Bismillahir rohmanir rohim
Insoniyat azal-azaldan jamoa bo‘lib yashab kelgan. Har bir inson boshqalar bilan hamkorlikda hayot kechirishi, muloqot qilishi va munosabat o‘rnatishi tabiiy hodisadir. Dini, irqi, millati yoki tilidan qat’i nazar, har bir inson o‘zining boshqa birodarlari bilan tinch-totuv hayot kechirishga muhtoj. Islom ta’limotida barcha insonlar Odam Ato (a.s.) va Havvo (a.s.)ning farzandlari ekanligi ta’kidlanadi, bu esa ular o‘rtasida birodarlik aloqalarining tabiiyligini ko‘rsatadi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ
“Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Bu oyatda insonlarning xilma-xilligi tabiiy bir hikmat ekanligi va bu farqlar fitratga zid emasligi bayon etilmoqda. Shuning uchun har bir inson, u qaysi din va millatga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, insoniylik jihatidan hurmatga loyiqdir.
Islom dini insonlarni o‘zaro birodar deb biladi va ularning huquqlarini himoya qilishga buyuradi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘z hadislarining birida shunday marhamat qiladilar: "Hech biringiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsasini birodari uchun ham yaxshi ko‘rmagunicha haqiqiy mo‘min bo‘la olmaydi" (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Bu hadisdan ma’lum bo‘ladiki, haqiqiy iymon sohiblari nafaqat o‘zlari uchun, balki boshqa insonlar uchun ham yaxshilik tilashlari kerak. Agar insoniyat o‘zaro muhabbat, tinchlik va bag‘rikenglikka asoslangan munosabat o‘rnatsa, dunyoda fitna-fasod, adovat va urushlar kamayadi.
Islom dini boshqa din vakillari bilan bilan tinchlik va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatda bo‘lishga buyuradi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Madinaga hijrat qilganlarida u yerdagi turli din vakillari – musulmonlar, yahudiylar va boshqa diniy guruhlar bilan tinch-totuv yashash uchun "Madina hujjati" deb nomlangan shartnomani imzolaganlar. Bu hujjat musulmonlar va boshqa diniy guruhlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solgan. Qur’oni karimda shunday marahamat qilingan:
لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ
“Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (Mumtahina surasi, 8-oyat).
Bu oyatdan ko‘rinib turibdiki, musulmonlar boshqa din vakillari bilan adolat va yaxshilik asosida muomala qilishlari kerak.
Islom dini ta’limotida dinlararo muloqot va hamkorlik quyidagi asoslarga tayanishi bayon etilgan:
1.O‘zaro hurmat va bag‘rikenglik – Har bir inson o‘z diniga amal qilish huquqiga ega. Ayni paytda o‘zgalarni dinga majburlash mumkin emas. Qur’onda shunday deyiladi:
لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَدْ تَبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ
“Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi” (Baqara surasi, 256-oyat).
2.Adolat va tenglik – Barcha insonlarga adolatli munosabat ko‘rsatilishi lozim. Qur’oni karimda aytiladi:
إِنَّ اللَّهَ يَأْمُرُكُمْ أَنْ تُؤَدُّوا الْأَمَانَاتِ إِلَى أَهْلِهَا وَإِذَا حَكَمْتُمْ بَيْنَ النَّاسِ أَنْ تَحْكُمُوا بِالْعَدْلِ إِنَّ اللَّهَ نِعِمَّا يَعِظُكُمْ بِهِ إِنَّ اللَّهَ كَانَ سَمِيعًا بَصِيرًا
“Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
3.Do‘stona muloqot va hamkorlik – Dunyoda tinchlik va hamjihatlikni saqlash uchun dinlar o‘rtasida muloqot bo‘lishi zarur. Tarixdan ma’lumki, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) nasroniylar bilan hurmat asosida do‘stona munosabat qilganlar. Najron nasroniylari bilan muloqotda bo‘lib, ularga himoya va kafolat berganlar. Shuningdek, Xalifa Umar ibn Xattob (r.a.) Quddusga kirganlarida nasroniylarning ibodatxonalarini hurmat qilib, ularni himoya qilishga va’da berganlar.
Ma’lumki, 2019 yil 4 fevralda Papa Fransisk va Al-Azhar shayxi Ahmad Mhammad Toyyib Abu-Dabida "Insoniy birodarlik hujjati"ni imzolab, dinlararo hamkorlikni targ‘ib qildilar. Turli xalqaro tashkilotlar va davlatlar diniy bag‘rikenglik va hamkorlikni rivojlantirishga harakat qilmoqda. Bularning barchasi, hozirgi zamonda ham dunyoda tinchlik va hamjihatlikni saqlash uchun dinlararo muloqot naqadar zarur ekanligini ko‘rsatmoqda.
Alloh taolo Qur’oni karimda barcha insonlarni tinchlik ishiga yoppasiga kirishishga chaqirgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ
“Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).
Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot nafaqat axloqiy, balki diniy burch hamdir. Barcha insonlar tinchlik va hamjihatlikni saqlashga intilishi, bir-birini hurmat qilishi va adolatli munosabatda bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining
birinchi o‘rinbosari
Homidjon qori Ishmatbekov
Abu Usmon Nahdiydan, u esa Hanzala Usaydiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Hanzala Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yozuvchilari (kotiblari)dan biri edi, bunday deydi: Abu Bakr roziyallohu anhu menga yo‘liqib qoldilar va: — Ey Hanzala, ahvoling qanday? — deb so‘radilar.
Men u kishiga javoban: — Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim. Abu Bakr hayron bo‘lib: — Subhanalloh! Bu nima deganing? — dedilar.
Men: — Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lganimizda, u zot bizga do‘zax va jannat haqida zikr qilib, eslatadilar. Shundayki, biz ularni xuddi ko‘z bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin, u zotning huzurlaridan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchiligimiz bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, - dedim.
Abu Bakr roziyallohu anhu: — Allohga qasamki, biz ham xuddi shunday holatni boshdan kechiramiz! - dedilar. Shunda men va Abu Bakr roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik.
Men: — Yo Allohning Rasuli, Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: — Bu nima deganing? - deb so‘radilar.
Men: — Yo Allohning Rasuli, biz sizning huzuringizda bo‘lganimizda, siz bizga do‘zax va jannat haqida eslatasiz, shu darajadaki, biz ularni xuddi ko‘zimiz bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin sizning huzuringizdan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, dedim.
Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: — Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar mening huzurimda bo‘lganingizdek holatingizni uzluksiz davom ettiradigan bo‘lsangiz, farishtalar yotoqlaringizda va yo‘llaringizda sizlar bilan ko‘rishib, salomlashib yurar edilar. Lekin, ey Hanzala, (har narsaning) o‘ziga yarasha vaqti bor (Bu so‘zni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uch marta takrorladilar) (Imom Muslim rivoyati).
Hadisdan olinadigan xulosa:
Odamning ba’zi vaqtlarda Allohning zikri va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi, ba’zi vaqtlarda esa o‘zining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlashi tabiiy holdir. Bu uning munofiqligiga dalolat qilmaydi. Shuning uchun, ushbu hadisdan noto‘g‘ri xulosa chiqarib, uni gunohlarga yo‘l berish bahonasiga aylantirish mumkin emas.
Hadisdagi ma’no shundan iboratki, musulmon kishi ibodat qilishi bilan birga, vaqti-vaqti bilan tanasiga hordiq berishi va halol narsalardan bahramand bo‘lish huquqini ham ado etishi kerak.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV