Rajab oyi nihoyasiga yetib, Sha’bon oyi ham kirib keldi. Bu oy kirganda arablar suv qidirib, turli yo‘llar va daralarga tushib, tarqalib ketganlari uchun sha’bon deb nomlangan.
Bu oy Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rish oyi sanaladi. Sha’bon oyi Qur’on ko‘p tilovat qilinadigan va ko‘p ro‘za tutiladigan oydir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oyda ko‘p ro‘za tutardilar.
Afsuski, aksariyat insonlar bu oyning fazilatlaridan g‘aflatda qoladilar. Bu oyda amallar Alloh taologa ko‘tariladi. Usoma roziyallohu anhu bunday deydilar: Men Rasulullohdan: "Yo Allohning Rasuli, oylardan hech birida Sha’bonda ro‘za tutganingizdek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim", deb so‘radim. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: "Bu bir oyki, odamlar undan g‘ofil qolurlar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbul a’lamiynga ko‘tariladi. Mening amalim ko‘tarilayotganda ro‘zador bo‘lishni yaxshi ko‘raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Ulamolar: "Sha’bon oyida bir yillik amallar Allohga ko‘tariladi", deganlar.
O‘tgan solihlar bu oyda yanada ko‘proq Qur’on tilovat qilishardi. Hatto ayrimlar sha’bon oyi kirganda boshqa ishlarini tashlab, faqat Qur’oni karim tilovati bilan band bo‘lardilar.
Shuningdek, o‘tgan solihlar bu oyda miskinlarga g‘amxo‘rlik qilishga oshiqardilar. Beva-bechora, faqir va kambag‘allar Ramazon oyini ko‘tarinki kayfiyat va xursandchilik bilan kutib olishsin deb zakotlarini berardilar.
Bir so‘z bilan aytganda, sha’bon oyi nafsni ramazon oyini munosib kutib olishga tayyorlash oyidir. Sha’bon oyingiz muborak bo‘lsin!
Davron NURMUHAMMAD
Alloh taolo aytadi: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Sizlardan ilgari yashab o‘tgan bir kishini takabburlik bilan izorini sudrab yurganida yer yutdi. U qiyomat kunigacha yer (qa’ri)ga kirib ketaveradi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Yoshligimizda ustozlar kishining kibrli yo unday emasligini donga to‘la boshoqning egilishi, donsiz boshoqning esa xuddi kibrlanganday tik turishi misolida tushuntirishgandi. Katta bo‘lib angladikki, ustozlarning maqsadi boshoq misolida kibrlanmaslikni ko‘z oldimizda qoldirish bo‘lgan ekan. Negaki, mutakabbirlikning oqibati juda ayanchli bo‘larkan.
Amr ibn Shuaybning bobosidan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Qiyomat kunida mutakabbir kimsalar odam suratidagi chumolilarga o‘xshash holda qayta tiriladi. Ularni har tomondan xorlik o‘rab oladi. Ular jahannamdagi “Bulus” deb nomlanadigan zindonga haydaladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Kibrning sabablari turlichadir. Masalan, biror sohani o‘zlashtirgan, kerakli mutaxassisga aylangan odam o‘zini olim, boshqalarni johil sanab, nasihatni qabul qilmay qolishi, kimdir ota-bobolarining oliy nasabi bilan faxrlanib, o‘zgalarni nasabi past, deb bilishi, kimdir esa mol-dunyo tufayli g‘ururga ketishi mumkin. Yana chiroy, quvvat kabi ne’matlar ham shular jumlasidan. Ko‘plar shu sabablar tufayli “Boshqalardan ustunman”, deb o‘ylashadi. Vaholanki, Alloh bandaning chiroyiga, nasabiga, boyligiga emas, qalbiga, qilayotgan niyati va amaliga qaraydi.
Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi ilm o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamagach:
– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi, dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli, – debdi. Shunda ustoz:
– Men senga bajonidil dars berardim. Lekin huzurimga kelgan paytingda "bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor", deya kibrlanding. O‘sha qarashing haliyam ketmadi. Men bo‘sh idishni to‘ldiraman, deb javob qilibdi.
Mol-davlatga kibrlansangiz, demak faqirsiz. O‘zingizni boshqalardan ustun ko‘radigan bo‘lsangiz, har qancha ilmingiz bo‘lmasin, johilsiz. Kishini zulmga, tug‘yonga soladigan kuch-quvvat aslida zaiflikdir. Haqiqiy boylik, martaba va ilmni tavozeli insonlardan topasiz!
Ja’farxon So‘fiyev,
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi
“Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi