Shu yil 3 fevral kuni Malayziya islomni anglash instituti tasarrufidagi IKIT-TV telekanalida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar, buyuk mutafakkir allomalarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish yuzasidan olib borilayotgan ishlar va Yangi O‘zbekistonda tashkil qilingan xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari faoliyati hamda yutuqlari haqida hikoya qilinuvchi hujjatli film namoyish etiladi.
Ushbu munosabat bilan Malayziya islomni anglash instituti raisi Muhammad Nur Manuti Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaz rahbarlaridan iborat delegatsiyasini qabul qildi.
Uchrashuvda seminar va konferensiyalar tashkil etish, hamda hamkorlikda allomalarning ilmiy merosi va qo‘lyozmalarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish kabi o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Imom Termiziy
xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
matbuot xizmati
Kecha «Hilol Nashr» nashriyotining majlislar zalida yangi chop etilgan taroveh mus'hafining (https://hilolnashr.uz/taroveh-musxafi-27-29) taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda kitobni nashrga tayyorlagan ustoz Hasanxon Yahyo Abdulmajid qori, Abdulhakim qori Matqulov va bir qancha qorilar mehmon bo‘ldilar.
Suhbat avvalida ustoz Erkin Malik Hasanxon Yahyo Abdulmajidni yangi kitob bilan tabriklab, tadbirni ochib berdilar. Keyin esa Hasanxon qori Qur’oni Karimning mus'haf holiga keltirilishi, juz, hizb kabi qismlarga bo‘linishi, taroveh mus'hafining tayyorlanish jarayoni va unda ishlatilgan belgilar haqida so‘zlab berdilar.
So‘ng an’anaga ko‘ra, kitobxonlar bilan savol-javob o‘tkazilib, to‘g‘ri javob topganlarga taqdimoti bo‘layotgan kitob − taroveh mus'hafi hadya qilindi.
Keyin Hasanxon Yahyo Abdulmajid navbatdagi xushxabar − quran.uz sahifasidagi o‘n qiroat bo‘yicha yangilik bilan o‘rtoqlashdilar. Endilikda ushbu sahifa orqali Qur’oni karimni 10 xil qiroat va 20 xil rivoyatda o‘qish va tinglash mumkinligini taqdimot yordamida tushuntirib berdilar.
So‘ng ustoz qorilardan Abdulhakim Matqulov Hasanxon Yahyo Abdulmajidni mus'hafning yangi nashri bilan qutlab, kelgusi ilmiy faoliyatlariga baraka tiladilar.
Kelgan mehmonlarga nashriyotning esdalik sovg‘alari ulashildi.
Ahmad Rizo qori va Abdulbosit qori Qobilovning tilovatlari hamda Abdulhakim qori Matqulovning xayrli duolari bilan tadbir nihoyasiga yetdi.
@hilolnashr