Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Fevral, 2025   |   7 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:09
Quyosh
07:29
Peshin
12:42
Asr
16:04
Shom
17:49
Xufton
19:03
Bismillah
06 Fevral, 2025, 7 Sha`bon, 1446

Nafsni poklash ilmiga ehtiyojingiz bor

4.02.2025   1941   3 min.
Nafsni poklash ilmiga ehtiyojingiz bor

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

«O‘zgarmas hukmlar» nima degani? Haqiqatda ham fiqhda ixtiloflar ko‘p. Lekin shunday masalalar borki, ularga barcha ittifoq qiladi, bir hukmga ijmo’ qiladi. Bunday masalalarda tafovutni, ixtilofni qabul qilmaymiz. Ularda faqat va faqat yagona fikr, yagona hukm bo‘ladi. Fiqhning ustunlik siri ham aynan shunda: unda ikki jihat bor. Birinchi jihat – fiqhning universalligi, moslashuvchanligi bo‘lsa, ikkinchi jihati – ko‘plab masalalarda sobitligi, o‘zgarmasligidir. Agar biz mana shu moslashuvchanlikni va ixtilofni butkul tark qilsak, yuqorida ko‘rganimizdek, katta muammolarga duch kelamiz. Ikkinchi jihatni, ya’ni sobitlik va o‘zgarmaslikni tark qilsak, boshqa bir muammoga duch kelamiz. Mana, tahallul yo‘nalishida o‘zgarmas hukmlar degan tushuncha umuman yo‘q. Birinchi toifa hech qanday ixtilofni qabul qilmay, hamma narsaga tashaddud bilan yondashadi, o‘ziga muxolif bo‘lganlarni adashganga, kofirga chiqaradi, mazhablarni ham tan olmaydi. Ikkinchi toifada esa savobitlar, ya’ni o‘zgarmas hukmlar yo‘q. Ahli sunna o‘sha sobit hukmlarni «ijmo’» deb ataydi, ya’ni hamma mazhablar bu masalalarda ijmo’ qilishgan. Biz ularni chetlab ham o‘ta olmaymiz, ularda ixtilof bo‘lishini qabul ham qilmaymiz. Birorta qozi bu kabi masalada ijmo’dan tashqarida hukm chiqarsa, uning hukmi o‘tmaydi ham. Qozining hukmi ixtilof qilingan masalalardagina o‘tadi. Tahallulchilar nazdida esa bironta sobit hukm yo‘q, shuning uchun ularda ijmo’ degan tushuncha ham yo‘q.

Masala fiqh ilmini o‘rganishning hukmi haqida. Bu yerda muhim bir bahs bor. «Fiqhni o‘rganish farzi kifoya, ba’zilar o‘rgansa, qolganlardan soqit bo‘ladi», deymiz. Lekin bu yerda bir narsaga e’tibor qaratish kerak: muayyan holatga tegishli o‘rinlarda uning fiqhini o‘rganish farzi ayn bo‘ladi, ya’ni har bir musulmon fiqhdan o‘zining holatiga kifoya qiladigan miqdorda ilm o‘rganishi shart. Masalan, tahorat, namoz, ro‘za kabi ibodatga oid masalalarni, nikoh, savdo-sotiq kabi muomalot masalalarini bilish farzi ayn. Buni ulamolar «Ilmi hol» (holat ilmi) deb atashadi, ya’ni sizga hozirgi holatingizda o‘rganish shart bo‘lgan ilm, degani. Shunga ko‘ra, farzi ayn sifatida o‘rganishimiz eng kerak bo‘lgan ilm fiqh ilmi bo‘ladi.

Ilmi hol farzi ayn bo‘lgan ilm sifatida yuqoridagi mavzuda zikr qilingan uchala ilmga ham taalluqlidir: o‘zingizga yetarli miqdorda fiqh ilmiga, o‘zingizga yetarli miqdorda aqoid ilmiga hamda o‘zingizga yetarli miqdorda tazkiya va tarbiya (nafsni poklash, tarbiya qilish) ilmiga ehtiyojingiz bor. Tazkiya deganda, ixlosga intilish, masalan, g‘iybat va chaqimchilikdan saqlanish kabilar tushuniladi. Bularning hammasi ilmi holga kirib ketadi. Bu uchala ilmdagi barcha ma’lumotlarni emas, balki musulmon odamga ayni vaqtda, shu bugun kerak bo‘lib turgan qismini bilish farzi ayndir.

