Misrning "Al Diplomacy" axborot agentligi Imom al-Buxoriy merosiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda qayd etilishicha, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy hayoti davomida 20 dan ortiq asarlar yaratgan. Ulardan "Al-Jomi’ as-Sahih", "Al-adab al-mufrad", "At-ta’rixal-kabir", "Barr ul-volidayn" va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.
Nashrda Imom Buxoriy asarlari orasida "Al-Jomi’ as-Sahih" kitobi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlangan. Ushbu asar islom olamida Qur’oni Karimdan keyingi ikkinchi manba sifatida e’tirof etiladi.
"Hadis ilmi sultoni Muhammad ibn Ismoil Buxoriy qalamiga mansub bu asar ko‘p nusxada musulmon xalqlari orasida tarqalgan, dunyoning turli tillariga tarjima qilingan va hozir ham tarjima qilinmoqda", – deyiladi maqolada.
Maqolada Islom olamida "as-Sahih", "Al-Jomi’ as-Sahih" va "Sahih al-Buxoriy" nomlari bilan mashhur bo‘lgan ushbu kitobning tarixi batafsil yoritilgan.
"Imom Buxoriyning ushbu asarni yozishga ustozining ishonchli hadislarni to‘plash zarurligi haqidagi maslahatlari turtki bo‘lgan", – deb yozgan muallif.
Imom Buxoriy ushbu shoh asarni 16 yilda yozib bitirgan. Bungacha hadislar sahihlik darajalariga ko‘ra, tasniflanmagani uchun bu ish inqilobiy xususiyatga ega bo‘lganligi ta’kidlanadi. Imom Buxoriy hadis roviylarining tarjimayi hollarini o‘rganar ekan, faqat sahihlikning qat’iy mezonlariga javob beradiganlarini tanlagan. U hadis ilmida mutlaqo yangi yo‘l ochdi, bu esa hadis ilmida "oltin asr"ni boshlab berdi.
"Imom Buxoriyning har bir asari musulmonlar uchun muhim manba bo‘lib, ma’rifiy-ma’naviy, tarixiy bilimlarni boyitishda juda muhim. Uning ilmiy merosi nafaqat islom tarixining bir qismi, balki jahon hamjamiyati ma’naviy rivojiga ham yo‘l ko‘rsatuvchi manbadir", – deyilgan maqola xulosasida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 17 may kuni Jizzax viloyatidagi tuman va shahar bosh imom-xatiblarining navbatdagi sayyor qabullari Arnasoy tumanida bo‘lib, unda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari qamrab olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Jizzax viloyati vakilligi
Matbuot xizmati