Bismillahir Rohmanir Rohiym
Baqara – Madinada nozil qilingan eng avvalgi suradir. Suraning boshidagi to'rt oyat mo'minlar haqida, undan keyingi ikki oyat kofirlar haqida va ulardan keyingi o'n uch oyat munofiqlar haqida nozil bo'lgan. Baqara surasi Qur'oni karimdagi eng uzun suradir. Eng uzun oyat ham aynan mazkur surada bo'lib, u qarz haqidagi 282-oyatdir. Bu oyat to'liq bir betni tashkil etadi. Baqara surasini doim o'qib yurgan kishilarga Allohning izni bilan sehru jodu ta'sir qilmaydi.
Baqara surasi o'qilgan uydan shayton qochadi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shayton Baqara (surasi) o'qiladigan uydan qochadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: “Kim kechasi Baqara surasidan o'n oyat o'qisa, shayton o'sha kechada uning uyiga kirmaydi” (Imom Dorimiy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shayton Baqara surasi o'qilgan erga kira olmasligini o'zi tan olib aytgan. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni Ramazon zakotini qo'riqlashga vakil qildilar. Bir kuni kimdir kelib, egulikdan hovuchlab ola boshladi. Men uni tutib oldim-da, "Allohga qasamki, seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman", dedim. U: "Men muhtoj odamman, bola-chaqam bor. Nihoyatda muhtojman", dedi. Men uni qo'yib yubordim.
Tong otdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Ey Abu Hurayra, bu kecha asiring nima qildi?" dedilar. "Yo Allohning Rasuli, juda muhtojligi, bola-chaqasi borligidan shikoyat qilgan edi, rahmim kelib, qo'yib yubordim", dedim. U zot: "Bilib qo'y, u seni aldabdi. Hali yana keladi", dedilar. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning "Hali yana keladi" degan so'zlaridan uning qaytib kelishini bilib, uni poyladim. U kelib, egulikdan hovuchlab ola boshlagan edi, uni yana tutib oldim. "Seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib chiqaman", dedim. U: "Meni qo'yib yubor, men muhtojman, bola-chaqam bor. Endi qaytib kelmayman", dedi. Unga rahmim kelib, qo'yib yubordim.
Tong otdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Ey Abu Hurayra, asiring nima qildi?" dedilar. Men: "Yo Allohning Rasuli, nihoyatda muhtojligi, bola-chaqasi borligidan shikoyat qilgan edi, yana rahmim kelib, qo'yib yubordim", dedim. U zot: "Bilib qo'y, u seni aldabdi. Hali yana keladi", dedilar. Uni uchinchi marta poyladim. Kelib, yana egulikdan hovuchlab ola boshlagan edi, uni tutib oldim. "Endi seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga albatta olib chiqaman. Bu oxirgisi. Sen qaytib kelmayman deb, uchinchi marta qaytib kelyapsan", dedim. U: "Meni qo'yib yubor, Alloh senga manfaat beradigan kalimalarni o'rgataman", dedi. "Nima u?" dedim. U: "To'shakka yotganingda Oyatul-Kursiyni – "Allohu laa ilaha illa huval-Hayyul-Qoyyum"ni oyatning oxirigacha o'qigin. Shunday qilsang, Allohning dargohidan bir qo'riqchi tong otguncha tepangda turadi va shayton senga hargiz yaqinlasha olmaydi", dedi. Uni qo'yib yubordim.
Tong otdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Bu kecha asiring nima qildi?" dedilar. Men: "Yo Allohning Rasuli, Alloh senga manfaat beradigan kalimalarni o'rgataman degan edi, qo'yib yubordim", dedim. U zot: "Ular nima ekan?" dedilar. "U menga: "To'shakka yotganingda Oyatul-Kursiyni – "Allohu laa ilaha illa huval-Hayyul-Qoyyum"ni oyatning oxirigacha o'qigin. Shunday qilsang, Allohning dargohidan bir qo'riqchi tong otguncha tepangda turadi va shayton senga hargiz yaqinlasha olmaydi", dedi", dedim.
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Bilib qo'y, o'zi g'irt yolg'onchi bo'lsa ham, senga rost aytibdi. Uch kechadan beri kim bilan gaplashayotganingni bilasanmi, ey Abu Hurayra?" dedilar. "Yo'q", dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: "U shayton edi", dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baqara surasi o'qilgan erga farishtalar tushadilar. Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Usayd ibn Huzayr roziyallohu anhu tunda "Baqara" surasini o'qiyotgan edi. Bir payt yonginasida bog'langan ot hurka boshladi. U qiroatdan to'xtadi. Ot ham tinchlandi. Yana o'qiy boshlasa, ot ham bezovtalanar edi. Qiroatni to'xtatsa, yana jim bo'lardi. O'sha vaqtda o'g'illari Yahyo ot yonida edi. Ot bosib olmasin deb, qiroatni to'xtatib uning oldiga bordilar. O'g'illarini otdan uzoqroqqa qo'ygach, osmonga qarasalar, unda soyabonlarga o'xshash, ostida nur taratib turgan narsalar bor ekan. Tong otgach, bo'lgan voqeani Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga aytib berdilar. U zot alayhissalom: “Huzayrning o'g'li, qiroatingni davom ettiravermadingmi?” dedilar.
Usayd roziyallohu anhu aytdilar: “Bolamni ot bosib qolishidan qo'rqdim. U otning yaqinida edi. Otdan uzoqroqqa qo'yib osmonga qarasam, u erda soyabonga o'xshash, ichida chirog'i bor narsalar turgan ekan. Uyimdan chiqib qarasam, yo'q bo'lib qolibdi”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ular nimaligini bilasanmi?” deb so'radilar. Usayd roziyallohu anhu: “Yo'q”, dedi. Rasululloh: “Ular ovozingni eshitish uchun pastga tushgan farishtalar edi. Agar tonggacha o'qiganingda, odamlar ham ularni ko'rgan bo'lardi. Farishtalar ham ulardan qochmas edi”, deb aytdilar».
Baqara surasi Qiyomat kuni shafoatchi bo'ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qur'onni o'qinglar. Chunki u qiyomat kuni o'z ahli uchun shafoatchi bo'ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara va Oli Imron suralarini o'qinglar. Zero, bu ikkisi qiyomat kuni ikki bulut yoki bir guruh saf-saf qushlar shaklida kelib, o'z sohiblarining hojatini ravo qiladi. Baqara surasini o'qinglar. Uni o'qish baraka, tark etish esa hasratdir", deganlar (Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad rivoyati).
Rasululloh sollallohu alaĭhi vasallam: "Kim Baqara surasi oxiridagi ikki oyatni bir kechada o'qisa, kifoya qiladi", dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Hadisda kelgan “Kifoya qiladi”dan quyidagi ma'nolar kelib chiqadi:
Barcha yomonliklardan saqlanishga kifoya qiladi.
Shaytonning yomonligidan saqlanishga kifoya qiladi.
Savob olishga kifoya qiladi.
Kechasini Qur'on qiroati ila bedor o'tkazishdan kifoya qiladi.
Insu jinning yomonligidan kifoya qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur'on oyatlarining sayyidi Oyatul kursiydir”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).
Zubayd Abdurahmon ibn Asvaddan rivoyat qiladi: “Kim Baqara surasini o'qisa, buning evaziga unga jannatda toj kiydiriladi” (Imom Dorimiy rivoyati).
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
1. Makka.
«Makka»ning lug‘aviy ma’nosi halok etdi, noqis qildi, demakdir. Bu yurtning Haram deb nomlanishiga sabab — u gunohlarni kamaytiradi va ularni yo‘q qiladi yoki u yerda zulm qilgan kishi halok etiladi. Ya’ni, u zo‘ravonlarni halok qiladi, g‘ururlarini ketkazadi.
2. Bakka.
Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qiladi: «Odamlarga muborak, olamlarga hidoyat qilib qo‘yilgan birinchi uy Bakkadagi uydir» (Oli Imron surasi, 96-oyat).
«Bakka» so‘zining lug‘aviy ma’nosi buzish, ajratish, bekor qilish, iftixorni rad qilish, pasaytirish, bo‘ysundirish, deganidir. Makkaning Bakka deb nomlanishi u yerda odamlarning izdihom qilib to‘planishi yoki Makka zo‘ravonlarining bo‘yinlarini egish ma’nosi borligi sababidandir. Zero, Alloh taolo zo‘ravonning g‘ururini sindirganidan keyingina u Makkani qasd qiladi. Makka mutakabbirlarining g‘ururini pasaytirish ma’nosidadir. Bakka deganda iroda qilinadigan joy haqida to‘rtta qavl bor:
- u Ka’ba joylashgan o‘rinning ismidir;
- u Baytullohning atrofi, Makka va uning yonidagi joylardir;
- u masjid va Baytullohning nomidir;
- Makka – haramning hammasi uchun qo‘yilgan ism. Albatta, Bakka – bu Makka deganidir. («Zod al-Musir fi ilmit-tafsir», «Qomus al-Muhit»)
3. Ummul-Quro.
Alloh taolo Qur’oni Karimda aytadi:
«Bu (Qur’on) bir muborak, o‘zidan oldingi kitoblarni tasdiqlaydigan, barcha qishloqlarni (va shaharlarning) onasi – markazi bo‘lmish (Makka ahlini) hamda uning atrofidagi kishilarni (oxirat azobidan) ogohlantirishingiz uchun O‘zimiz nozil qilgan Kitobdir» (An’om surasi, 92-oyat).
Makka — qishloqlarning onasi. Uning bunday deb nomlanishi haqida ham to‘rtta so‘z bor:
- Yer Makkaning pastki qismidan tekislangan. U yerning kindigida va dunyoning o‘rtasida joylashgandir. Ya’ni, yer kurrasi sathidagi quruqlikdir. Makkai Mukarrama atrofida yer yuzi tartib bilan taqsimlangan. Makka quruq yerning markazi hamda yer kurrasi sathidagi barcha shaharlardan namoz uchun yuzlaniladigan tomondir.
Ilmiy falakiyot tadqiqotlari Makkai Mukarramaning ko‘ksiga bino etilgan Ka’ba Yerning markazida, deb isbotlagan.
- U yer eng qadimiy joydir.
- Ka’ba barcha odamlar yuzlanadigan qibladir.
- U obro‘-e’tibor jihatidan qishloqlarning eng buyugidir.
4. Al-Balad.
Bu yerda «balad» so‘zidan maqsad Makkadir.
5. Baladul amin.
Ibn Javziy: «Bundagi shahar Makkai Mukarramadir. Johiliyatda ham, Islomda ham qo‘rqoqlar bu shaharda omon yurishgan», deganlar.
6. Baldatu.
Ibn Javziy: «U Makka shahri», deb aytganlar.
7. Haroman amina.
Bu shahar tarix mobaynida qanday din yoki mazhab bo‘lishidan qat’i nazar, tinch-osoyishta bo‘lib kelgan. U yerga faqat ehromdagina kirilgan. Agar biror xavf yetgudek bo‘lsa, o‘sha tinch joyga qochib kirishgan. Bu osoyishtalik nafaqat inson, balki hayvonot va nabototni ham o‘z ichiga olgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda: «Albatta, bu shahar yeru osmon xalq qilinganidan beri Alloh u yerda (hayvon ovlash, o‘simlikni payhonlashni) harom qilgan», deganlar.
To qiyomat kunigacha Alloh harom etgani sababli u yerda biror tikanni uzish yoki ovni haydab ketish haromdir.
8. Vodin g‘oyri ziy zar’in.
Ibn Javziyning aytishlaricha, «ekin o‘smaydigan vodiy» Makka shahri bo‘lib, u yerda ekin o‘smaydi, suv ham bo‘lmaydi.
9. Ma’ad.
Ibn Abbos aytadilar: «Ya’ni, sizni Makkaga, albatta, qaytarguvchidir».
10. Qorya.
Ibn Javziy: «Qishloqdan murod, Makka shahridir», deganlar.
11. Masjidul Harom.
Bundan to‘rt ma’no nazarda tutiladi:
- Ka’ba;
- Ka’ba va uning atrofidagi masjid;
- Makkaning jamiki joyi;
Qatoda: «Masjidul Harom Makkadir», dedilar.
- Haramning barcha joyi;
Ibn Abbos va Ato: «U Haramning jamiki yeridir», deyishgan.
«Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari» kitobidan.