Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Mart, 2025   |   15 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:35
Peshin
12:37
Asr
16:43
Shom
18:33
Xufton
19:45
Bismillah
15 Mart, 2025, 15 Ramazon, 1446
Yangiliklar

100 mingta noyob kitobdan foydalanish imkoniyati yaratildi

05.02.2025   11687   6 min.
100 mingta noyob kitobdan foydalanish imkoniyati yaratildi

Bugun Malayziya Islom san’ati muzeyida ikki tomonlama madaniy aloqalarni mustahkamlash va islom sivilizatsiyasini o‘rganishda ilmiy hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan "Madaniy meros: O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ko‘prik" mavzusidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 
 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan tadbirda Malayziyaning eng yirik "Al-Buxoriy" jamg‘armasi, Malayziya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islomni anglash instituti, Malayziya Islom madaniyati instituti, Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti, Islom fanlari universiteti, Xalqaro islom universiteti hamda boshqa yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbati davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohada, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar taqdim etildi. Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy markazlar faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar e’tiboriga ushbu ilmiy muassasalar faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus hujjatli filmlar namoyish etildi. Shuningdek, Malayziya ilmiy jamoatchiligiga O‘zbekiston Prezidentining "Malayziya islom san’ati muzeyi" kitob-albomiga yozgan so‘zboshisi taqdim etildi.


Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimoti bilan tanishgan davra suhbati ishtirokchilari O‘zbekiston Prezidentining ushbu markazni tashkil etish tashabbusini yuqori baholadilar. Olimlar mazkur loyiha yoshlarni ma’rifatparvarlik ruhida tarbiyalash va tinchliksevar islom qadriyatlarini targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Tadbir doirasida maxsus deklaratsiya ham qabul qilindi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning Islom sivilizatsiyasi markazida xalqaro olimlar va tadqiqotchilarning ishlashi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirildi. Ushbu muhim qadam islom merosi yo‘nalishidagi yetakchi mutaxassislar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, Markaz muzeyini boyitish, shuningdek, O‘zbekiston va jahon hamjamiyati o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan.


Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti (Malayziya) O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Davra suhbatining asosiy qarorlaridan biri ikki mamlakatning islom sivilizatsiyasini o‘rganishga ixtisoslashgan yetakchi tadqiqotchilari va ekspertlarini birlashtiradigan qo‘shma O‘zbekiston-Malayziya ilmiy jamiyatini tashkil etish bo‘ldi.
 

Tashkilotga O‘zbekiston tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi, Malayziya tomonidan esa Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti rahbarlik qiladi. Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishi arafasida bo‘lib o‘tadi. Jamiyatning asosiy vazifalariga qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va nashrlar, ta’lim va madaniy tashabbuslarni tashkil etish, akademik tajriba va resurslar almashish, shuningdek, islom merosi masalalari bo‘yicha xalqaro muloqotni rivojlantirish kiradi. Jamiyatning kordinatorlari etib O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori – doktor Firdavs Abduxoliqov va Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti direktori – doktor Abdulaziz Bergut saylandi.

O‘zbekiston Prezidentining islom madaniyatini asrab-avaylash va buyuk allomalar merosini o‘rganishga qo‘shgan hissasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Malayziya tomoni o‘zbekistonlik tadqiqotchilarga 100 000 dan ortiq qo‘lyozma va nodir nashrlardan elektron foydalanish imkonini beruvchi maxsus sertifikat taqdim etdi. Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi xalqaro instituti kutubxonasining sertifikati va raqamli kaliti O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktoriga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlariga ham ruxsat berildi.

Davra suhbati davomida O‘zbekiston tomoni ikki tomonlama ilmiy, ta’lim va madaniy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, Malayziya Islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy nomidagi xalqaro markazlar o‘rtasida radikalizmning oldini olish bo‘yicha maxsus dastur doirasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish taklif etildi. Madaniyat sohasidagi tashabbuslar Malayziya Islom san’ati muzeyida O‘zbekistonning tarixiy yodgorliklari va topilmalariga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etishni, shuningdek, mamlakatning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish maqsadida Malayziyaning diniy va ta’lim tashkilotlari vakillari, jurnalistlar va jamoat arboblari uchun O‘zbekiston bo‘ylab mediatur o‘tkazishni o‘z ichiga oladi. Ta’lim sohasida malayziyalik olimlarni Imom Buxoriy va Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyalar dasturlariga jalb etish, shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Malayziya xalqaro islom universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturini ishlab chiqish, jumladan, Visiting Professor dasturi bo‘yicha o‘zbekistonlik o‘qituvchilarning Malayziya oliy o‘quv yurtlarida ishtirokini ta’minlash taklif qilindi. Ilmiy sohada Malayziya Islom madaniyati instituti va Imom Buxoriy nomidagi markaz o‘rtasida musulmon olimlarining tibbiyot sohasidagi ilmiy merosini o‘rganish va qayta tiklash hamda Imom Buxoriy merosini tadqiq etish taklif etildi. Bundan tashqari, ma’naviy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida malayziyalik dindorlarga O‘zbekistondagi Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband bilan bog‘liq muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish imkonini beruvchi "Umra plyus" maxsus ziyorat dasturini ishga tushirish taklif etildi.
 

Tadbir doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) hamda O‘zbekiston ilmiy markazlari tomonidan nashr etilgan kitoblar va faksimile nashrlarning noyob ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Taqdim etilgan nashrlar davra suhbati ishtirokchilarining chuqur qiziqishini uyg‘otdi. Ilmiy va madaniy hamkorlikni mustahkamlash ramzi sifatida kitoblar to‘plami Malayziyaning hamkor tashkilotlari kutubxonalariga, jumladan, Xalqaro islom tafakkuri va sivilizatsiyasi instituti, Malayziya Islom madaniyati instituti va boshqa muassasalarga sovg‘a qilindi. 


Davra suhbati yakunida ishtirokchilar Malayziya Islom san’ati muzeyidagi o‘zbek madaniy merosi ekspozitsiyasini ziyorat qilishdi. Tadbir mehmonlari O‘zbekistonning boy merosini aks ettiruvchi noyob tarixiy ashyolar bilan tanishib, muzeyning doimiy ekspozitsiyasini ham ko‘zdan kechirishdi. Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumining 58-jildi aynan Malayziya Islom san’ati muzeyi to‘plamlariga bag‘ishlangan. 

Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati


 

100 mingta noyob kitobdan foydalanish imkoniyati yaratildi 100 mingta noyob kitobdan foydalanish imkoniyati yaratildi 100 mingta noyob kitobdan foydalanish imkoniyati yaratildi 100 mingta noyob kitobdan foydalanish imkoniyati yaratildi 100 mingta noyob kitobdan foydalanish imkoniyati yaratildi
Boshqa maqolalar

Alloh bergan ne’matlariga javob bunday bo‘lmaydi

14.03.2025   2074   3 min.
Alloh bergan ne’matlariga javob bunday bo‘lmaydi

Alloh taolo sizga ato etgan ne’matlarini ich-ichingizdan e’tirof eting. Alloh taoloning ne’matlarini tilga chiqarish orqali unga shukr qiling. Bu Zuho surasining 11-oyatida o‘z tasdig‘ini topgan: «Parvardigoringizning (sizga ato etgan barcha) ne’mati haqida esa (odamlarga) so‘zlang!».

Allohga bo‘lgan muhabbatingizni yangilab turing! Bu ne’matlarni ato etgan Zot xush ko‘rmagan yo‘llarga sarflamang. Tilingizga Allohning zikrini, a’zolaringizga esa toatlarini joriy qiling. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim shu “Allohumma maa asbaha biy min ne’matin fa minka vahdak, laa shariyka lak, fa lakal hamdu va lakash shukr” degan duoni tong otgan paytda aytsa, shu kunning shukrini ado etibdi. Kechda ham shuni aytib duo qilsa, o‘sha kechning shukrini ado etibdi”, deya ko‘p bora takrorlaganlar. Ushbu ne’matlarni Allohga ma’siyat bo‘ladigan yo‘lda ishlatmang.

Ibn Munkadir bir qizning boshini aylantirib turgan yigitning oldidan o‘ta turib: “Ey o‘g‘lim, Alloh senga bergan ne’matlariga javob bunday bo‘lmaydi?” – dedilar.

Alloh taolo sizga sog‘ligu yoshlik ne’matini berib, sizni shu ne’mat bilan siylasa-yu, siz U Zotga ma’siyat, gunoh bilan javob qaytarasizmi?! Bir o‘ylab ko‘rgin-chi, siz haqiqiy shukr qiluvchi bandamisiz?! Siz Allohga muhabbat qo‘yguvchimisiz?! Siz Allohning ne’matlarini e’tirof etguvchimisiz?! Shukrning ta’siri sizning qalbingiz va a’zolaringizda aks etadimi? Yana muomalangiz hamda xulq-atvoringizda namoyon bo‘ladimi?!

Imom Mubarrad aytadilar:

Ne’matga shukr etsam, bu ham bir ne’mat,
Shukrga shukrona vojibdir asli.
Hech kimsa topmagay o‘zicha, albat,
Yetgan shukrona ham Allohning fazli.

Bu to‘rtlikning ma’nosi quyidagicha: Alloh taoloni maqtash faqat O‘zining tavfiqi orqaligina bo‘ladi. Sizni O‘ziga shukr qilishdek ishga muvaffaq aylagani uchun ham Alloh taologa maqtov yo‘llashingiz zarur.  Birinchi hamd uchun hamd aytish vojib bo‘lganidek, ikkinchisi uchun  ham hamd aytish lozim bo‘ladi. Bu esa nihoyasiz davom etaveradi.

Abul Atohiya juda chiroyli bir gap aytgan ekanlar:

Shukring ziyoda bo‘lmasa har ne’mati birla,
O‘zingni aslo shokirlardan deb bilma!

Alloh taolo Ibrohim surasining 7-oyatida aytadi: «...Qasamki, agar sizlar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...».

Ulug‘lardan biri: “Qalblar tabiatan kim unga yaxshilik qilsa, o‘shani yaxshi ko‘radigan qilib yaratilgan. Allohnigina muhsin ekanini bilgan kishi naqadar ajablanarli, nima sababdan u o‘shal Zot tarafiga butun vujudi bilan intilmaydi?!”.

Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh duolarida bunday der edilar: “Robbim! Men Sening ne’matlaringni kufrga almashtirib qo‘yishim, ne’matlaringni tanigach, unga nonko‘rlik qilishim yoki ularni unutib, maqtamay qo‘yishimdan panoh so‘rayman”.


Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.