Kecha «Hilol Nashr» nashriyotining majlislar zalida yangi chop etilgan taroveh mus'hafining (https://hilolnashr.uz/taroveh-musxafi-27-29) taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda kitobni nashrga tayyorlagan ustoz Hasanxon Yahyo Abdulmajid qori, Abdulhakim qori Matqulov va bir qancha qorilar mehmon bo‘ldilar.
Suhbat avvalida ustoz Erkin Malik Hasanxon Yahyo Abdulmajidni yangi kitob bilan tabriklab, tadbirni ochib berdilar. Keyin esa Hasanxon qori Qur’oni Karimning mus'haf holiga keltirilishi, juz, hizb kabi qismlarga bo‘linishi, taroveh mus'hafining tayyorlanish jarayoni va unda ishlatilgan belgilar haqida so‘zlab berdilar.
So‘ng an’anaga ko‘ra, kitobxonlar bilan savol-javob o‘tkazilib, to‘g‘ri javob topganlarga taqdimoti bo‘layotgan kitob − taroveh mus'hafi hadya qilindi.
Keyin Hasanxon Yahyo Abdulmajid navbatdagi xushxabar − quran.uz sahifasidagi o‘n qiroat bo‘yicha yangilik bilan o‘rtoqlashdilar. Endilikda ushbu sahifa orqali Qur’oni karimni 10 xil qiroat va 20 xil rivoyatda o‘qish va tinglash mumkinligini taqdimot yordamida tushuntirib berdilar.
So‘ng ustoz qorilardan Abdulhakim Matqulov Hasanxon Yahyo Abdulmajidni mus'hafning yangi nashri bilan qutlab, kelgusi ilmiy faoliyatlariga baraka tiladilar.
Kelgan mehmonlarga nashriyotning esdalik sovg‘alari ulashildi.
Ahmad Rizo qori va Abdulbosit qori Qobilovning tilovatlari hamda Abdulhakim qori Matqulovning xayrli duolari bilan tadbir nihoyasiga yetdi.
@hilolnashr
Uchtepa tumanidagi 193-maktabda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Ustoz Homidjon domla Ishmatbekov ishtirokida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Ushbu uchrashuvda dunyoviylik, ibodatda ko‘r-ko‘rona taqlidning salbiy jihatlari hamda ne’matlar shukri ila ziyoda bo‘lishi haqida shuningdek, farzand tarbiyasi oiladagi eng oliy qadriyat ekanligi va ota-onaning farzandlarga o’rnak va ibrat bo’lishidagi muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tildi. Ma’ruza davomida farzandlarni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash, ularni sog‘lom e’tiqodli qilib tarbiyalashdagi har bir ota-onaning o‘rni kabi muhim mavzularda ham fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir so‘ngida aholi tomonidan ijtimoiy, aqidaviy hamda mazhabsizlikning salbiy oqibatlariga doir berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi.
marifiymarkaz