Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Fevral, 2025   |   26 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:46
Quyosh
07:04
Peshin
12:41
Asr
16:25
Shom
18:12
Xufton
19:25
Bismillah
25 Fevral, 2025, 26 Sha`bon, 1446

“Alloh sizga qanday muomala qildi?”

20.02.2025   10050   1 min.
“Alloh sizga qanday muomala qildi?”

Shu o‘rinda bir ibratli rivoyatni keltirish maqsadga muvofiqdir.

Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh yetuk faqih, muhaddis va Allohning do‘sti edi. Alloh taolo unga oliy martaba ato qilgan edi. Vafot etgandan keyin bir kishi tushida u zotdan: “Alloh sizga qanday muomala qildi?” deb so‘radi. Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh: “Alloh taolo meni mag‘firat qildi, fazliga olib, ulkan marhamat ko‘rsatdi. Lekin menga uyimning ro‘parasidagi temirchiga berilgan maqom nasib bo‘lmadi”, dedi.

Kishi uyqudan uyg‘ondi, dilida temirchining kimligi va qanday qilib Abdulloh ibn Muborakka nasib qilmagan narsa unga berilganini o‘ylab, uning mahallasiga bordi.

Surishtirib, Abdulloh ibn Muborakning temirchi qo‘shnisi borligini, u ham o‘sha kunda vafot etganini aniqladi. Borib, temirchining xotinidan: Eringiz nima qilar edi?” deb so‘radi va tushida ko‘rganlarini aytib berdi.

Ayol: «Erim temirchi edi, kun bo‘yi ishlar, kechasi esa uxlardi. Kechasi Abdulloh ibn Muborakning tahajjud o‘qishiga havasi kelib, hasrat qilib: “Biz ham kengchilikda bo‘lganimizda tuni bilan tahajjud o‘qir edim”, der edi. Yana u ishlayotganida qulog‘iga azon tovushi kirsa, mabodo bolg‘asini tepaga ko‘targan bo‘lsa, shuni urib qo‘yayin, demasdi. O‘sha zahoti bolg‘asini pastga tushirib: “Azonni eshitganimdan keyin menga bolg‘ani ushlab turish yarashmaydi”, deb masjidga ketar edi», dedi.

Temirchi halol rizq talabida edi. Azon eshitilib, birinchi darajadagi farz bilan ikkinchi darajadagi farz ro‘baro‘ keldi. Birinchi darajadagisini ustun qo‘ydi va Alloh buyuk muhaddislarga bermagan maqomga erishdi.

 

“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan

 

Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺning Ramazon oyi kelishi haqida xushxabarlari

24.02.2025   2282   2 min.
Rasululloh ﷺning Ramazon oyi kelishi haqida xushxabarlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarini Ramazon oyi uchun tayyorgarlik ko‘rishga undar va bu ishni Ramazon oyi ro‘zasining xususiyatlari, unga beriladigan ulkan savoblar haqidagi hadislar bilan amalga oshirar edilar. Bunga dalolat qiladigan hadislar ko‘p. Quyida ularning ayrimlari bilan tanishamiz:

"Agar Ramazon oyi kirib kelsa, osmon eshiklari ochilib, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi" (Imom Buxoriy rivoyati, 1899-hadis).

«Ramazon oyining ilk kechasi kirib kelganida, shaytonlar va jinlar kishanlanadi, jahannam eshiklari yopiladi, uning birorta eshigi ochilmaydi, jannat eshiklari ochiladi, uning birorta eshigi yopilmaydi. Bir nido qiluvchi bunday nido kiladi: "Ey yaxshilik istovchi! Kutib ol! Ey yomonlik istovchi! O‘zingni tiy!". Alloh bu oyda bandalarni jahannam olovidan ozod qiladi. Bu har bir kechada bo‘ladi» (Imom Termiziy rivoyati, 682-hadis).

"Sizlarga Alloh taoloning farzi va muborak oy – Ramazon keldi. Uning ro‘zasini tutinglar. Bu oyda osmon eshiklari ochilib, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi. Unda Allohning ming oydan yaxshiroq bo‘lgan bir kechasi bor. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, (hamma yaxshiliklardan) mahrum bo‘ladi" (Nasoiy rivoyati, 2106-hadis).

«Jannatda «"Rayyon" nomli bir eshik bor. Undan qiyomat kuni ro‘zadorlar kiradi. Ulardan boshqa hech kim kirmaydi. U kunda: "Ro‘zadorlar qayerda?" deb nido qilinadi. Shunda ro‘zadorlar o‘rinlaridan turadilar. Ulardan boshqa hech kim Rayyon eshigidan kira olmaydi. Ro‘zadorlar kirib bo‘lgach, eshik yopiladi, shundan keyin u eshikdan hech kim kirmaydi» (Imom Buxoriy rivoyati, 1797-hadis).

Bu ulug‘ sunnatni targ‘ib qilish, bu chaqiriq va xushxabarlarni ovoza qilish, odamlarga Ramazon fazilati va barakotini yetkazish, bu oyda fursatni g‘animat bilib, ulkan savoblarga erishish va saodat sari chorlash barchamizning munosib vazifamiz sanaladi. Mo‘min-musulmon bandalar Ramazon kirib kelishidan qalbidan mamnuniyat tuyishi, Ramazonga alohida tayyorgarlik ko‘rishga, Ramazon oyidagi savob va ajrlardan to‘liq istifoda etishga, turli lazzat va taomlarga mahliyo bo‘lmasdan, ibodatga ko‘proq e’tibor qaratishga undashi ayni muddaodir. Afsuski, ko‘plab insonlar Ramazon kirib kelganini bilmay qolishadi, ro‘za tutsa-da, ro‘zaning maqsadini to‘liq anglamaydi. Shu bois Alloh taolodan hidoyat va to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasligini so‘raymiz!

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda» kitobi asosida tayyorlandi.