Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘n ikki oyning sultoni, muborak mohi Ramazonga ham oz fursat qoldi. Ushbu oy qadimdan yurtimizda xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. O‘tgan solihlardan: «Ramazon oyini qanday kutib olardinglar?» deb so‘ralganida, ular: «Biz yangi oyni boshqa musulmonlarga nisbatan zarracha ham gina adovat, kek saqlamagan holda, qalbimizni poklagan tarzda qarshilar edik», deya javob bergan ekanlar.
Ramazon oylarning sultonidir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Oylarning eng afzali Ramazon oyidir», deganlar (Imom Tabaroniy rivot qilgan).
Bu haqiqatni quyida keladigan satrlar ham tasdiqlaydi.
Ramazon Qur’on oyidir. Ramazonning eng buyuk fazilatlaridan biri – bu uning Qur’on oyi ekanidadir. Alloh taolo O‘zining so‘ngi kitobi, Qiyomatga boqiy qoladigan, barchani ojiz qoldirgan mo‘jiz kalomi Qur’oni Karimni nozil qilish uchun aynan Ramazon oyini tanlagan. Shuning o‘zi bu oyning qanchalar ulug‘ ekanini anglash uchun yetarlidir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday marhamat qiladi: «Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib Qur’on tushirilgandir» (Baqara surasi, 185-oyat).
«Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik» (Qadr surasi, 1-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Alloh taolo Qur’onni avval Lavhul-mahfuzdan dunyo osmoniga butunicha nozil qilgan va bu Ramazon kechalaridan birida – Qadr kechasida bo‘lgan. Vaqti-soati kelib, Qur’onning Yer yuziga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilinishi ham aynan Qadr kechasida boshlangan. Keyinchalik har Ramazonda vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, u zotga shu Ramazongacha nozil bo‘lgan oyatlarni takrorlatadigan bo‘ldi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari Qur’onni Jabroil alayhissalomga ikki bora o‘qib berganlar. Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo bu muborak xatmga guvoh bo‘lganlar. Bu xatm manbalarda «arzai oxir» - «so‘ngi o‘qib o‘tkazish» degan nom bilan mashhurdir.
Allohim, yaqinlashib kelayotgan Ramazon oyini bizlarga muborak qil!
Bir donishmanddan: “Xotirjamligingiz siri nimada?” deb so‘rashsa, u: “Allohni taniganimdan beri boshimga nimaiki kelsa, tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qiyman. Yolvorib duo qilaman. Biror ishda ikkilansam, istixora namozini o‘qiyman. Hayotim shukr, sabr va duo bilan o‘tadi. Halovatim ham balki shundandir”, deb javob bergan ekan.
Ko‘pincha odamlar biror yutuqqa erishsa, buni harakatlarining mahsuli deb bilishadi. Biror musibat bilan sinalganida esa, o‘zgalarni ayblashadi. Alloh yozgan taqdirga isyon qiladi. Istaymizmi-yo‘qmi, qiyiinchiliklarda toblanmay, xato qilmay o‘rganish, mag‘lubiyat alamini totmay g‘olib bo‘lish qiyin. Taqdirga rozi bo‘lish chin mo‘minlikdir. Demak, mahzun paytda ham odob saqlash kerak. Zero, musibat ham xuddi shodlik singari Rabbimiz tarafidan beriladigan inoyatdir.
“Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi, 97-oyat).
«Oyatdagi “yaxshi hayot” so‘zining ma’nosi faqirlik, kasallik, musibat kabi balo-ofatlardan xoli yashash emas, balki inson qalbining halovat topishi, Allohning qazo-qadariga rozi bo‘lishi, xotirjam yashashi deganidir. Bunday odamga xursandchilik yetsa, shukr qilib savob oladi. Agar musibat yetsa, sabr qilib, yaxshilikka erishadi.
Payg‘ambarlar qavmlarining ozorlaridan zohiran juda ko‘p qiyinchilik, mashaqqat tortgan bo‘lsalar-da, botinan qalblari iymonga limmo-lim to‘lib, Allohning hukmiga taslim bo‘lib, xotirjam hayot kechirishgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Odamlar ichida ko‘p musibat ko‘rganlar payg‘ambarlardir. So‘ngra ulardan keyingilar, so‘ngra ulardan keyingilardir. Inson dini (mustahkamligi) miqdoricha sinaladi (musibatlanadi)” (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, yaxshi hayot deganda faqat moddiy farovonlikni emas, iymon bilan yashashni tushunishimiz lozim. Zero, dunyo ne’matlari qanchalik ko‘p bo‘lmasin, iymonsiz hayot mazmunsiz, rangsizdir.
Abdulatif ABDULLAYEV