Xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya Iordaniya Hoshimiylar podshohligida bo‘lib qaytishdi.
Safar davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov Iordaniya Bosh muftiysi doktor Ahmad Ibrohim Hasan al-Hasanot bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Unda bugungi global va tez o‘zgaruvchan dunyoda diniy sohada ham bir qator tezkor savollar paydo bo‘layotgani, dinni noto‘g‘ri tushungan shaxslar, mutaassib guruhlar tomonidan asossiz fatvolar tarqatilayotgani, shu bois musulmon olamidagi sog‘lom dunyoqarash sohiblari bo‘lgan olimlar o‘zaro hamkorlikda ishlashlari va dolzarb savollarga hamkorlikda javob berishlari kerakligi ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, ikki mamlakat fatvo markazlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish va memorandum imzolash, kelajakda o‘zaro tajrbia almashish borasida kelishib olindi.
***
Vaqf, islom ishlari va muqaddas qadamjolar vaziri Muhammad Ahmad al-Xaloyila bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Vazirlik o‘rtasida hamkorolik o‘rnatish, ikki mamlakatdagi diniy soha xodimlarining malaka oshirish markazlari o‘rtasida rasmiy aloqalar o‘rnatish, Vaqf tajribasini o‘rganish, O‘zbekistonlik mutaxassislar uchun qisqa muddatli o‘quvlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
***
Shuningdek, tashrif asnosida 2004 yilda Qirol taklifi bilan tayyorlangan va e’lon qilingan «Ammon tashabbusi» xalqaro bayonoti ham o‘rganildi. Mazkur bayonot diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va mutaassiblikka qarshi kurashish kabi masalalarni o‘z ichiga qamrab olgan bo‘lib, hozirda u tarjima qilishga taqdim etildi.
***
Qirol Abdulloh II nomidagi Imomlar tayyorlash va malakasini oshirish markazi mudiri doktor Abdusattor Muhammad al-Quzo bilan uchrashildi. Qirol tashabbusi bilan 2007 yilda tashkil qilingan markazda mamlakatdagi 8.000 dan ortiq masjid uchun imom va muazzinlar tayyorlanadi va malakasi oshirib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va boshqa maqsadlarda borgan yurtdoshlarimiz bilan samimiy muloqot qilish, ular bilan dildan gaplashish, ma’rifiy suhbatlar qilib berish maqsadida ayni kunlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov mazkur mamlakatda bo‘lib turibdi.
Dastlab Moskva viloyati Odinsovo shahridagi "Monotek" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish shirkatida ishlayotgan vatandoshlarimiz bilan, so‘ngra Moskva shahridagi "AntYapi" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish firmasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan samimiy muloqot qildi.
Vatandoshlarimiz ma’rifiy suhbatlar asnosida Abduqahhor domladan o‘zlarini qiziqtirgan diniy va boshqa mavzulardagi savollarga atroflicha javoblar oldi.
Bosh imom vatandoshlarimizga qayerda bo‘lsa ham yurtimiz sha’nini baland tutishni, aqidasi buzuq har xil oqimlarga qo‘shilib qolmaslik zarurligini alohida ta’kidladi.
Xizmat safari Sankt-Peterburg shahrida davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati