Bismillahir Rohmanir Rohiym
Molik ibn Dinor rahimahulloh bunday hikoya qiladi:
Men Ka’ba atrofida tavof qilayotgan edim. Haj va umra qilayotgan ziyoratchilarning ko‘pligi meni hayratga soldi. Shunda o‘zimcha: «Kimni haji qabul qilindi ekan, borib uni tabriklasam? Kimniki rad etildi ekan, uni taskin bersam», — deb o‘yladim.
Tun bo‘ldi va tushimda bir ovoz: — Ey Molik ibn Dinor! Sen haj va umrachilar haqida so‘raysanmi? Alloh ularning barchasini gunohlarini kechirdi – kattayu kichik, erkagu ayol, qorayu oq ranglisini ham. Lekin bitta odam borki, uning hajini Alloh rad etdi, qabul qilmadi. U odamdan Alloh taolo qattiq g‘azablangan, — dedi.
Bu tush menga qattiq ta’sir qildi. Men butun kecha g‘amga botdim va o‘sha gunohkor odam men emasmanmi, deb xavotir oldim.
Keyingi kecha tushimda yana o‘sha ovozni eshitdim. Lekin bu gal: — U sen emassan, u odam Xurosondagi Balx shahridan. Ismi Muhammad ibn Horun Balxiy, — deyildi.
Ertasi kuni Xuroson qabilalariga borib, Muhammad ibn Horun haqida so‘radim. Ular hayajon bilan: — Voy, sen qanday yaxshi odam haqida so‘rayapsan! U Xurosondagi eng dindor, taqvodor va Qur’onni ko‘p o‘qiydigan insonlardan biri, — deyishdi.
Bu gaplar mening tushimga zid kelardi. Shuning uchun men uni topishni istadim.
— U qirq yildan beri kunduzi ro‘za tutadi, tunlari namoz o‘qiydi va faqat xarobalarda yashaydi. Biz uni Makkaning xarobalarida deb o‘ylaymiz, — deyishdi.
Uni qidirib xarobalarga bordim. Bir payt uni bir devor ortida ko‘rdim. U namoz o‘qib turgan edi. Uning o‘ng qo‘li bo‘yniga bog‘langan, ikki oyog‘iga esa ulkan kishanlar bog‘langan edi.
Mening qadamlarimni eshitib: — Kimsan? - dedi.
— Men Molik ibn Dinorman, — dedim.
— Ey Molik, nima uchun kelding? Agar tush ko‘rgan bo‘lsang, menga aytib ber, — dedi.
Men hijolat bo‘lib: — Aytishdan hayo qilaman, — dedim.
— Yo‘q, menga aytishing kerak, — dedi.
Men tushimni aytib berdim. U uzoq va qattiq yig‘ladi va: — Men oldin juda ko‘p aroq ichar edim. Bir kuni do‘stim bilan mast bo‘lib, uyga qaytdim. Onam tandirda non pishirayotgan edi. Mening mastligimni ko‘rib, menga ovqat olib keldi va: «Bugun Sha’bonning oxirgi kuni. Ertaga Ramazon! Hamma ro‘za tutadi, sen esa mast holda yuribsan! Allohdan uyalmaysanmi?» — dedi.
Mast holda onamni urib yubordim. U menga: «Baloga yo‘liq!» — dedi. Bu so‘zlar mening g‘azabimni keltirdi. Mastlikda uni ko‘tarib, qizib turgan tandirga tashladim. Xotinim buni ko‘rib, meni xonaga qamab qo‘ydi. Tun oxirida mastligim tarqadi. Xotinimdan eshikni ochishni so‘radim. U menga qattiq javob qaytardi. — Nega bunday qilasan? — dedim. — Bu senga oz! — dedi. — Nega? — Onangni o‘ldirding! Uni tandirga tashlab yubording, u yonib ketdi! - dedi.
Men tandirga chiqdim va onamning to‘liq yonib ketganini ko‘rdim.
Shundan keyin butun mol-mulkimni sadaqa qildim, qullarimni ozod qildim. Qirq yildan beri kunduzi ro‘za tutib, kechalari namoz o‘qiyman. Har yili haj qilaman. Har yili senga o‘xshagan bir zot men haqimda shunday tush ko‘radi.
Men uning yuziga qo‘llarimni silkidim va: — Ey badbaxt odam! Sen otashing bilan butun jahonni yoqib yuborishing mumkin edi! — dedim-da, u yerdan ketdim.
Biroq u mening ketishimni his qilib, duo qilardi: — Ey g‘amlarni ketkazuvchi, mushkullarni oson qiluvchi Alloh! Menga rahm qil!
Uyga borib uxladim. Tushimda yana o‘sha ovoz eshitildi: — Ey Molik! Odamlarni Allohning rahmatidan umidsiz qilma! Alloh taolo malaul a’lodan Muhammad ibn Horunga nazar soldi, uning duosini qabul qildi va uning gunohlarini kechirdi. Uning huzuriga borib ayt: Qiyomat kuni Alloh hamma maxluqotni yig‘adi. Zulm qilingan hayvonlarga ham haqi olib beriladi. Onasi bilan uni ham bir yerga jam qiladi va onasining haqini undirib, unga otashidan tottiradi. Keyin esa uni onasi uchun afv etadi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.