Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Aprel, 2025   |   11 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:31
Quyosh
05:53
Peshin
12:30
Asr
17:02
Shom
19:00
Xufton
20:16
Bismillah
09 Aprel, 2025, 11 Shavvol, 1446

"Kitoblar farzandi" bo‘lgan olim

31.01.2025   4617   6 min.

Jaloliddin Suyutiy 849–911/1445–1505 yillarda mamluklar davlatining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy muammolari yuzaga chiqa boshlagan davrda yashagan.  Mamluklar davlatining hukmronligi uch asr davom etgan va Usmoniylar tomonidan Misrning zabt etilishi bilan yakunlangan. Mamluklar Misr, Suriya, Hijoz va Janubiy Anadoluda siyosiy ta’sirga ega bo‘lib, kuchli markazlashgan boshqaruv va tashkilotlari bilan salibchilarga va mo‘g‘ullarga qarshi kurash olib borgan va ularni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan. Bu davlat tarixning muhim burilish davrlaridan birida yashagan.

A’yni Jolut jangidan keyin Bag‘dodning barcha boyliklari talon-taroj qilingan va buyuk Islom sivilizatsiyasi mo‘g‘ullar tomonidan vayron qilingan. 1258 yilda Bag‘dodga kirgan mo‘g‘ullar qirq kun davomida talonchilik va qirg‘in uyushtirgan. Asrlar davomida katta mehnat bilan yaratilgan kutubxonalar va ilmiy xazinalar qisqa muddat ichida yo‘q qilingan. Mo‘g‘ul istilosidan keyin Bag‘dod o‘zining siyosiy, madaniy va ilmiy markaz maqomini yo‘qotgan. Bag‘doddagi xalifalikning yo‘q qilinishi butun islom olamiga ruhiy zarba bo‘lgan.

Bu voqeadan so‘ng Bag‘dodda yashagan ko‘plab musulmon olimlar mo‘g‘ul istilosidan zarar ko‘rmagan mamluklar davlatining poytaxti Qohiraga qochgan. Tashqaridan kelgan olimlar Qohirada katta ilmiy faollikni yuzaga keltirgan.

Jaloliddin Suyutiy mamluklar davlatining siyosiy tanazzuli boshlangan davrda yashagan. U hayotining katta qismini 873–901/1468–1496 yillarda hokimiyatda bo‘lgan sulton Qoyitbay davrida (23-50 yosh oralig‘ida) o‘tkazgan.

Manbalarga ko‘ra, Sulton Qoyitbay har oyning boshida davlat amaldorlarini saroyga taklif qilib, ular bilan uchrashgan va maoshlarini topshirgan. Imom Suyutiy ham bir necha bor bu uchrashuvlarga borgan, biroq keyinchalik bu amaliyot sunnatga va salaf olimlarining odatlariga mos emasligini bildirgan holda takliflarni rad etgan. Qirq yoshida sulton huzuriga chiqqanida ta’zim qilmagan va bu voqea Suyutiy bilan sultonning munosabatlarini yomonlashtirgan. Suyutiy ushbu voqea bo‘yicha “Ma rovahul asatiyn fi adamil maji’ ilas salatiyn” nomli risola yozgan. Sulton Suyutiy bu kitobga raddiya tarzida ulamolardan fatvo so‘ragan, biroq ular unga qarshi qaror chiqarishdan bosh tortgan. Natijada sulton uni barcha davlat lavozimlaridan chetlatgan. Shundan keyin Suyutiy ma’lum bir muddat o‘z uyida uzlatda yashagan.

Suyutiyning hayotidagi eng muhim burilish nuqtasi sulton Qoyitbay bilan yuz bergan ushbu voqea bo‘lgan. Mojaro uning ilmiy faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Chunki mana shu voqealar natijasida u zot to‘liq ilm bilan shug‘ullanishga va so‘fiyona uzlatga e’tibor qaratgan.

Suyutiy “Husnul muhazara” va “At-tahaddus bi ni’matillah” asarlarida o‘zining hayotini tasvirlagan. Quyida ushbu ikki asardan hamda boshqa mualliflarning imom Suyutiy haqida yozgan biografiyalaridan ham foydalanilib, u zotning hayoti qisqacha bayon etiladi.

U zotning to‘liq ismi: Abulfazl Abdurahmon ibn Kamoliddin Abu Bakr ibn Nosiriddin Muhammad ibn Sobiquddin Abu Bakr ibn Faxriddin Usmon ibn Nosiriddin Muhammad ibn Sayfiddin Xizr ibn Najmiddin Abu Saloh Ayyub ibn Nosiriddin Muhammad ibn Shayx Humomiddin al-Humam al-Huzayriy al-Asyutiydir.

U zot Jaloliddin laqabi bilan mashhur bo‘lib, barcha manbalarda u “Jaloliddin as-Suyutiy” yoki “Abdurrahmon as-Suyutiy” nomlari bilan tilga olingan.

“Abulfazl” kunyasi u zotga oilasining yaqin do‘stlaridan biri hamda u zotning ustozi Izzuddin Ahmad ibn Ibrohim Kinoniy tarafidan berilgani zikr qilingan.

“Al-Huzayriy” nisbasining nima uchun bu zotga berilgani masalasiga kelsak, u zotning o‘zi bu haqida bunday deydi: “Bizning Huzayriy nisbamiz, Bag‘dodda joylashgan Huzayriyya mahallasida yashaganimizdan kelib chiqqan. Ishonchli bir odamdan otamning bobosi arab emasligi va sharqdan kelgan bo‘lishi mumkinligini eshitdim. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, bu nisba joy nisbasidir”.

Suyutiyga “Asyutiy” (yoki Suyutiy) nisbasining berilishi esa, u zotning otasi Misrning Asyut shahrida tug‘ilib, Qohiraga kelishidan oldin shu yerda qozilik lavozimida ishlaganligi sababli berilgan.

Suyutiy hijriy 849 yil Rajab oyining birinchi kuni (1445 yil 3-oktabr) Mamluklar davlatining poytaxti Qohirada tug‘ilgan. Manbalarga ko‘ra, uning otasi, Shofeiy mazhabi fiqh olimlaridan biri bo‘lib, qozilik bilan shug‘ullangan. Ismi Kamoliddin bo‘lgan. Onasining kutubxonada ko‘zi yorigani bois, Suyutiyning laqablaridan biri – “Ibnul kutub” (kitoblarning farzandi) bo‘lgan.

Onasining kelib chiqishi turk bo‘lgani haqida manbalarda ma’lumotlar bor. Shunga ko‘ra, imom Suyutiyni ham ona-ham ota tarafdan kelib chiqishi turklarga borib taqaladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Suyutiyning otasi 855/1451 yilda vafot etganida, u hali olti yoshda bo‘lgan. Otasining vasiyatiga ko‘ra, uning ta’limini otasining do‘stlari, jumladan, Ibn Humom Sivosiy (vaf. 861/1457) o‘z zimmasiga olgan.

Suyutiy hayotini yorituvchi manbalarda uning rafiqasi haqida hech qanday ma’lumot uchramaydi. U o‘zining yaqinlari, aka-uka, opa-singil hamda farzandlarining ko‘plari haqida gapirar ekan, ularni vabo, zotiljam yoki tug‘ruq paytida “shahid” bo‘lganini xotirlaydi. 

Ahmad Temur Asyutda, o‘zlarini Suyutiy avlodidan ekanini da’vo qiluvchi va al-Jaloliy nisbasini olib yurgan odamlar borligini qayd etadi. Biroq, olimlarning bu borada bildirgan e’tirozlarini inobatga olgan holda, ular Asyutdagi Jaloliddin Suyutiy masjidida xizmat qilgan kishilarning avlodlari bo‘lishi mumkinligi haqidagi mulohaza haqiqatga yaqin deyish mumkin. Bu da’vo mantiqli, sababi Suyutiy avlodlarining keyinchalik otamakon Asyutga qaytishgani  mantiqqa muvofiq emas.


Abdulhay Xushvaqtov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Boshqa maqolalar

Dunyodagi eng qimmat narsa

08.04.2025   1587   1 min.
Dunyodagi eng qimmat narsa

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bir donishmanddan:

— Agar hayotingizni qaytadan boshlash imkoni berilganida qaysi xatolaringizni qilmagan bo‘lardingiz? — deb so‘rashibdi.

Donishmand shunday javob qilibdi:

— Agar shunday imkon berilsa, o‘tmish xatolarimni yana qilgan bo‘lardim. Negaki, mening shu darajaga kelishim mana shu xatolarim va shu xatolar ortidan chiqargan xulosalarim evazigadir.

Donishmandga berilgan savolni bugungi hayotimizda bir-birimizga ko‘p beramiz. Aslida bu narsaning amalga oshmasligini yaxshi bilsak-da, o‘zimizcha: “Falon-falon ishlarni qilmagan bo‘lardim. Falon ishlarni esa qilgan bo‘lardim. Shunda omadim yurishib, hozirgi holatimdan ancha yuqori darajaga erishardim”, deymiz. Ammo bir narsani unutmasligimiz kerakki, inson uchun dunyodagi eng qimmat narsa, bu – hayotiy tajriba. Hayotiy tajriba esa xatolar, qiyinchilik va mashaqqatlar, devorga urilgan boshlar ortidan qo‘lga kiritiladi. Unutilib ketgan qadim turkiy udumga ko‘ra, kattalar yumshoq salla bilan, atak-chechak qilib, yurishga tirishayotgan go‘dakning  oyog‘ini beozorgina chalishadi.

Buning ma’nosi: Bola hozirdan yiqilishni bilsin! Agar yiqilishni bilsa, turishni o‘rganadi! El-yurtining, qavmining qalqoni bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘g‘lon shunday tarbiya topsa, kelajakda hayot zarbalariga ham sabot bilan turib beroladi!

Biz bolalarimizni: “Xato qilma, o‘zingni avayla, uni qilma-buni qilma”, deb ko‘p tergaymiz. Maktabda barcha fandan a’lo baholarga o‘qishini istaymiz. Yiqilib tushishidan qo‘rqib, yugurishiga qo‘ymaymiz-u, lekin tanasi baquvvat bo‘lishini xohlaymiz. Unutmasligimiz lozimki, biz faxrlanadigan ajdodlarimiz minglab qoqilishlar, qiyinchilik-mashaqqatlardan o‘tib, komillikka erishganlar. Ular o‘zlaridan dunyoni titratuvchi asarlar va muazzam davlatlar qoldirishgan.

To‘ychiyev Bilolxon,
Hadis ilmi maktabi xodimi.