Bir hamsuhbatimiz aytadi: “Masjidda peshin o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng nuroniy kishi yonimga kelib, “Qachondan beri namoz o‘qiysiz?” deb so‘radi. “Gapiravering-chi...” dedim. Namozni juda tez o‘qidingiz, bunday qilish mumkin emas. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: "Odamlarning ichida eng yomonlari namozidan o‘g‘irlaydiganidir”, deganlar. Abu Qatoda roziyallohu anhu: "Ey Allohning Rasuli, namozidan qanday qilib o‘g‘rilik qiladi?" deb so‘raganlarida u zot: "(O‘sha o‘g‘ri) rukusini ham, sajdasini ham, xuzu va xushusini ham to‘liq qilmaydi", deb javob berganlar (Imom Ahmad rivoyati)”, deb menga tanbeh bergan bo‘ldi.
Keyin o‘tirib o‘yladim: biz, yig‘ilishib turadigan do‘stu yoronlar jamoa bo‘lib namoz o‘qiganimizda men hamisha hammadan ortda qolib ketaman. Hatto vitr vojibning uchinchi rakatiga turganimda ular salom aytib bo‘lishadi. Modomiki, men namozni shoshqaloqlik bilan o‘qiyotgan bo‘lsam, ularning namozi nima bo‘layotgan ekan?..”
Darhaqiqat, namozni tez o‘qish bor, shoshqaloqlik bilan o‘qish bor. Tez o‘qish mahbub amallar sirasiga kiradi. Inchunun, Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga o‘xshash yengil va tugal namoz o‘qiydigan imomning ortidan hech namoz o‘qiganim yo‘q. U zot buvakning yig‘isini eshitar va uning onasi fitnaga uchramasin, deb namozini yengillatar edilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Bundan namozni vaqtini cho‘zib ham yubormasdan, shoshqaloqlikka ham yo‘l qo‘ymasdan puxta va yengil o‘qish lozimligi ayon bo‘ladi. Ushbu mavzuga misollar ko‘p ulardan biri quyidagi voqelik:
Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir odam: “Allohga qasamki, ey Allohning Rasuli, men falonchining bizga (namozni) cho‘zib yuborganidan bomdod namozidan orqada qolaman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘sha kunidek shiddatli g‘azablanganlarini ko‘rmadim. U zot: “Albatta, sizlarda nafrat qildiruvchilar bor. Qay biringiz odamlarga namoz o‘qib bersa, yengil o‘tkazsin. Albatta, ularning ichida zaifi, kattasi va hojatlisi bor. Qachon o‘zi namoz o‘qisa, xohlaganicha cho‘zsin”, dedilar” (Beshovlari rivoyat qilishgan).
Shoshqaloqlik bilan namoz o‘qish esa nomaqbul amal sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bandaning ruku va sajdasi komil bo‘lmagan namoziga boqmaydi” (Imom Ahmad rivoyati), deganlar. Yana bir hadisda esa “Ruku’ va sajdada beliga orom bermagan kishining namozi qabul bo‘lmaydi” (Abu Dovud rivoyati), deb ta’lim berganlar.
Ya’ni ruku va sajdani komil qilib, sajda chog‘ida beliga orom bermagan namozda xushu ham, xuzu ham bo‘lmaydi. Namozini bu tartibda o‘qigan kishining tashvishi ibodatdan imkon qadar tezroq forig‘ bo‘lishdir. Buni folklor namoz desa ham bo‘ladi: ota-onasi, yon-atrofdagilar namoz o‘qigani uchun ularga ergashib o‘qib yuraveradi. O‘zini ibodat vaqtida Rabbimizning qarshisida turgandek his qilmaydi, shunchaki vaqti kirgan vazifani naridan beri bajarib qo‘ya qoladi, xolos.
Shunday ekan, namozga diqqatli bo‘laylik, axir Dargohi Oliyga borganimizda birinchi bo‘lib namozdan so‘ralamiz. Shuningdek, bizning eng katta sarmoyamiz namoz ekan, uni muhofaza qilaylik, azizlar.
Damin JUMAQUL
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar