Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنِ سَعِيدِ بْنِ الْمُسَيَّبِ يَقُولُ: إِنَّ الرَّجُلَ لَيُرْفَعُ بِدُعَاءِ وَلَدِهِ بَعْدَهُ، وَقَالَ بِيَدَيْهِ هَكَذَا، فَرَفَعَهُمَا.
Sa’id ibn Musayyab: «Kishi o‘zidan keyin farzandining qilgan duosi ila ko‘tariladi», dedi va «Mana bunday», deb ikki qo‘lini ko‘tardi».
Sharh: «Bir odam vafot etgach, farzandining uning ortidan qilgan duosi tufayli martabasi mana bunday bo‘lib ko‘tariladi», deb ikki qo‘lini ko‘tarib ko‘rsatgan ekan Sa’id ibn Musayyab. Ya’ni bu rivoyat vafotlaridan keyin ham ota-onaga farzandning qiladigan yaxshiligi ularning haqlariga duo qilish bilan bo‘lishiga misoldir.
Farzand ota-onasiga ularning vafotidan keyin ham yaxshilik qilay, degan umidda bo‘lsa, ularning haqqiga duo qilib, mag‘firat so‘rasa, ana o‘sha ishi yaxshilik bo‘lar ekan. Farzandlarining duosi sababli ota-onalarning oxiratdagi maqomlari yuqori bo‘lar ekan.
عَنْ سَعِيدِ بْنِ الْمُسَيَّبِ، مِثْلَهُ.
Sa’id ibn Musayyabdan xuddi shunga o‘xshashi rivoyat qilinadi.
Ushbu rivoyatda ham xuddi yuqoridagi ma’noning o‘zini Sa’id ibn Musayyab roziyallohu anhudan endi boshqa bir roviylar rivoyat qilgan ekan. Demak, bu mashhur gap, bir necha taraflardan rivoyat qilingan kuchli bir dalil hisoblanar ekan.
عَنِ الثَّقَفِيِّ قَالَ: سَمِعْتُ يَحْيَى بْنَ سَعِيدٍ يَقُولُ: كُنَّا نَسْمَعُ أَنَّ الْمَيِّتَ يُجْرَى لَهُ ثَلَاثُ خِصَالٍ: صَدَقَةٌ تَمْضِي بَعْدَهُ، أَوْ عِلْمٌ وَرَّثَهُ يُعْمَلُ بِهِ بَعْدَهُ، أَوْ وَلَدُهُ يَدْعُو لَهُ».
Saqafiydan rivoyat qilinadi:
«Yahyo ibn Sa’idning shunday deganini eshitdim: «Eshitishimizcha, mayyitga uchta xislat joriy bo‘lib turadi: ketidan boradigan sadaqa, u meros qoldirgan ilmga uning ortidan amal qilinsa va unga duo qiladigan bolasi».
Sharh: Birinchisi: Birov ko‘pchilikka foyda beradigan ishni qilib qo‘ygan bo‘lsa, uning qilgan ishidan mo‘min-musulmonlarga manfaat yetib tursa, o‘sha sadaqai joriya bo‘lgan ishning foydasidan, ya’ni savobidan egasiga o‘limidan keyin ham borib turadi.
Ikkinchisi – vafot etgan odam o‘zining ketidan manfaat beradigan bir ilm qoldirgan bo‘lsa. Odamlar ana shunga amal qilib, foydalanib tursa, olim o‘tib ketganidan keyin ham ortidan o‘zi qoldirgan ilm tufayli savobga erishib turadi.
Uchinchisi – vafot etgan odamning ortidan farzandining duo qilib turishi. Bunda ham vafot etgan odamning ortidan yaxshilik, xayr-baraka yetib turadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Vafot etganidan keyin bir mayyitning darajasi ko‘tariladi. Shunda u: «Robbim! Bu nima?» deydi.
«Farzanding senga istig‘for aytdi», deyiladi».
Buxoriy rivoyat qilgan.
Albatta, inson vafotidan keyin amal qilish imkonidan mahrum bo‘ladi. U hech narsa qila olmay, kutib turishdan boshqa narsaga yaramaydigan holda bo‘ladi.
Ammo bir kishi vafotidan keyin darajasi ko‘tariladi. Bundan o‘sha bandaning o‘zi ham hayron. Qanday qilib vafotidan keyin uning darajasi ko‘tarilishi mumkin? Bu ajablanish uni Alloh taologa savol berishga undaydi. Shunda u: «Robbim! Bu nima?» deydi. Uning hayrat ila bergan bu savoliga: «Farzanding senga istig‘for aytdi», deya javob beriladi».
Abu Hurayra roziyallohu anhuning bu gaplaridan farzandning istig‘fori – mag‘firat so‘rashi tufayli uning vafot etib ketgan ota-onasining oxiratdagi darajasi ko‘tarilishi bilib olinadi.
Shuning uchun ota-onasiga ularning vafotidan keyin yaxshilik qilishni, ularning ortidan savob yetkazishni va oxiratdagi maqomlari yaxshilanib, darajalari yuqorilashini istagan farzand doimo ularga mag‘firat so‘rab, duoda bo‘lishi lozim.
Ushbu rivoyatlardan olinadigan foydalar:
1. Vafotidan keyin ham mayyitning darajasi ko‘tarilishi mumkinligi.
2. Mayyit oxiratda o‘zining darajasi ko‘tarilganidan o‘zi hayratga tushib, Robbidan bu haqda so‘rashi.
3. Farzandning duosi mayyitning oxiratdagi darajasining ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi.
4. Ba’zi mayyitlar Robb bilan gaplashishi mumkinligi.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.