Ayol kishi taksining orqa o‘rindiqlari bo‘sh bo‘laturib, haydovchining yonida o‘tirib ketyapti?
Bir kishi masjidning yonginasidan o‘tib ketyapti, masjidda esa odamlar namoz o‘qishyapti. U kishi namozga kirmay o‘tib ketaverdi?
Bir kishining yonidan o‘tib ketaturib unga salom berdingiz, lekin u salomingizga alik olmadi?
Birinchi holatda, ehtimol, ayol taksi haydovchisining xotini bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi holat, masjidga kirmagan kishi, ehtimol boshqa masjidda namoz o‘qigandir.
Uchinchi holat, salomingizga alik olgmagan kishi, ehtimol salomingizni eshitmagandir.
Salafi solihlardan birlari aytadi: "Agar men birodarlarimdan birining soqolidan aroq tomib turganini qo‘rsam, ehtimol ustiga quyilib ketgan bo‘lsa kerak?" deyman.
Agar uni tog‘ning tepasiga chiqib: "Men sizning oliy Robbingizman", deb baqirayotganini eshitsam, ehtimol u Qur’on o‘qiyotgan bo‘lsa kerak? deyman.
Ibnul Qayyum rahimahulloh aytadilar: "Banda o‘zining qilayotgan amalidagi niyatini aniq bilib olishi juda qiyin ish. Qanday qilib u boshqalarning niyatidan voqif bo‘lishi mumkin?".
Ko‘pincha siz suratning bir qismini ko‘rganingizda, uning qolgan qismini hayolingizda ijobiy shaklda gavdalantirishga harakat qilasiz. Chunki o‘sha suratdagi odamga zulm qilib, unga nisbatan nohaqlik qilmaslik uchun shunday hayolga borasiz. Shunday ekan, hayotdagi insonlar haqida ham yaxshi gumonda bo‘ling.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Alloh taolo osmonda, Arshning ustida deb e’tiqod qilish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, Alloh taolo osmonda yoki Arshning ustida, deyish yoki biror joyda o‘rnashgan, deb e’tiqod qilish mutlaqo joiz emas. Zero, osmonni ham, Arshni ham, makonni ham, zamonni ham U zotning O‘zi yaratgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deganlar:
“Azalda birgina Alloh taolo bor edi, undan boshqa hech narsa yo‘q edi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo zamon va makonlarni, shuningdek Arshni yaratmasidan oldin ham bor edi. Ularni yaratganidan so‘ng azalda qanday mavjud bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday mavjuddir va to abad shunday qolajak.
Zero, u o‘z zotida o‘zgarishni qabul qilmaydi. Chunki o‘zgargan narsa ilohlikka loyiq bo‘lmaydi.
Shuning uchun ham biz ahli sunna aytamizki:
“Alloh taolo hech bir makon va zamonlarsiz mavjuddir. Makonga joylashish Alloh taolo yaratgan narsalarning sifati hisoblanadi. Ya’ni, har bir yaralmish borki, katta yoki kichik o‘rin egallaydi. Alloh taolo esa bundan pok va oliydir”.
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.