O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif doirasida Malayziya Islom san’ati muzeyiga tashrif buyurdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu majmua mamlakatning eng yirik muzeylaridan biri hisoblanadi. U 1998 yilda tashkil etilgan.
Muzey an’anaviy islom me’morchiligi uslubida barpo etilgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyodni tashkil etadi.
Bino gumbazining ichki qismini bezash va restavratsiya ishlarida o‘zbekistonlik ustalar ishtirok etgan.
Bu yerda 10 mingdan ortiq islom san’ati namunalari saqlanmoqda. Doimiy ekspozitsiyada Qur’on qo‘lyozmalarining noyob to‘plami, sopol va qimmatbaho buyumlar, qurol-yarog‘ namunalari va inshootlar maketlari, taqinchoqlar, tangalar va boshqa ashyolar namoyish etilmoqda.
Muzey fondida zamonaviy O‘zbekiston hududida turli tarixiy davrlarda yaratilgan 200 ga yaqin noyob eksponatlar alohida o‘rin egallaydi. Ular orasida o‘rta asrlarga oid qo‘lyozmalar, zargarlik buyumlari, mashhur abr matolari va kiyim namunalari, Sharq Renessansiga oid kulolchilik buyumlari mavjud.
Davlatimiz rahbari eksponatlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish va ko‘rgazmalar tashkil etish, ilmiy va madaniy almashinuvni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
President.uz
“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida ko‘chat ekib, yashillik yaratish ko‘lami kengaydi. Poytaxtimizning Bektemir tumanida yana bir boqqa asos solindi.
Prezidentimiz davlat tashkilotlari va jamoatchilik vakillari bilan birga bu yerda ko‘chat ekdi.
Iykota, Majnuntol, Zilola, Rohat va Iqbol mahallalari orasidagi bu hudud avval qarovsiz joy edi. Elning birligi bilan yana bir yashil makon, aholi hordiq chiqaradigan park paydo bo‘lmoqda. Uch gektarlik hududga o‘rmon konsepsiyasi asosida uch ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Ularning sug‘orilishi va parvarishiga mas’ullar biriktirildi.
Mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan samimiy muloqot bo‘ldi. Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillariga ushbu xayrli tashabbusga hissa qo‘shayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Barchani kirib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.
Prezident farmoyishi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari safarbarlik bilan olib borilmoqda.
Bahorda 125 million tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Bunda ekin joylarini to‘g‘ri tanlash, sug‘orishni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi bog‘da ekilgan ko‘chatlar ana shu ezgu amalning davomi bo‘ldi.
“Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturiga muvofiq, bu yil ko‘chatchilikka ixtisoslashgan 18 ta o‘rmon xo‘jaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, plantatsiyalar kengaytiriladi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ko‘chatlarni onlayn sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.