Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Hanifa rahimahulloh o‘z zamonlarida o‘zlari ishlab chiqqan tanzir qoidalariga ko‘ra: «Muzora’a savdosi joiz emas», deb fatvo berganlar. Muzora’a – sherikchilik asosida hosilning uchdan biri yoki to‘rtdan birini berish evaziga yerni topshirish. Bundan qaytarilgani haqida Payg‘ambar alayhissalomdan ochiq hadisi shariflar ham vorid bo‘lgan. Abu Hanifa shulardan dalillanib aytganlar. Lekin keyinchalik jamiyatda muzora’a muomalasi keng yoyildi, chunki unga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Natijada, garchi Abu Hanifani qo‘llab-quvvatlovchi ko‘plab dalillar bor bo‘lsa ham, biz u kishining so‘zlarini tark qildik va ikki shogirdning bunga ijozat bergan fatvolarini olib, muzora’a va musoqot kelishuvlariga ruxsat berdik.
Bunda ulamolar Abu Hanifaning dalilini zaif bilib, u zotning so‘zlarini shuning uchun tark qilishmagan. U zotning so‘zini tark qilishimizga sabab boshqa narsa – mazkur tatbiq usullari, qoidalaridir. Ular usulut-tatbiq deyiladi. Demak, Abu Hanifaning dalillari zaif emas, balki tatbiq masalasi sababli biz u kishining gaplaridan boshqa gapga fatvo berganmiz. Masalan, oramizda «Ixtiyor» kitobini o‘qiganlar bo‘lsa, bir necha o‘rinlarda muallif avval bir masalaga Abu Hanifaning ko‘plab dalillarini keltirib, gaplarini Qur’on, Sunnat va qiyos jihatidan qo‘llab, so‘ng «Urf sababli fatvo imom Muhammadning so‘zlariga beriladi», «Zarurat sababli ikki shogirdning gapiga fatvo beriladi», degan o‘rinlarga guvoh bo‘ladi. Yoki zamon o‘zgarishi, biror muammo yoki ehtiyojning o‘ta ommalashib ketishi kabi boshqa sabablar tufayli shogirdlarning so‘ziga fatvo beriladi.
Shulardan ko‘rinib turibdiki, tanzir masalasi va tatbiq masalasi boshqa-boshqa narsalar ekan. Boshqa rivoyatga ko‘ra, fatvo berish mazhabboshining dalili zaif bo‘lgani uchun emas, balki muftiyning zamonni tushunishdagi, qoidalarni tatbiq etishdagi yo‘li ekan.
Tushunarliroq bo‘lishi uchun boshqa bir mashhur masalani aytib o‘taman. Bir kishi bedarak bo‘lib ketdi, uyida ayoli qolgan edi. Buni «mafqud» masalasi deymiz. Mazhabimizga ko‘ra, to o‘sha kishi tengi odamlar vafot etmagunicha uni o‘ldi deb hukm chiqara olmaymiz. Masalan, bir ayol yigirma yoshida turmushga chiqdi. Eri to‘satdan g‘oyib bo‘lib, yo‘qolib qoldi. Endi uni eridan ajratishimiz uchun 50 yil kutish kerak. Shundan keyin unga ajrashdi, deb hukm beriladi va idda o‘tiradi. Bu masalada Rasululloh alayhissalomdan zaif rivoyatlar bor, Aliy, Ibn Mas’ud roziyallohu anhulardan bir qancha asarlarda shunday deyiladi. Qiyosga ko‘ra ham shunday bo‘lishi kerak. Lekin amal va tatbiq qilish jihatiga kelsak, bu masalada imom Molik rahimahullohning so‘zlariga fatvo berilganini ko‘ramiz: er yo‘qolganidan 4 yil o‘tgach, ayol erning nikohidan chiqariladi, ya’ni undan ajrashadi. Bu hukm hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning so‘zlaridir.
Xo‘sh, bu yerda Abu Hanifa rahimahullohning so‘zlarini zaif bo‘lgani uchun tark qildikmi? Yo‘q! Biz tatbiq qilish jihatidan Abu Hanifaning so‘zidan yengilroq so‘z topganimiz uchun ikkinchi qavl bilan hukm chiqardik. Bu ikkinchi qavl ham mutlaq mujtahidning qavli. Tushuntirish uchun aytaman: «Abu Hanifaning so‘zlari rojih, ya’ni ustun», deymiz. Dalil jihatidan birorta so‘zni u kishining so‘zlaridan muqaddam qo‘ymaymiz. Keyingi bahslarda bu masalani batafsil ko‘rib chiqamiz. Dalil jihatidan Abu Yusufning so‘zlarini ham, Muhammadning so‘zlarini ham u kishining so‘zlaridan muqaddam qo‘ymaymiz, lekin amalga tatbiq qilish jihatidan yuzdan ellik foiz masalada Abu Hanifaning qavllaridan boshqa qavlga fatvo beryapmiz.
Xullas, Abu Hanifaning qavllari eng ustuni, chunki u zot eng qadri baland mujtahiddirlar. Lekin muftiy rioya qilishi lozim bo‘lgan zarurat, yengillik qilish, mashaqqatni ketkazish, zamonning o‘zgarishi, biror muammo yoki ehtiyojning o‘ta ommalashib ketishi kabi tatbiq qilish qoidalariga kelsak, bularning barchasi Qur’on va Sunnatda sobitdir. Ushbu zarurat, yengillik qilish, mashaqqatni ketkazish, zamonning o‘zgarishi, biror muammo yoki ehtiyojning o‘ta ommalashib ketishi kabi omillarga qat’iy dalillar bor. Agar shulardan bir qanchasi Abu Yusuf yoki Shofe’iyning dalili bilan jamlansa, mana shu qavl rojih deb e’tiborga olinib, Abu Hanifaning qavllaridan muqaddam qo‘yiladi. Bu tariqa bayon qilishimiz o‘zimizning katta imomimizga – imomi A’zamga nisbatan ta’zim va ehtirom bo‘ladi. Lekin biroz oldin aytganimizdek, ixtiloflar va zarurat, yengillik, zamonning o‘zgarishi kabi omillarni qo‘llab-quvvatlagan dalillar bor bo‘lsa, u zotning so‘zlaridan boshqasini mazhab tutamiz va unga amal qilamiz.
Aytilgan bu gaplardan oladigan katta xulosamiz shuki, hech bir masalada Abu Hanifa rohimahullohning biror dalillarini o‘sha dalil zaif bo‘lgani uchun tark qilmagan ekanmiz. Balki, fatvo beruvchi uchun ishlab chiqilgan yo‘llar – zarurat, yengillik qilish, mashaqqatni ketkazish, zamonning o‘zgarishi, biror muammo yoki ehtiyojning o‘ta ommalashib ketishi kabi omillar sababli ayrim dalillarini tark qilganmiz.
Mana shular bilan fiqh ilmining asoslari mukammal bo‘ladi. Aynan biz aytgan sabablar tufayli ehtiyojga qarab boshqa qavllarni, boshqa mazhablarning dalillarini olamiz.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.