‘lishiga sabab bo‘ladigan fazilatlarni keng yoyish juda ham zarur bo‘layotgani hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Qur’oni karim va hadisi shariflarda ilm va hunarga targ‘ib qiluvchi ko‘rsatmalarni misol sifatida keltirib, har bir ota-ona farzandiga elu yurt uchun kerakli bo‘ladigan hunar va foydali ilmlarni ham o‘rgatishi lozimligi tushuntirildi. Shuningdek, yosh avlod ongiga ona yurtga muhabbat, tinch-osoyishta hayotimizni qadriga yetish hamda shukronalik tuyg‘ularini singdirish kabilarga urg‘u qaratildi.
Musoxon domla dinimiz ta’limotlarida ota onaga hurmat, komil inson fazilati, har bir ishda o‘rtachilik, isrofdan saqlanish, riyokorlik, kibr illatidan yiroq bo‘lish, ko‘r-ko‘rona taqlid, g‘ulvuga ketish, ota-onaga oq bo‘lish, zulm va zo‘ravonlik kabi gunoh ishlardan saqlanishga chaqirildi.
Shuningdek, uchrashuvda ilmsiz fatvo berish, shar’iy masala aytish, jamoada tafriqa, bo‘linishlardan saqlanish va bid’at-xurofotlarni tark etish illatlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Bo‘lib o‘tgan muloqotda yig‘ilganlar o‘z minnatdorchiligini bayon qilishdi.
Muloqot uchrashuvlar joylarda davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Taqvo – Allohdan qo‘rqish, Unga itoat qilish va gunohlardan saqlanish ma’nosini anglatadi. Bu tushuncha insonning qalbidagi ixlos, taqdirga bo‘lgan ishonch va Allohning hukmlariga sodiq qolish bilan bog‘liq.
Taqvoning asosiy ma’nolari:
1. Allohdan qo‘rqish va ehtirom qilish – inson gunohlardan uzoq bo‘lishi va Allohning amrlariga itoat qilishi.
2. Niyat va amal pokligi – faqat Allohning roziligini qidirish, riyo va dunyoviy manfaatlardan qochish.
3. Gunohlardan ehtiyot bo‘lish – nafaqat ochiq gunohlar, balki shubhali va zararli ishlardan ham uzoqlashish.
4. Sabr va shukr – sinovlarga sabr qilish, Alloh bergan ne’matlarga shukr aytish.
Qur’onda taqvo haqida:
Alloh taolo Qur’onda taqvo egalari haqida bunday marhamat qiladi: “Albatta, Alloh huzurida eng hurmatli kishingiz – eng taqvodoringizdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Bu oyatdan ko‘rinib turibdiki, insonlarning Alloh huzuridagi maqomi boylik, nasab yoki martaba bilan emas, balki taqvo darajasi bilan belgilanadi.
Taqvoli inson qanday bo‘ladi?
Har bir ishida Allohning roziligini qidiradi.
Halolni mahkam ushlab, haromdan uzoq bo‘ladi.
Adolatli, mehribon va muruvvatli bo‘ladi.
O‘z nafsini tarbiya qiladi va qalbini pok saqlaydi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan taqvo haqida hadis:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
“Taqvo shu yerda”, deb qo‘llari bilan qalblariga ishora qildilar (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis taqvoning tashqi ko‘rinish emas, balki insonning qalbidagi ixlos va itoat bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi.
Taqvo – musulmonning hayotidagi eng muhim sifatlardan biri bo‘lib, insonni Allohga yaqinlashtiradi va unga ikki dunyo saodatini olib keladi. Taqvoli inson to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi va hamisha Allohning madadini his qiladi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV