Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Fevral, 2025   |   5 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:11
Quyosh
07:31
Peshin
12:42
Asr
16:01
Shom
17:46
Xufton
19:01
Bismillah
04 Fevral, 2025, 5 Sha`bon, 1446
Yangiliklar

Malayziyada ilk marta O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar haqida film taqdimot qilinadi

3.02.2025   1147   1 min.
Malayziyada ilk marta O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar haqida film taqdimot qilinadi

Malayziya telekanalida O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus film taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Bunday loyiha ilk marta Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda.

Filmda O‘zbekistonning yirik ilm-fan va madaniyat markazi sifatidagi boy tarixi, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar, buyuk mutafakkir allomalarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar, Yangi O‘zbekistonda tashkil qilingan xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari faoliyati va yutuqlari haqida hikoya qilinadi.  

Film O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida ilmiy-madaniy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga, diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar, muhim natija va ilmiy yutuqlarni malay jamoatchiligi orasida keng tarannum qilishga xizmat qiladi.

O‘zA
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Videolar

Islom sivilizatsiyasi markaziga media-tur (+video)

3.02.2025   1786   3 min.

Poytaxtning qoq markazida qad rostlagan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi o‘zining mahobati, u yerda yig‘ilgan osori-atiqalari, qadimiy qo‘lyozmalari bilan Sharq ilm-ziyosining noyob durdonasi bo‘ldi.  Yillar, asrlar o‘tar lekin bu maskanda to‘plangan asriy boyliklar insoniyat tamadduni uchun, qadimgi tarixni o‘rganish, olimlarimizga ilm cho‘qqilarini zabt etish uchun mayoq vazifasini o‘taydi.

Bu yerdagi qurilishlar davlatimiz rahbarining 2017 yil 23 iyundagi qarori asosida boshlangan edi. 2018 yilgi Ramazon hayiti kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev markaz poydevoriga tamal toshini qo‘ygandi. 

Bugungi kunda muhtasham bino qurilishi yakuniy bosqichga o‘tgan. Markaz uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalarimiz shaklida bunyod qilindi va bir qarashda Samarqanddagi me’moriy yodgorliklarni eslatadi. Sharqona naqshlar, turfa ranglar va simmetriya unga ajoyib ko‘rk bag‘ishlagan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. 

Ushbu gumbaz tagida Qur’oni karim zali bo‘ladi. Bu yerda markaz durdonasi, Qur’onning eng qadimiy nusxasi – Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Uning atrofida qoraxoniylar, g‘aznaviylar,  somoniylar, saljuqiylar, O‘zbekxon, temuriylar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning turkiy tarjimalari o‘rin oladi. Shuningdek, devorda jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlar suratlari qo‘yiladi. Hozirda Qur’oni karim zalida turli vaqt va tillarda yozilgan 114ta qo‘lyozma mavjud. 

Yana bir e’tiborli jihati mintaqamiz tarixiga oid turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulug‘larimizning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi ulug‘langan. 

Markaz O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy nomidagi xalqaro markazlar faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirib boradi.

Xalqaro ilmiy muassasa va tashkilotlar, jumladan, YUNЕSKO, AYSЕSKO bilan yaqin hamkorlik o‘rnatiladi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida ilmiy konferensiyalar, forumlar, ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. 

Shuningdek, markazda  muzey ombori, qadimiy qo‘lyozmalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari bo‘ladi. Uchinchi qavatda islom tamadduniga oid 100 mingdan ortiq qo‘lyozmalar, toshbosma asarlar va ularning elektron ko‘rinishlarini qamrab olgan kutubxona joylashadi. 

Umumiy hisobda 823ta ilmiy loyiha tayyorlab qo‘yildi va olimlarning izlanishlari davom etmoqda. Xorijda va mamlakatimiz hududida topilgan osori-atiqalar tarixchilarimiz va qadimshunos mutaxassislarimiz tomonidan o‘rganilib, markazga taqdim etib boriladi. 

Media-tur davomida jurnalistlarga O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazida qilingan ishlar, qadimgi dunyo sivilizatsiyasiga oid ashyolari, yurtimiz manzillaridagi topilmalar, ilmiy izlanishlarning borishi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.


 

Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA

VIDEO