Jismonan sog‘lom, ma’nan barkamol avlodni tarbiyalash maqsadida shu yil 27-28 yanvar kunlari “Nazarbek” talabalar turar joyida “Barkamol avlod” sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa 3 ta sport turi — shaxmat, stol tennisi va o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha o‘tkazildi.
E’tiborlisi, bellashuv nafaqat talabalar o‘rtasida, balki ustoz va murabbiylar o‘rtasida ham stol tennisi bo‘yicha tashkil qilindi.
Murosasiz kechgan bahslarda musobaqa g‘oliblari aniqlandi. Barcha ishtirokchilar sportda o‘z kuchini sinab ko‘rish barobarida bir-biri bilan tajriba almashish, do‘stona muhitda kuchli jamoa sifatida harakat qilish imkoniyatini berdi. Shuningdek, yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.
G‘oliblarga ta’lim muassasasining diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV,
“Ko‘kaldosh” O‘MIBYU mudarrisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi 30 yildan ziyod vaqt mobaynida Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani bosh imom-xatibi sifatida samarali faoliyat yuritgan "Abduolim ota" masjidi imom-xatibi Oxunjon domla Vosiyevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Oxunjon domla Vosiyevning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi