Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Fevral, 2025   |   12 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:04
Quyosh
07:23
Peshin
12:42
Asr
16:10
Shom
17:55
Xufton
19:09
Bismillah
11 Fevral, 2025, 12 Sha`bon, 1446
Yangiliklar

Musulmon olamida “Qutblar qutbi” degan nom olgan avliyoni bilasizmi?

10.02.2025   4458   7 min.
Musulmon olamida “Qutblar qutbi” degan nom olgan avliyoni bilasizmi?

Vatanimiz tarixidagi 10 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
 

1490 yil (bundan 535 yil oldin) – O‘rta osiyolik mutafakkir, naqshbandiya tariqati rahnamolaridan Xoja Ahror Valiy Samarqandning Kamongaron dahasida olamdan o‘tdi (ba’zi adabiyotlarda uning vafoti sanasi turlicha keltirilgan). “Rashahot” asari muallifi Faxruddin Ali Safiyning yozishicha, hazratning joni uzilishi bilan Samarqandda qattiq zilzila bo‘lib, yerdan chang-to‘zon ko‘tarilgan. 
 

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, bu zotning asl ismi Ubaydullo bo‘lib, Ahror iborasi hur, olijanob ma’nosidagi laqabdir. Musulmon dunyosida 356 avliyo o‘tgan bo‘lib, ulardan uch nafari “Qutb ul-Aqtob” (“Qutblar qutbi”, ulug‘ darajaga yetgan avliyo) sifatida e’tirof etilgan. Shu uch zotning biri Xoja Ahror Valiy bo‘lgan. 
 

Tarixdan ma’lumki, Xoja Ahrorni bir nechta faxrli nomlar bilan atashgan. Zotan, Alisher Navoiy bu zotni “Qutbi tariqat” deb e’tirof etgan bo‘lsa, Abdurahmon Jomiy “Ka’bai maqsud” deb bilgan. Zahiriddin Muhammad Bobur esa “Hazrat Xoja Ubaydullo” deb hurmat bilan tilga olgan. 
 

1897 yil (bundan 128 yil oldin) – navoiyshunos va matnshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Porso Shamsiyev tavallud topdi (vafoti 1972 yil). U Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Majolis un-nafois”, “Mahbub ul-qulub” va boshqa asarlarining ilmiy-tanqidiy matnini nashrga tayyorlagan hamda shoir asarlarining 15 jildligini nashr etishda faol qatnashgan.
 

Porso Shamsiyev “Xamsa”ning ilmiy-tanqidiy matnini yaratib, mazkur matn yuzasidan amalga oshirilgan matnshunoslik tadqiqotlarini doktorlik dissertatsiyasi sifatida himoya etgan. U Britaniya muzeyida saklanayotgan va Abdujamilga nisbat berilgan “Tuhfat ul-salotin” asari mikrofilmini o‘rganib, uning Navoiy g‘azallaridan olingan va Abdujamil xattot tomonidan ko‘chirilgan shohbaytlar ekanini va mavzu bo‘yicha 45 faslga bo‘linganini aniqlagan. 
 

1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Xorazm respublikasi hukumatining qaroriga ko‘ra Xorazm Iqtisodiy Kengashi qayta tashkil qilindi. Iqtisodiy Kengash raisi etib A.Usmonov tayinlandi. Mazkur kengash dastlab 1921 yil mayda tashkil etilib, 1922 yil iyulda tugatilgan edi.
 

1924 yil (bundan 101 yil oldin) – Buxoro respublikasi Iqtisodiy Kengashi majlisida paxta ekiladigan maydonlarni ko‘paytirish maqsadida dehqonlarga 1 million rubl miqdorida qarz berishga qaror qilindi. Bu vazifa O‘rta Osiyo Qishloq xo‘jalik banki zimmasiga yuklatildi.
 

1939 yil (bundan 86 yil oldin) – Sirdaryo viloyatidagi Sirdaryo, Farg‘ona viloyatidagi Dang‘ara tumanlari tashkil etildi. 
 

1940 yil (bundan 85 yil oldin) – O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va O‘zbekiston hukumati “Katta O‘zbekiston traktini qurish to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo viloyatlarini kesib o‘tib, Toshkentdan Termizgacha borishi lozim bo‘lgan, xalqning kuchi bilan 1940–1941 yillarda hashar yo‘li bilan qurilgan bu trakt keyinchalik o‘z atrofidagi tumanlar iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi.
 

1943 yil (bundan 82 yil oldin) – hashar yo‘li bilan Sirdaryoning o‘rta oqimida joylashgan Farhod gidroelektr stansiyasi qurilishi boshlandi. Uning bunyod etilishi haqidagi qaror 1942 yil 18 mayda qabul qilingan edi. 1948 yilda uning birinchi gidroagregati ishga tushirilib, 1949 yil iyun oyidan o‘rnatilgan umumiy quvvati 126 MVt bo‘lgan 4 ta gidroagregatli stansiya to‘la quvvat bilan ishlay boshladi. Farhod gidroelektr stansiyasi 1951 yilda sanoat foydalanishiga qabul qilindi. 
 

Farhod gidroelektr stansiyasining qurilishi noyob arxeologik topilmalar, qadimiy yozuvlarning aniqlanishiga ham yordam bergan. Mana shunday noyob topilmalardan biri Garpokratning tosh shaklidir. Qadimda go‘daklar sog‘lig‘ini asrovchi “iloh”ni oddiygina “Bolalar xudosi” deb ataganlar. Bunday vazifani Misr “xudo”si Garpokrat ham bajargan. Misr afsonalariga ko‘ra, yer osti “xudo”si Osirisning xotini Isida o‘z o‘g‘lini Garpokrat, ya’ni “begunoh, g‘aroyib chaqaloq” deb atagan. 
 

Tarixchi A.Mirboboyevning yozishicha, Markaziy Osiyoda Garpokratning yagona tosh shakli 1947 yili Farhod gidroelektr stansiyasi qurilishi vaqtida Sirdaryodan topilgan edi. U xrizolitdan ishlangan tumorga labiga barmog‘ini tekizib turgan chaqaloq qiyofasida tasvirlangan. Mazkur obrazni qadimdan ko‘chib yuruvchi deyish mumkin. Chunki islomgacha bo‘lgan davrda bolalarning, ayniqsa, chaqaloq yoshidagilarning ko‘p o‘limi ona ayollarni kimga mansub bo‘lishidan qat’i nazar har qanday “iloh”lardan yordam so‘rab iltijo qilishlariga majbur etgan.
 

1993 yil (bundan 32 yil oldin) – Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro pochtamti tuzildi.
 

2014 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 
 

2017 yil (bundan 8 yil oldin) – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik fondi tashkil qilindi. Bu orqali Orol dengizi fojeasidan zarar ko‘rgan aholining turmush sharoitini yaxshilash va mustahkamlash dasturi amalga oshirila boshlandi.
 

2018 yil (bundan 7 yil oldin) – Isroil, Indoneziya, Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya davlatlari fuqarolari hamda O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipajining a’zolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.
 

2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida talabgorlarga fan doktori (DSc) va falsafa doktori (RhD) ilmiy darajalarini berishni tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
 

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga asosan, 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilandi.
 

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezideti “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
 

2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
 

2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

 

Alisher EGAMBЕRDIYEV tayyorladi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

TAOMLANISH  SIRLARI (3-qism)

11.02.2025   1825   22 min.
TAOMLANISH  SIRLARI (3-qism)

 TAOMLANISH  SIRLARIni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

 

     (3-qism)

ULAMOLAR  AYTADILAR-KI...

  • Taomlanish – har bir mo‘min-musulmonni qiziqtiradigan muhim mavzulardan biri.
     
  • Ovqatlanish – nafaqat jismoniy jarayon, balki qadriyatlarimiz va e’tiqodlarimizni aks ettiruvchi ibodat hamdir.
     
  • Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tomonlaridan qanday ovqatlanishimiz kerakligi to‘g‘risida kerakli va yetarli tavsiyalar berilgan. Ushbu tamoyillarga amal qilgan holda, biz nafaqat dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilamiz, balki sog‘ligimiz va farovonligimiz haqida ham g‘amxo‘rlik qilamiz.
     

Ovqatlanishning  asosiy  tamoyillari:
 

  1. Minnatdorchilik: ovqatlanishni boshlashdan oldin, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam har doim Allohga minnatdorchilik so‘zlarini aytganlar. Shuni yodda tutishimiz kerakki, har bir taom – Yaratguvchimizning marhamatidir.
     
  2. Moderatsiya: Islom ovqatlanishda me’yorni talab qiladi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam: "Qorningizning uchdan bir qismini ovqat bilan, uchdan bir qismini suv bilan to‘ldiring va uchdan birini nafas olish uchun qoldiring!", deb marhamat qilganlar. Bu ortiqcha ovqatlanishdan qochish va salomatlikni saqlashga yordam beradi.
     
  3. Tozalik: oziq-ovqat halol (ruxsat etilgan) va toza bo‘lishi kerak. Bu nafaqat din masalasi, balki tanamizga g‘amxo‘rlik qilishdir. Sog‘ligimizga zarar yetkazadigan hamda man etilgan narsalardan qochishimiz kerak.
     
  4. Birgalikda ovqatlanish: Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam birgalikda ovqatlanishni rag‘batlantirdilar. Chunki bu odamlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi hamda do‘stlik va o‘zaro tushunish muhitini yaratadi.
     
  5. Turli xillik: tanani barcha kerakli oziq moddalar bilan ta’minlash uchun turli xil ovqatlarni iste’mol qilish muhimdir.
     
  • Shariatimiz ko‘rsatmalariga rioya qilish – nafaqat diniy me’yorlarga rioya qilish, balki sog‘lom turmush tarziga ham yo‘ldir.
     
  • Keling, nima yeyayotganimizga diqqatli bo‘laylik va kundalik taomlanishimizda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olishga harakat qilaylik!..
     
  • Taomlanish avvalo yashash va zikr uchun bo‘lishi lozim.
     
  • Taomlanish paytida sharoitga qarab, imkon qadar Qiblaga yuzlanib o‘tirishlik maqsadga muvofiqdir.
     
  • Agar ovqat ilm o‘rganmoq, unga amal qilmoq va xayrli ishlarni bajarmoq niyati ila yeyilsa, ibodat o‘rniga o‘tadi.
     
  • Taom yer ekan, Alloh taoloning: «Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalarning eng pokiza bo‘lganlarini yenglar!» amriga uyg‘un xatti-harakat qilmoqlikka niyatlanmoqlik.
     
  • Taomning halol va pok bo‘lishi shart hisoblanadi.
     
  • Halol narsalarni yeyish.
     
  • Rizqni Yaratgandan deb bilish.
     
  • Uning taqsimotiga rozi bo‘lish.
     
  • Taom quvvati bilan Unga gunoh qilmaslik.
     
  • Dasturxon yozib ovqatlanish – mustahabdir.
     
  • Taomdan oldin qo‘l yuvish insonga fayz-baraka keltiradi va kishidan faqirlikni uzoq etadi.
     
  • Dasturxon atrofida jam bo‘lgan paytda taomilga ko‘ra duo qilinadi va nonlar ikki qo‘l bilan sindiriladi. Duo qilish, non sindirish – ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib kelgan eng ulug‘ qadriyatlarimizdandir.
     
  • “Bismillohir rahmonir rahim” demoqlik bilan taomlanishni boshlaymiz.
     
  • Ulug‘ ulamolarimiz: “Bismillohir rahmonir rahim”ni to‘liq aytmoqlik afzaldir, deganlar.
     
  • Dasturxonga qo‘yilgan non va ovqatlarni ayblamaslik yoki past sanamaslik ham chiroyli odoblardan biridir.
     
  • Nonni e’zozlash, uni hurmatini joyiga qo‘yish – fazilati ulug‘ va xislati beqiyos savobli amal.
     
  • Adab manbalarida nonni ehtirom qilgan kishi faqirlikdan uzoq bo‘lishi hamda nonning ushoqlarini ham isrof qilmaslikning xosiyatlari to‘g‘risida yetarlicha bayon qilingan.
     
  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni ham nonga bo‘lgan muhabbatlari boshqacha edi. U Zot: “Ey, Parvardigorim! Bizni imon va nonning lazzati ila rohatlantir!” derdilar.
     
  • Xalqimiz nonni azaldan hurmat qiladi, rizq-nasibalar orasida afzal, aziz va muqaddas deb biladi. Ota-bobolardan o‘tib kelayotgan udum, an’anaga binoan, hatto non dasturxonga teskari qo‘yilmaydi, ustiga boshqa narsalarni qo‘yishdan qaytaradilar, nondan hatlab o‘tilmaydi, agar non qo‘ldan yerga tushib ketsa, darhol uni olib, uch marta o‘pib, peshonalariga suradilar. Non ushog‘i dasturxonga tushganda, ulug‘lar bizga barmoqni ho‘llab, ushoq ustiga bosib olib, og‘izga solishni o‘rgatishgan.
     
  • Dasturxon atrofiga o‘tirishdan oldin sof suv bilan tahoratda hiloli bilan yuvilgani kabi ikki qo‘l bo‘g‘imigacha qo‘shib yuvish – dinimizdagi sunnat amallardandir.
     
  •   Odobimizda oltin, kumush idishlarda taom yeyish va ichimlik ichishdan qaytarilgan.
     
  • Taom suziladigan idish sopol yoki yog‘ochdan bo‘lmog‘i, zero bunday ovqatlanish ham lazzatli, ham salomatlikka juda foydali bo‘lib, insonni kibr va manmanlikdan uzoqlashtiradi.
     
  • Taom bilan birga dasturxonga sirka va ko‘kat keltirmoq, chunki sirka keltirilgan dasturxonda baraka ko‘p bo‘lib, faqirlikni ketkazadi.
     
  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Ey, Ali, taomni tuz bilan boshlab, tuz bilan tugating, zero tuz yetmish ikkita dardga davodir. Jumladan, junun (devonalik), juzom, baras (teri kasalligi), qorin va tish og‘rig‘i va boshqa dardlarga”, – deganlar. Shu bilan birga, tuz ochlik shiddatini pasaytirib, kam yeyishga ham sabab bo‘ladi.
     
  • Hanafiy mazhabi olimlari taomni tik turib yoki yo‘lda yurib iste’mol qilishni makruh hisoblaydilar. Bu tarzda taomlanish odob-axloq qoidalariga zid ekanligini aytadilar.
     
  • Kimki tik turib va yo yurib ovqat yeyishga odatlansa, unga muhtojlik va faqirlik eshigi ochib qo‘yiladi, umri xor-zorlikda o‘tadi, deb rivoyat kilingan.
     
  • O‘tirgan holda ichish va yeyish – mustahabdir.
     
  • Bir luqmaning 360 xizmatchisi bordir. Bu xizmatchilarning birinchisi – Mikoil alayxissalom bo‘lsalar, oxirgisi – o‘sha nonni pishirgan odamdir.
     
  • Bir burda non uchun Alloh taoloning 360 ta maxluqotlari farmonbardor bo‘lar ekan. Avval Alloh taoloning Rahmat konidan Mikoil alayhissalom suv olib chiqar, so‘ngra bulutlar, Quyosh va Oy, osmondagi boshqa farishtalar, yerda esa dexqonlar, oxiri nonvoylar xizmatda bo‘lar ekan.
     
  • Dasturxonga to‘kilgan non ushoqlarini odob va ehtirom bilan terib yemoq kerak.
     
  • Hadisi shariflarda kelishicha, dasturxondagi non va taom ushoqlarini terib yegan kishining rizqi keng bo‘lib, avvalo o‘zidan, farzand va nabiralaridan jahl va nodonlik ko‘tariladi.
     
  • Boshqa bir xabarda ushoqni tergan kishining ayshi farog‘ bo‘lib, farzandi salomat va aybsiz bo‘ladi, deb marhamat qilingan.
     
  • Taomni yoqtirmaslik ham – nodonlik alomati.
     
  • Ovqatlanishda tez va shitob bilan yeyish qalbni qotiradi va ko‘rlikka sabab bo‘lishi mumkin.
     
  • Taomlanish paytida so‘zlashish – mustahabdir.
     
  • Nonning betini va ichini yeb, qolgan joyini qoldirishlik odobdan bo‘lmay, u ne’matni past sanashlik bo‘ladi. Bu holat esa inson va uning oilasida rizqini tang bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
     
  • Halol taom va noz-ne’matlarni, chiroyli dasturxonni ma’siyat, gunoh narsaga aylantiradigan nojo‘ya va nopok narsalardan uzoq bo‘lishlik, zero unday dasturxonlar befayz, barakasiz bo‘lur. Bunday joylardan farishtalar uzoqlashurlar.
     
  • Nonni qoshiq, kosa, tovoq o‘rnida ishlatmaslik to‘g‘risida azaliy ibratli an’analarga egamiz.
     
  • Idishlarning eng yaxshisi – loy-sopoldan yasalganidir.
     
  • Idishlarning labi uchmagan, darz ketmagan yoki sinmaganiga e’tibor berish lozim.
     
  • Ayrim narsalar borki, ularni birga iste’mol qilish sog‘liqqa zarar va sunnatga xilofdir. Ular: baliq bilan sutni, sut bilan nordon narsani, sut bilan tuxumni, sut bilan go‘shtni, qovurilgan go‘sht bilan qaynatilgan go‘shtni,  qotgan go‘sht bilan yangi go‘shtni qo‘shib yeyish mumkin emas.
     
  • Juda issiq va juda sovuq taomni tanovul qilish sunnatga xilofdir. Odamlar bilan ko‘rishadigan odam piyoz va sarimsoqni xomligicha yeyishi durust emas.
     
  • Sanaladigan taomlar tanovul qilmoqchi bo‘lsa, toq sonni tanlagan ma’qul. Misol uchun, taomdan somsa, chuchvara, manti, mevalardan olma, xurmo, anjir kabi.
     
  • Barmoqlarni yalashning ham o‘ziga yarasha tartibi bor. Avval o‘rta barmoq, keyin bosh barmoq, keyin ko‘rsatkich barmoq yalanadi.
     
  • Til bilan tishlar orasidan chiqarilgan taom qoldig‘ini yeyish makruh emas. Ammo tish kovlagich bilan chiqarilgan qoldiqni yeyish chiroyli emas.
     
  • Tishni ko‘p kovlamaslik kerak. Milkka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tishni kavlayotib, og‘izni barmoqlar bilan bekitib olish kerak.
     
  • Idishning og‘zidan va kosaning singan yeridan suv ichmagayki, anda chirklar jam bo‘ladi. Va ariqdan va hovuzdan boshini tuban qilib, og‘zi birlan suv ichmagayki, makruhdir. Va yana suv ichidan zarar qilg‘uvchi narsa ichiga ketishi ehtimoli bordir.
     
  • Siniq kosada ovqat yemang, suv ham ichmang!
     
  • Sharbat yoki sovuq suvning barchasini o‘zi ichmasdan, balki yonidagi kishilarga ham qoldirish kerak. Bu – sunnatdir.
     
  • Hanafiy mashoyixlaridan birlari aytadilar: “Oilada dasturxonga zarurdan ziyoda nonlarni qo‘yib tashlash isrof amallardan hisoblanadi. Taom solingan idishni to‘g‘rilash uchun idish ostiga non qo‘yish yoki nonlar ustiga idishlarni qo‘yish ham mumkin emas. Xususan, ovqatlangandan so‘ng barmoqlarni hamda ishlatilgan pichoq, qoshiq va idishlarni non bilan artish ham islom dinida makruh, ya’ni yomon amallardan sanalgan”.
     
  • Nonni e’zozlash, xor qilmaslik, nonga tahqir nazari bilan boqmaslik, nonning ustiga go‘sht, nonxurush va pishiriqlarni qo‘ymaslik, isrof etmaslik odobini dono ota-onalarimiz farzandlari ongiga singdirganlar.
     
  • Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni e’zozlanglar!” deb marhamat qilganlar. Bu hadisi sharifga binoan, ulamolarimiz nonni qadrlab o‘pish, izzat-ikromini ijro etish lozim deb sanashgan.
     
  • Bizning kitoblarimizda nonning iste’moli, saqlanishi, dasturxon uzra turishi yuzasidan ko‘rsatmalar ko‘p. Aynan shunday ko‘rsatmalardan birida uning ustiga tuzdan boshqa narsalarni qo‘yishdan qaytarilgan. Ammo qora dona bo‘lmish sedanani non ustiga qo‘yilishining sababi, sedananing shifobaxsh xosiyatini bayon qiluvchi hadisi sharif borligidandir. Zero hadisi shariflarda “Qora dona sedana o‘limdan boshqa barcha dardlarga davodir” deyilgan. Nonga bunday ehtiromning boisi – u yer-osmon barakoti hamda insonlarning sevimli ozuqasidir. Uni iste’mol qilgan odam darrov to‘qlikni his etadi, nafsi orom oladi. “Non – jasadning ozuqasidir. Ozuqa – ruhning quvvatidir. Alloh taolo nonni rizqlarning sharofatlirog‘i qilib yaratdi”.
     
  • “Doim toza, pokiza ovqatlar yeng!”
     
  • “Asal yeb turing, chunki u – ming dardga davo”.
     
  • “Behi yeyish yurak xastaligini ketkazadi”.
     
  • “Sigir suti – shifo, yog‘i – davo”.
     
  • “Sigir sutini ko‘proq iste’mol qiling, chunki u turli dorivor giyohlarni terib yeydi”.
     
  • “Tishlaringiz orasini tozalashlik bilan ularni toza-ozoda tuting! Chunki bu – bir poklikdir. Poklik, ozodalik – imonga, imon esa o‘z egasini jannatga boshlab borur”. Shu boisdan tishlarni toza-ozoda tutishlik rizqning barakali, mo‘l-ko‘l bo‘lishiga sabab bo‘lur.
     
  • Mezbonni duo qilish – mustahabdir.
     
  • Adab kitoblarida nonlar qaysi shaklda pishirilgan bo‘lmasin, iste’mol qiluvchi undan o‘ziga maqbul joyi (o‘rtasi yoki atrofi)ni yeb, qolganini tashlashi mumkin emasligi ta’kidlanadi.
     
  • To‘y va ziyofatlarda dasturxonga tortilgan noz-ne’matlar ichida non mahsulotini yetarlidan ziyoda qilish isrof deyilgan. Aytish joizki, non ne’matini qaysi holatda bo‘lsa ham iste’mol qilish mumkinligi isrofning oldini oladi.
     
  • Inson olamiga qut-baraka bo‘lgan non ne’matining yana ham barakotli bo‘lishi uchun izzat-ikrom qilish – odam farzandi zimmasidagi burchdir. Zero uni izzat qilish mohiyatida mavjud rizqqa rozi bo‘lish ifodasi yotadi.
     
  • Hadisi shariflarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi” deganlar. Bu hadisi sharif sharhlarida: “Nonni bosmaslik, tashlamaslik uning ikromidan hisoblanadi. Agar uni uloqtirsa, nopok joylarga tashlasa, ne’matlarni inkor qilib, o‘ziga jafo qilganlardan bo‘ladi. Rizqning kengligi – din uchun katta quvvatdir. Agar ne’matga jafo qilsa, katta ne’matlar nafratga aylanadi. Ne’mat ketgandan so‘ng qaytmaydi. Zero ular jafo bilan muhrlangandir”, deyilgan.
     
  • Boshqa fiqhiy kitoblarda ham nonga oyoq bosish, uni asbob qilib ishlatish, xamir va nondan har xil shakllarni yasash, non ustida o‘tirish, uni nopok joylarga tashlash, xususan, chiqindi hisobida uloqtirish mumkin emasligi to‘g‘risida aniq va batafsil ta’kidlanadi.
     
  • Alloh taolo insonlarni isrofning barcha ko‘rinishidan qaytarib, uning yomon oqibatlarini ham bayon qilib berdi. Ne’matga xiyonat qilish va noto‘g‘ri joylarga ishlatishni “gunoh” deb baholadi.
     
  • Aql-idroklari bilan boshqa ayollarga ham namuna bo‘la olgan, tarbiya va zakovati bilan, o‘z nasihati bilan oila, ro‘zg‘or odob-axloqini tarqata oladigan dono ayollar ro‘zg‘orlarini juda ustalik bilan, mohirona, tejamkorlik ila olib boradilar. Bunday ajoyib fazilat har bir oilaga yoqadi.
     
  • Aslida tejamli bo‘lish va isrofdan saqlanish – har bir ayolning kundalik vazifasidir.
     
  • Ishbilarmon uy bekasi kundalik hayotda sabzavot-mevalarning aynib, chirishiga yo‘l qo‘ymaydi, oziq-ovqatlarni iste’molga yaroqsiz bo‘lib qolishdan saqlaydi, ovqatlarni pazandalik mahorati bilan mazali, totli qilib tayyorlaydi, oila dasturxonidan ortgan nonlarni tashlab yubormasdan, ulardan pishiriq va taomlar tayyorlab, iste’mol qilish chorasini ko‘radi.
     
  • Agar nazar solsangiz, oila va ro‘zg‘or yuritishda har bir xonadonning dinimiz hamda milliy udumlarimizga mos bo‘lgan o‘z nizom va tizimi bo‘ladi. Bu tartiblarning bajarilishi asosan oiladagi kattalar tomonidan nazorat qilib turiladi. Xususan, bu tartib-qoidalar uy-joyni ozoda va pokiza saqlash, anjomlar, libos va kiyimlarni asrab-avaylash, isrof qilishdan saqlanishga ham taalluqlidir. Ro‘zg‘orga kelgan oziq-ovqat, xom ashyo, meva-sabzavot, shirinlik va non mahsulotlarini to‘g‘ri saqlay bilish ham – oila bekasining zimmasida. Sifati tez o‘zgaruvchi oziq-ovqatlar ichida non mahsuloti ham suvi qochib, qattiq nonga aylanishi tez-tez uchrab turadigan voqealardan. Uy bekasi avvalo bunga yo‘l qo‘ymasligi, kundalik iste’molga yetadigan non olinishini nazorat qilishi, agar ortib qoladigan bo‘lsa, uni qotirib qo‘yishi zarur.
     
  • Ba’zi oilalarda o‘ynab yurgan bolalarning qo‘llariga ham non berishadi. U bolalarcha ish tutadi, yosh bolaligiga borib, nonni u yer-bu yerga qo‘yadi yoki ushog‘ini to‘kadi. Natijada kattalar “yoshlarni non qadrini bilmaslikda” ayblaydilar. Shunda savol tug‘iladi: “Ota-onasi bolaga nonning qadr-qimmatini, uni hurmat qilish kerakligini yoshligida tushuntirganmikan?”, “Bola nonning ushog‘ini ham isrof qilmaslik kerakligini bilarmikan?”, “Non qadrini anglamagan, isrofning zararlarini his qilmagan odam o‘z farzandiga bu borada qanday nasihat qilishi mumkin?”
     
  • Gohida “Non isrofi noshukrlikdan kelib chiqayotgan emasmikan?” degan savol tug‘iladi. Sababi – shukronalik doimo insonni itoatga, mehnatsevarlikka, bor ne’matni qadrlashga undaydi.
     
  • Yerdagi non ushoqlarini terib yeyishlik – berilgan ne’matga shukronaning ifodasi bo‘ladi. Hadisi shariflarda: “Kimki dasturxondan to‘kilgan non ushog‘ini terib yesa, hayoti farovon bo‘ladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik ko‘rmaydi” deya marhamat qilingan.
     
  • Kitoblarimizda isrof” – (garchi infoq moddiy xarajatda mashhurroq bo‘lsa-da), u “inson qiladigan har bir amal va har bir so‘zida haddan oshishdir” deyilgan.
     
  • Alloh taolo bergan ulug‘ ne’matlarni uzrsiz, sababsiz isrof qilganlar – Alloh taoloning buyrug‘i va Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bajarmagan kishilar hisoblanadi.
     
  • Isrof” so‘zi asli arabcha bo‘lib, lug‘atda “hisobsiz tarzda ishlatish”, “me’yordan oshib ketish”, “haddidan oshish”, “chegaradan chiqish” kabi ma’nolarni bildiradi.
     
  • Istilohda esa moddiy va ma’naviy ma’noda ishlatilsa-da, ko‘proq moddiy sarf xarajatlarda o‘z ifodasini topadi.
     
  • Har qanday ishda chegaradan chiqish – isrofdir.
     
  • Inson qiladigan har bir amal va har bir so‘zida haddan oshish – isrofdir.
     
  • Isrofga yo‘l qo‘ygan odam Alloh belgilab bergan chegaradan chiqib, U Zotning ne’matlarini o‘rniga sarflamagan yoki hojatdan tashqari ishlatgan bo‘ladi. Tilimizda ushbu so‘z “nest-nobud qilish”, “uvol qilish”, “ne’matni qadrlamaslik” kabi ma’nolarni anglatadi.
     
  • Har bir narsa zaruratdan tashqari yoki noto‘g‘ri maqsadga ishlatilsa, buning natijasi parokandalikka olib borishi – isbot talab qilmaydigan  haqiqatdir. Shuning uchun ham Qur’oni karim oyatlarida alohida e’tibor qaratilib, Alloh taolo bergan ne’matlarni isrof qilmaslik lozimligi to‘g‘risida ko‘p aytib o‘tilgan.
     
  • Isrof – pul, mol va Alloh tomonidan bizga berilgan ne’matlarni nojo‘ya sarflashdir.
     
  • Ulamolarning aytishlaricha, ISROF:
    • faqirlikka yetaklaydi,
    • jannatdan uzoqlashtirib,
    • do‘zaxga yaqinlashtiradi,
    • Alloh taoloning g‘azabiga sabab bo‘ladi.
       
  • Yoshlari kattalar darrov o‘tgan kunlarni eslashadi va isrofli to‘y to‘g‘risida “to‘qlikka sho‘xlik” degan xalq maqolini beixtiyor tilga olishadi.
     
  • Ulamolar yangi kelgan har bir mehmon uchun non ne’matining “issiq non” bahonasida ushatilishini ham isrofdan deb baholaydilar.
     
  • To‘ylarda xursandchilik sifatida pul sochish, ularning oyoq ostilarida qolishi – noo‘rindir. Zero pul birligi davlat ramzi bo‘lishi bilan birga, milliy qadriyat hamdir.
     
  • Islom dinida mol-dunyo (tilla, kumush, pul birliklari)ni oyoqosti qilishlik, chiqindi joylarga tashlashlik, pulga tuflashlik, aqli noqislarga berishlik kabi nojo‘ya amallardan qaytarilgan.
     
  • “Fayzul Qadir” kitobida hukamolar “Non o‘piladi, bosilmaydi!” degan masalani ta’kidlab keltirganlar.
     
  • Darhaqiqat, har bir zamon dahosi, donosi, olimi, fozili, hoziqu hakimi yoki faqiru fuqarosi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, nonni e’zoz etishga undaydi va bunga avvalo o‘zi amal qilishga intiladi. Hech bir zamon ahli qiyinchilik, qimmatchilik, qahatchilik, qurg‘oqchilik kabi inson uchun og‘ir va zararli bo‘lgan kun kelishini xohlamaydi. Balki kundalik hayotida doimo rizq-nasibasi keng, umri uzoq, hayoti farovon bo‘lishini istab Yaratganga iltijo qiladi.
     
  • Qanoatning ikkinchi sharti – ne’matlarni rejali xarjlash. Hayotda tadbirli kimsalar birovlarga xushomad qilmaydi, yolg‘on gapirmaydi, hirs va tama balosiga duchor bo‘lmaydi.
     
  • Ro‘zadorning oldida taomlanish hurmatsizlik va beodoblik hisoblanadi.
     
  • Ro‘zador ham taomlanayotganlar huzurlarida bo‘lmagani ma’qul.
     
  • Ro‘za tutmayotgan kishi Ramazon oylarida odamlarning oldilarida taomlanmagani hurmat-ehtirom hisoblanadi.
     
  • Iftor paytida sharoitga qarab, azondan so‘ng avval og‘izni ochib, yengilroq taomlanib, shom namozi ado etilishi afzalroqdir.
     
  • Bemor huzuriga kelgan kishi, agar biror uzuri bo‘lmasa, bemor taklif etgan taomdan iste’mol qilgani ma’qul bo‘ladi.
     
  • “Non ham non, uvog‘i ham non” – xalqona hikmat. Uning mazmunida gunoh, zoye, isrof xavfi bor. Qayerdaki, kimdaki bu xususga andisha bo‘lmasa, bir jazosi bor. Bu o‘git shu sababdin ko‘p takror bo‘lgan.
     
  • Taomdan so‘ng berilgan ne’matlarga shukrona keltirish, hamd-sano aytib, taom tayyorlagan va taqdim etganlarga duo qilish – dinimizning asosiy ta’limotlaridan biridir.
     
  • Ovqat hazm bo‘lmaguncha yotmaslik. Chunki hazmdan oldin yotishlik qalbni qoraytiradi.
     
  • Shuning uchun taomdan keyin loaqal 4 rakaat namoz o‘qish lozim, yoki 100 marta «Subhonalloh!» demoqlik va yo 1 juz Qur’on o‘qimoq darkor.
     
  • Xayr va ehsonda isrof bo‘lmaganidek, isrofda ham hech qanday xayr yo‘qdir” (Imom A’zam rahmatullohi alayh).

                                                    (3 – qism tugadi. Davomi bor...).

Ibrohimjon domla Inomov

 

Maqolalar