Xo‘sh, bu nima degani? Ahli sunna sifatida biz duch kelayotgan eng katta muammolardan biri mana shu ilmi holning yo‘qolib borayotganidir. Unga erishishning eng zaruriy yo‘li esa dinni o‘rgatishdir. Dinni o‘rgatish deganda, ilmi holni o‘rgatib, musulmonlar orasida yoyishni nazarda tutyapmiz. Ba’zi odamlarni ko‘rasiz, tashqi ko‘rinishidan musulmon, lekin shariat ahkomlarini umuman bilmaydi. U boshqalardan nimasi bilan ajralib turadi? Albatta, solih amallari bilan. Solih amal esa shariatga muvofiq bo‘lishi kerak.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Sha’bonda tutiladigan nafl ro‘zaning og‘iz ochish va yopish vaqtlari, duolari

5.02.2025   1940   2 min.
Sha’bonda tutiladigan nafl ro‘zaning og‘iz ochish va yopish vaqtlari, duolari

Cavol: Sha’bon oyida ro‘za tutishni niyat qilib turibmiz. Og‘iz ochish va yopish vaqtlari va duolarini aytib yuborsangiz, iltimos.

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Darhaqiqat, ko‘plab hadisi shariflarda sha’bon oyida nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilingan. Jumladan, Oisha raziyallohu anhodan quyidagicha rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sha’bon oyini juda ham kam (holatlarda) ro‘zasiz o‘tkazardilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 

Usoma ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Bir kuni men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bunday savol berdim: “Yo Rasululloh, men (Ramazondan tashqari) biror oyda sha’bondagidek ro‘za tutganingizni ko‘rmadim?” Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bu shunday oyki, odamlar rajab bilan ramazon o‘rtasida vaqt – sha’bondan g‘aflatda qolishadi. Bu oyda amallar Robbil olamiynga ko‘tariladi. Shunday ekan, men amalimni o‘zim ro‘zador holimda ko‘tarilishini yaxshi ko‘raman", dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Nafl ro‘za tong otgandan quyosh botgunga qadar tutiladi. Havo bulutli bo‘lmaganda ko‘zimiz bilan ham tong otishi va quyosh botishini bila olamiz. Bulutli kunlarda esa  tong otishi yoki quyosh botishini aniqlash qiyin bo‘lsa, namoz vaqtlarini ko‘rsatuvchi taqvimdan foydalansa ham bo‘ladi. Taqvimda “Tong” deb ko‘rsatilgan vaqt og‘iz yopishning oxirgi vaqti sanaladi. O‘sha vaqtdan keyin yeb-ichilsa, ro‘za durust bo‘lmaydi. Lekin saharlikda uxlab qolgan odam hech narsa yeb-ichmasdan ham nafl ro‘zani niyat qilib, ro‘za tutishi mumkin. “Shom” deb ko‘rsatilgan vaqt esa og‘iz ochish vaqtidir. Undan avval og‘iz ochib yuborilsa, kuni bo‘yi tutilgan ro‘za buzilgan sanaladi.

Nafl ro‘zaning aksar hukmlari farz ro‘zanikiga o‘xshaydi, faqat niyatda “Tong otgandan toki quyosh botgunga qadar nafl ro‘za tutishni niyat qildim”, deyiladi. Og‘iz yopishda maxsus duo yo‘q, u paytda yuqorida aytilgandek, o‘zbek tilida ham  niyat qilsa, bo‘ladi. Iftorlik (og‘iz ochish) duosi quyidagicha:

اَللَّهُمَّ لَكَ صُمْتُ وَبِكَ آمَنْتُ وَعَلَيْكَ تَوَكَّلْتُ وَعَلَى رِزْقِكَ أَفْطَرْتُ، فَاغْفِرْلِى مَا قَدَّمْتُ وَمَا أَخَّرْتُ

O‘qilishi: “Allohumma laka sumtu va bika amantu va a’layka tavakkaltu va a’laa rizqika aftortu, fag‘firliy ma qoddamtu va maa axxortu”.

Ma’nosi: Allohim, ushbu ro‘zamni Sen uchun tutdim, Senga iymon keltirdim, Senga tavakkal qildim va bergan rizqing bilan iftor qildim. Mening avvalgi va keyingi gunohlarimni mag‘firat qilgil. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Fatvo markazi

Maqolalar