Bugun chorshanba. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga yurtimizning turli joylaridan kelgan yurtdoshlarimizni Diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov qabul qildi.
Ularning haj va umra, moddiy yordam va boshqa masalalarda qilgan murojaatlarini tingladi.
Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va so‘rovlar atroflicha o‘rganilib, Diniy idora vakolati doirasida hal etishga yo‘naltirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘n ikki oyning sultoni, muborak mohi Ramazonga ham oz fursat qoldi. Ushbu oy qadimdan yurtimizda xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. O‘tgan solihlardan: «Ramazon oyini qanday kutib olardinglar?» deb so‘ralganida, ular: «Biz yangi oyni boshqa musulmonlarga nisbatan zarracha ham gina adovat, kek saqlamagan holda, qalbimizni poklagan tarzda qarshilar edik», deya javob bergan ekanlar.
Ramazon oylarning sultonidir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Oylarning eng afzali Ramazon oyidir», deganlar (Imom Tabaroniy rivot qilgan).
Bu haqiqatni quyida keladigan satrlar ham tasdiqlaydi.
Ramazon Qur’on oyidir. Ramazonning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanidadir. Alloh taolo O‘zining so‘ngi kitobi, Qiyomatga boqiy qoladigan, barchani ojiz qoldirgan mo‘jiz kalomi Qur’oni Karimni nozil qilish uchun aynan Ramazon oyini tanlagan. Shuning o‘zi bu oyning qanchalar ulug‘ ekanini anglash uchun yetarlidir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi: «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir» (Baqara surasi, 185-oyat).
«Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik» (Qadr surasi, 1-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Qur’onni avval Lavhul-mahfuzdan dunyo osmoniga butunicha nozil qilgan va bu Ramazon kechalaridan birida – Qadr kechasida bo‘lgan. Vaqti-soati kelib, Qur’onning Yer yuziga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilinishi ham aynan Qadr kechasida boshlangan. Keyinchalik har Ramazonda vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, u zotga shu Ramazongacha nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlatadigan bo‘ldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari Qur’onni Jabroil alayhissalomga ikki bora o‘qib berganlar. Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo bu muborak xatmga guvoh bo‘lganlar. Bu xatm manbalarda «arzai oxir» - «so‘ngi o‘qib o‘tkazish» degan nom bilan mashhurdir.
Allohim, yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyini bizlarga muborak qil!