Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyun, 2025   |   17 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
13 Iyun, 2025, 17 Zulhijja, 1446

Ramazonga 1 oy qoldi yoxud Sha’bon oyi muborak bo‘lsin!

30.01.2025   11713   2 min.
Ramazonga 1 oy qoldi yoxud Sha’bon oyi muborak bo‘lsin!

Rajab oyi nihoyasiga yetib, Sha’bon oyi ham kirib keldi. Bu oy kirganda arablar suv qidirib, turli yo‘llar va daralarga tushib, tarqalib ketganlari uchun sha’bon deb nomlangan.

Bu oy Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish oyi sanaladi. Sha’bon oyi Qur’on ko‘p tilovat qilinadigan va ko‘p ro‘za tutiladigan oydir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda ko‘p ro‘za tutardilar.

Bu haqda Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam biron oyda sha’bondagidan ko‘p ro‘za tutmas edilar. Zotan, u zot sha’bonning hammasida ro‘za tutar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Afsuski, aksariyat insonlar bu oyning fazilatlaridan g‘aflatda qoladilar. Bu oyda amallar Alloh taologa ko‘tariladi. Usoma roziyallohu anhu bunday deydilar: Men Rasulullohdan: "Yo Allohning Rasuli, oylardan hech birida Sha’bonda ro‘za tutganingizdek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim", deb so‘radim. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Bu bir oyki, odamlar undan g‘ofil qolurlar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbul a’lamiynga ko‘tariladi. Mening amalim ko‘tarilayotganda ro‘zador bo‘lishni yaxshi ko‘raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Ulamolar: "Sha’bon oyida bir yillik amallar Allohga ko‘tariladi", deganlar.

O‘tgan solihlar bu oyda yanada ko‘proq Qur’on tilovat qilishardi. Hatto ayrimlar sha’bon oyi kirganda boshqa ishlarini tashlab, faqat Qur’oni karim tilovati bilan band bo‘lardilar.

Tobeinlardan Salama ibn Kuhayl rahmatullohi alayh: "Sha’bon oyi – qorilar oyidir", deb aytardi.

Shuningdek, o‘tgan solihlar bu oyda miskinlarga g‘amxo‘rlik qilishga oshiqardilar. Beva-bechora, faqir va kambag‘allar Ramazon oyini ko‘tarinki kayfiyat va xursandchilik bilan kutib olishsin deb zakotlarini berardilar.

Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh aytadilar: "Musulmonlar sha’bon oyi kirib kelishi bilan zakotlarni ado etishga va Qur’oni karimning tilovatini ko‘paytirishga juda qattiq e’tibor berardilar".

Bir so‘z bilan aytganda, sha’bon oyi nafsni ramazon oyini munosib kutib olishga tayyorlash oyidir. Sha’bon oyingiz muborak bo‘lsin!
 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasining 6 asosiy yo‘nalishi tahlil qilindi

10.06.2025   6079   3 min.
O‘zbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasining 6 asosiy yo‘nalishi tahlil qilindi

 Yig‘ilishda Kengash a’zolari, Ishchi guruh rahbarlari va yetakchi olimlar – O‘zRFA vitse-prezidenti, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktori, professor Bahrom Abduhalimov, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova, O‘zbekiston tasviriy san’ati akademigi Akbar Hakimov hamda markaz rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi.

   

Yig‘ilishda markaz ekspozitsiyasining 6 asosiy yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Jumladan:

  • "Qur’oni karim" zali
  • "Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari"
  • "Birinchi Renessans davri"
  • "Ikkinchi Renessans davri"
  • “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans poydevori”

 

Shu bilan birga, xorijiy muzeylarda saqlanayotgan va O‘zbekistonga daxldor bo‘lgan 350 ga yaqin eksponat ko‘rib chiqildi va ularni tanlab olish ishlari boshlab yuborildi.

 

Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov o‘z chiqishida bunday ta’kidladi:

 

— Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilayotgan ushbu markaz ekspozitsiyasini boyitish maqsadida xorij muzeylari va kutubxonalarida saqlanayotgan yurtimizga oid artefaktlarni olib kelish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bir qator eksponatlar markazning ochilish marosimiga tayyor holatda bo‘ladi. Shuningdek, respublikadagi muzeylar ham 20 tadan eng noyob eksponat taqdim etishi rejalashtirilgan.

   

    Yig‘ilishda "Islomdan avvalgi davr" ekspozitsiyasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ekspozitsiya koordinatori Anvar Matniyazov ma’lumot berdi:

 

— Bu ekspozitsiyaga vaqt devori orqali kiriladi. U 6 ta sektordan iborat bo‘lib, Baqtriyadan boshlanadi. Turkiyalik dizaynerlar bilan hamkorlikda ish olib borilyapti. Mulyajlar, faksimilelar va qo‘lyozmalar bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Shuningdek, yurtimizdagi 60 ta tarixiy qal’a o‘lchamlari to‘planib, sistemalashtirildi.

   

    Qadimgi Xorazm, So‘g‘d, Choch sivilizatsiyalariga oid tasviriy san’at, haykalchalar, tangalar va uy-ro‘zg‘or buyumlari xalqaro ko‘rgazmada namoyish etilishi rejalashtirilmoqda.

Vaqt devori kompozitsiyasida sharq miniatyuralari ham taqdim qilindi. Bu kompozitsiya turli davrlardagi siyosiy va ijtimoiy voqealarni badiiy tasvirlar orqali namoyon etadi:

 

  • Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari – barelef uslubida,

 

  • Birinchi Renessans – mahobatli rangtasvir uslubida,

 

  • Ikkinchi Renessans – Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib va Muhammad Murod Samarqandiy kabi miniatyura maktabi asoschilari uslubida.

 

   O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov rahbarligidagi ijodiy guruh ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda. 

 

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan tayyorlangan olimlar hayoti va merosiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi. Ilmiy kengash a’zolari ushbu videomateriallar mazmunan va vizual jihatdan zamonaviy talablarga mos bo‘lishi zarurligini ta’kidlashdi.

cisc.uz

 

O‘zbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasining 6 asosiy yo‘nalishi tahlil qilindi O‘zbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasining 6 asosiy yo‘nalishi tahlil qilindi O‘zbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasining 6 asosiy yo‘nalishi tahlil qilindi O‘zbekistondagi megaloyiha ekspozitsiyasining 6 asosiy yo‘nalishi tahlil qilindi
O'zbekiston yangiliklari