Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Fevral, 2025   |   24 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:48
Quyosh
07:07
Peshin
12:41
Asr
16:23
Shom
18:10
Xufton
19:23
Bismillah
23 Fevral, 2025, 24 Sha`bon, 1446

Qur’on yodlashning eng oson yo‘li

19.02.2025   5918   2 min.
Qur’on yodlashning eng oson yo‘li

Men Alloh subhanahu va taolo meni ulardan Qur’oni karimni o‘rganishga muvaffaq qilgan juda ko‘p mashoyixlarimizdan Qur’onni yod olishning eng afzal yo‘li haqida so‘rab chiqdim. Madinadagi qorilar ustozi shayx Ibrohim Axdor, shayx Muhammad Ahmad, shayx Bakr Tarobishi rahimahulloh, shayx Rodvon hafizahulloh kabi kibor ulamolardan so‘radim. Odatda, biz bu haqida ko‘pchilikdan so‘raymiz. Ammo umrining 60-70 yilini Qur’onni tilovat qilish va uni o‘rgatishga bag‘ishlagan  va butun hayoti Qur’oni karim ta’limiga sarflangan ustozlardan Qur’onni yodlashning eng afzal usulini so‘raganimizda, ular bir ovozdan ma’qullab aytishadiki, “Qur’onni hifz qilishning eng yaxshi yo‘li - Payg‘abarimiz sollallohu alayhi vasallamning tavsiyalariga amal qilish: “Qur’onga o‘zingizni bag‘ishlang!” (Uni muntazam o‘qing). Oddiy. Bu borada ko‘p bahslashamizu, ammo oxir-oqibat Payg‘abarimiz alayhissalomning tavsiyalariga qaytamiz: “Qur’onni muntazam o‘qing!” Oz-ozdan Qur’ondan o‘qishni kunlik odat qilib olishingiz kerak. “Amallarning eng yaxshisi — oz va bardavom bo‘lganidir”.

Ya’ni, bilamizki, yeb-ichishdan butunlay voz kecholmaysiz, ammo oz-ozdan bo‘lsa ham qilishingiz kerak. Taomlanish va ichish kabi kunlik qiladigan odatlaringiz ichiga Qur’ondan oz miqdorda tilovatni ham qo‘shishingiz kerak. Va vaqt o‘tgani sari bu oz miqdor ko‘payib boradi va shu bilan siz Qur’onni, shubhasiz, yod olasiz. Alloh sizni Qur’onni yod olishga muvaffaq qilishi darajasiga yetmaguningizcha, tunlari sajdada duo qilishingiz lozim: “Yo Alloh, Qur’onni qalbimning bahori, ko‘ksimning nuri qilgin. Menga nafsimni yengishimda madad ber!”.

Qur’on ahllari bu — Allohning xos bandalari bo‘lib, ular U zotga eng yaqin bo‘lganlardir. Alloh bandalari orasidan Qur’on ahllaridan bo‘lishga loyiqlarini tanlaydi. Alloh qalbingizdagi Qur’on ahllaridan biri bo‘lishga bo‘lgan kuchli istagingizni ko‘rishi kerak. Alloh subhanahu va taolodan sizni Qur’onni hifz qilishga muvaffaq etishini so‘rab, bu amalni o‘zingizga kunlik odat qilib olsangiz, O‘zining izni ila sizni Kalomini hifz qilish bilan mukofotlaydi. 

Shayx Yosir Dusariy

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi

21.02.2025   6389   4 min.
Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.


Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud hamda Valiahd, mamlakat Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. Shuningdek,  vazir Prezidentimizga Podshohning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga hadyasi – muqaddas Ka’ba yopinchig‘i –Kisvaning bir parchasini topshirdi. 

Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, Kisva parchasining ostida Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz bin Abdurrahmon Ol Saudning ko‘p millatli O‘zbekiston xalqiga sovg‘asi degan ma’nodagi izoh bo‘ladi.

– Ka’ba yopinchig‘i – Kisva parchasini Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtirish haqidagi Prezidentimizning topshirig‘i biz uchun tom ma’noda tarixiy va sharafli voqea bo‘ldi, – deydi Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov. – Bu hadya Islom dinining ulug‘ allomalari yetishib chiqqan yurtimiz, xalqimiz va Prezidentimizga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning yorqin namunasidir. Biz shu kunning o‘zidayoq Markaz jamoasi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu xushxabarni e’lon qildik. Markaz olimlari va ijodiy xodimlar bunday shukuhli xabarni mamnuniyat bilan qabul qilib, davlatimiz rahbarining bizga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun tashakkur bildirdi. Hamkorlarimiz hurmatli Prezidentimiz orqali bizga yetib kelgan bunday tabarruk sovg‘a bilan bizni tabriklamoqda. Albatta,  muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – kisva parchasi Markazdagi eng qadrli eksponatlardan biri bo‘lib qoladi. Bunday bebaho hadya uchun hurmatli Prezidentimizga yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiramiz.  

Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra vaziri O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bunyod etilayotgan megaloyiha – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ham tashrif buyurdi va Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. 

Mehmonlar O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi va g‘oyasi asosida bunyod etilayotgan ushbu Markaz nafaqat yurtimiz, balki Markaziy Osiyo hamda butun Islom olamining eng jozibali va ibratli ma’naviy maskanlaridan biriga aylanishini alohida ta’kidlashdi. 
 

– Taassurotlarim ajoyib! Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi chin ma’noda o‘xshashi yo‘q loyiha. Bino va uning mahobati tahsinga sazovor. Uni yanada rivojlantirish uchun oz bo‘lsa-da, ko‘magimiz tegsa, mamnun bo‘lamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shunday ko‘rinishda bo‘lishini tasavvur qilar edim. Uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgach, qoyil qoldim. Ulkan ish qilingani va buning ortida katta mehnat yotgani ko‘rinib turibdi, – dedi Tavfiq bin Favzon ar-Rabia.

Podshohlikning Haj va umra vazirligi hamda O‘zITSM o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan muzokaralarda O‘zbekistonda Haj va umraning tarixi, buguniga bag‘ishlangan hujjatli film yaratishga kelishib olindi. Filmda Islom dini diyorimizga yoyilishining ilk davridan boshlab yaqin o‘tmishgacha o‘zbekistonlik musulmonlarning Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishida duch kelingan to‘siqlar, qiyinchiliklar va Yangi O‘zbekistonda bu boradagi keng imkoniyatlar ko‘rsatib beriladi. Bundan tashqari, filmda o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ham aks ettiriladi.


Uchrashuv so‘ngida  O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tomonidan nashr etilgan Katta Langar Qur’onining faksimilesi va xattot Habibullo Solih ko‘chirgan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning maktublaridan birining nusxasi mehmonlarga hadya qilindi.

Rustam JABBOROV, 
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi.

O‘zA

Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi Muqaddas Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi
O'zbekiston yangiliklari