Jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida shu yil 27-28 yanvar kunlari “Nazarbek” talabalar turar joyida “Barkamol avlod” sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa 3 ta sport turi — shaxmat, stol tennisi va o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha o‘tkazildi.
E’tiborlisi, bellashuv nafaqat talabalar o‘rtasida, balki ustoz va murabbiylar o‘rtasida ham stol tennisi bo‘yicha tashkil qilindi.
Murosasiz kechgan bahslarda musobaqa g‘oliblari aniqlandi. Barcha ishtirokchilar sportda o‘z kuchini sinab ko‘rish barobarida bir-biri bilan tajriba almashish, do‘stona muhitda kuchli jamoa sifatida harakat qilish imkoniyatini berdi. Shuningdek, yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
G‘oliblarga ta’lim muassasasining diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV,
“Ko‘kaldosh” O‘MIBYU mudarrisi
Yurtboshimizning muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Zero, bag‘rikenglik – turli millat va din vakillarining bir zaminda o‘zaro inoq va homkor bo‘lib yashashlarini anglatuvchi tushunchadir. Yurtimizda 16 diniy konfessiya, 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir osmon ostida, bir zaminda, bir havodan nafas olib, hamjihat bo‘lib, bir maqsad sari harakat qilishi bag‘rikenglik, totuvlik, hamkorlik kabi tushunchalarning yurtimizdagi ifodasidar.
Dini, millati, irqi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar dunyodagi insonlarning huquqlari va erkinliklari tengdir. Islom dini ta’limotidan kelib chiqib, ajdodlar shunday yo‘l tutgan va bizlarga ham shunday o‘rgatganlar.
Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ey insonlar, darhaqiqat Biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishinglar uchun sizlarni turli-tuman xalqlar va qabila-elatlar qilib qo‘ydik”, deya marhamat qilgan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov va Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farxod aka Kushakovlar Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi jismoniy imkoniyati cheklangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand, kam ta’minlangan turli diniy konfessiya vakillari holidan xabar olishib, ular muborak Ramazon oyi bilan qutlashdi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi vakillari bilan hamkorlikda ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatishib, siniq ko‘ngillarga xursandchilik ulashishdi.
Bu kabi saxovat tadbirlari muborak Ramazon oyi oxiriga qadar davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati