Bugun, 18 fevral kuni poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiya bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev va boshqa tegishli mutassaddilar ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joiz, mustahkam tarixiy, madaniy va diniy rishtalarga asoslangan O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni aloqalarining yuqori darajasi ikki davlat yetakchilari rahbarligida olib borilayotgan o‘zaro do‘stona munosabatlar natijasidir.
Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mazkur tashrifdan maqsad O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada takomillashtirish, ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish sifatini oshirish, diniy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot, turizm, transport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilganini bildirdi.
Vazir janoblari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi ulamolarning islom ma’rifatiga, jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasini ta’kidlab, qadim madaniyat va bebaho asori-atiqalar yurti bo‘lgan O‘zbekistonga saudiyaliklarni ham ziyoratga targ‘ib etishda faol bo‘lishini aytib o‘tdi.
Muloqotda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev mamlakatimizda haj va umra tadbirlarini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslari ta’minlangani, fuqarolarimizga qulayliklar, yanada yaxshi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha tizimli ishlar qilib kelinayotgani, xususan, umra tadbirlarini namunali tashkil etish, ziyoratchilarga amallarni to‘liq, xavfsiz bajarishi uchun munosib sharoitlar yaratish, ularning kafolatlangan xizmatlardan foydalanishini ta’minlash maqsadida Respublikamiz qonunchiligiga muvofiq O‘zbekistonda umra tadbirini tashkil etish vakolati O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda 12 ta shirkatga berilganini aytdi. Haj va Umra ishlari bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilayotganini ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, avvalo, bunday hamkorliklarga zamin yaratib berilayotgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ikki Muqaddas Masjid xodimi Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonlarga minnatdorlik bildirish asnosida yurtdoshlarimiz uchun haj kvotasi so‘nggi yillarda 3 barobarga oshirilib, har yili 15 ming nafar hamyurtimiz hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etayotgani, ularga bo‘lgan hurmat-e’tibor, shart-sharoitlar borgan sari yaxshilanib borayotganini e’tirof etdilar.
Shuningdek muloqotda Prezidentimiz tomonidan ochiqlik siyosati olib borilayotgani, ayniqsa, mamlakatlarimiz hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi sohalarda hamkorlikka doir ko‘plab hujjatlar qabul qilingani tilga olindi. Ikki davlat o‘rtasida ilmiy-tadqiqot ishlarida keng ko‘lamli hamkorlik qilish, din ulamolari ishtirokida anjumanlar o‘tkazish, Saudiya Arabistoni fuqarolari O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlariga ziyoratga kelishlarini tashkil etish kabi ishlarni rivojlantirish borasida taklif va mulohazalar aytib o‘tildi.
Tavfiq bin Favzon ar-Rabia O‘zbekiston tomonidan bildirilgan takliflarni atroflicha ko‘rib chiqib, ijobiy hal etishda bor imkoniyatni ishga solishini bildirdi.
Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud hamda Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Shuningdek, vazir Prezidentimizga Podshohning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Ka’ba yopinchig‘i –Kisvaning bir parchasini topshirdi.
Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, Kisva parchasining ostida Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz bin Abdurrahmon Ol Saudning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga sovg‘asi degan ma’nodagi izoh bo‘ladi.
– Ka’ba yopinchig‘i – Kisva parchasini Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtirish haqidagi Prezidentimizning topshirig‘i biz uchun tom ma’noda tarixiy va sharafli voqea bo‘ldi, – deydi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. – Bu hadya Islom dinining ulug‘ allomalari yetishib chiqqan yurtimiz, xalqimiz va Prezidentimizga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning yorqin namunasidir. Biz shu kunning o‘zidayoq Markaz jamoasi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu xushxabarni e’lon qildik. Markaz olimlari va ijodiy xodimlar bunday shukuhli xabarni mamnuniyat bilan qabul qilib, davlatimiz rahbarining bizga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun tashakkur bildirdi. Hamkorlarimiz hurmatli Prezidentimiz orqali bizga yetib kelgan bunday tabarruk sovg‘a bilan bizni tabriklamoqda. Albatta, muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – kisva parchasi Markazdagi eng qadrli eksponatlardan biri bo‘lib qoladi. Bunday bebaho hadya uchun hurmatli Prezidentimizga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra vaziri O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilayotgan megaloyiha – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ham tashrif buyurdi va Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Mehmonlar O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu Markaz nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo hamda butun Islom olamining eng jozibali va ibratli ma’naviy maskanlaridan biriga aylanishini alohida ta’kidlashdi.
– Taassurotlarim ajoyib! Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi chin ma’noda o‘xshashi yo‘q loyiha. Bino va uning mahobati tahsinga sazovor. Uni yanada rivojlantirish uchun oz bo‘lsa-da, ko‘magimiz tegsa, mamnun bo‘lamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shunday ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur qilar edim. Uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgach, qoyil qoldim. Ulkan ish qilingani va buning ortida katta mehnat yotgani ko‘rinib turibdi, – dedi Tavfiq bin Favzon ar-Rabia.
Podshohlikning Haj va umra vazirligi hamda O‘zITSM o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan muzokaralarda O‘zbekistonda Haj va umraning tarixi, buguniga bag‘ishlangan hujjatli film yaratishga kelishib olindi. Filmda Islom dini diyorimizga yoyilishining ilk davridan boshlab yaqin o‘tmishgacha o‘zbekistonlik musulmonlarning Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishida duch kelingan to‘siqlar, qiyinchiliklar va Yangi O‘zbekistonda bu boradagi keng imkoniyatlar ko‘rsatib beriladi. Bundan tashqari, filmda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham aks ettiriladi.
Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tomonidan nashr etilgan Katta Langar Qur’onining faksimilesi va xattot Habibullo Solih ko‘chirgan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning maktublaridan birining nusxasi mehmonlarga hadya qilindi.
Rustam JABBOROV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi.
O‘zA