Ustoz xattaxtaga 1 raqamini yozdi va o‘quvchilarga qarab: “Bu sizning insoniyligingiz”, dedi. So‘ng 1 raqami yoniga 0 raqamini yozib: “Bu sizning boyligingiz” dedi. Yana bir 0 yozar ekan: “Bu sizlarning martabangiz”, dedi.
Ustoz shu zayl raqamni yiriklashtirib borarkan, inson hayotda erishishi mumkin bo‘lgan yutuqlarni sanardi. Keyin esa... Boshlanishdagi 1 raqamini o‘chirib tashladi. Xattaxtada hech bir qiymatga ega bo‘lmagan nollar qoldi. Shunda ustoz shogirdlariga: “Agar sizda insoniylik bo‘lmas ekan, qolgan yutuqlarning bari hech bir qiymatga ega bo‘lmaydi”, dedi.
Qissadan hissa shuki, hayotning o‘zi bir darsxona. Birini ko‘rib fikr qil, birini ko‘rib shukr qil, degan naql bejiz aytilmagan. Alloh bizga bergan umrni O‘zi rozi bo‘ladigan, boshqalarga naf keltiradigan, dunyo va oxiratda foydali bo‘lgan ishlarga sarflaylik.
Akbarshoh Rasulov
Bugun Samarqand viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi boshchiligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining yangi nashrdan chiqqan “Inson qadri” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan tuman va shahar bosh imom-xatiblari, faol imom-xatiblar hamda otinoyilar ishtirok etdi. Taqdimot Qur’oni karim tilovati bilan boshlanib, kitobning mazmun-mohiyati, inson qadrini ulug‘lash, ma’naviy tarbiya va jamiyatdagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir yakunida “Inson qadri” kitobi viloyat hududidagi 288 ta masjidga tarqatildi hamda uni diniy-ma’rifiy ishlar jarayonida keng foydalanish tavsiya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyat vakilligi Matbuot xizmati