Bugun, 27 fevral kuni Xiva shahrida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda yurtimizda rasmiy faoliyat olib borayotgan 16 ta diniy konfessiya vakillari ishtirok etmoqda.
Mazkur Kengash 2004 yilda tashkil etilgan bo‘lib, oxirgi yillarda uning faoliyati yanada takomillashdi. Xususan, 2018 yilga kelib, muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan Kengash tarkibiga barcha diniy konfessiyalar vakillari kiritilib, Kengash a’zolarining umumiy soni 17 nafarga yetdi. Ta’kidlash kerak, so‘nggi yillarda Kengashning yig‘ilishlari Respublikaning turli hududlarida sayyor shaklda o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylandi.
Bu galgi sayyor yig‘ilish yangicha format va rakursda tashkil etilgani diqqatga sazovor. Bu yildan e’tiboran Kengash a’zolaridan tashqari Respublika parlamenti, turli vazirlik va idoralar hamda tashkilot vakillari ham kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Kengash respublika hududida faoliyat olib borayotgan barcha diniy konfessiyalar faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi maslahat organidir. Uning faoliyati dinlararo muloqotning rivojlanishi, yuzaga keladigan masala va muammolarni hamjihatlikda hal etishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu nafaqat tanqidni ko‘tarish va uni to‘g‘ri tushunish, balki nasihat tinglash jasoratiga ham ega edilar.
U kishi roziyallohu anhuda «Mening nasihatimni butun dunyo tinglab turibdi-ku, menga kim ham nasihat qila olar edi», degan tushuncha mutlaqo yo‘q edi.
Xavla binti Sa’labaning nasihati
Ibn Abu Hotim, Bayhaqiy va Dorimiylardan rivoyat qilinishicha, hazrati Umar Ibn Xattob o‘z xalifalik davrlarida bir guruh kishilar bilan ketayotgan ekanlar, bir ayol u kishini uzoq to‘xtatib qolib, xalifaga va’z-nasihat qila boshlabdi.
«Ey Umar, – debdi u. – Yaqindagina «Umarcha» deb atalarding, ulg‘ayganingdan so‘ng «Ey Umar» deb ataladigan bo‘lding. Endi esa «Ey amiral mo‘minin», deb atalmoqdasan. Allohdan qo‘rqqin, ey Umar! Kim o‘limga ishonsa, umrini bekor o‘tkazishdan qo‘rqadi, kim hisob-kitobga ishonsa, azobdan qo‘rqadi», deya so‘zlayveribdi u. Hazrati Umar bo‘lsalar, jim quloq solib turar ekanlar. Atrofdagilar u kishiga:
«Ey mo‘minlarning amiri! Bir kampirga ham shunchalik to‘xtab turasizmi?» deyishganida, hazrati Umar ularga javoban shunday degan ekanlar:
«Allohga qasamki, kunning avvalidan oxirigacha ushlab tursa ham, farz namoz vaqtidan boshqa vaqtda turaveraman. Bu kampirning kimligini bilasizlarmi o‘zi? Bu Xavla Binti Sa’laba. Uning so‘zini Alloh taolo yetti osmonning ustidan eshitgan. Bu ayolning so‘zlarini olamlarning Parvardigori eshitadi-yu, Umar eshitmasinmi?!».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning shunchalar oliy maqomga erishishlariga sabab bo‘lgan xislatlaridan biri ham shu edi. U kishi bu xislatga Qur’oni Karim ta’limotlarini tatbiq qila borib erishgan edilar. U kishi bu xislatga o‘z habiblari Muhammad alayhissalomning siyratlariga iqtido qilib borib, erishgan edilar.
Sa’id ibn Omirning nasihati
Ibn Sa’d va Ibn Asokir Makhuldan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan Sa’id ibn Omir ibn Hizyam al-Jumhiy Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga:
«Ey Umar! Men senga nasihat qilmoqchiman», dedi.
«Juda yaxshi! Menga nasihat qil», dedi Umar.
«Senga odamlar haqida Allohdan qo‘rqishingni, Alloh haqida odamlardan qo‘rqmasligingni nasihat qilaman.
Gaping boshqa, ishing boshqa bo‘lmasin. Chunki eng yaxshi gap, ish bilan tasdiq topgan gapdir.
Bir ishda ikki xil hukm chiqarma. Unda ishing o‘zingga xilof bo‘lib, haqdan og‘asan.
Hujjati bor ishni tut, yutuqni olasan, Alloh senga yordam beradi va ra’iyatingni solih qiladi.
Yuzingni ham, hukmingni ham Alloh senga ishlarini topshirib qo‘ygan uzoq-yaqin musulmonlarga qarat.
O‘zingga va ahli baytingga yaxshi ko‘rgan narsangni ularga ham yaxshi ko‘r. O‘zingga va ahli baytingga ravo ko‘rmagan narsangni ularga ham ravo ko‘rma.
Haq yo‘lida og‘irliklarga sho‘ng‘igin. Allohning haqqida malomatchining malomatidan qo‘rqma», dedi.
Umar: «Unga kim qodir bo‘lardi?» dedi.
Sa’id: «Alloh Muhammad alayhissalom ummatining ishini topshirib qo‘ygan, so‘ngra u bilan Allohning orasiga birov tusha olmaydigan odam», dedi».
Xuddi o‘sha odam Umar ibn Xattob roziyallohu anhu edilar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu har doim xalq ommasining bir-birini kamsitmasligi uchun harakat qilar edilar. Hatto o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan qullarga ham xuddi boshqalar kabi bir xil muomala qilinishini yo‘lga qo‘yar edilar. Har kim o‘z vazifasini sidqidildan ado etsin. Ammo inson qadri pastga urilmasin. Birov o‘zini birovdan ortiq ko‘rmasin.
Imom Ibn al-Javziy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladi:
«Umar ibn Xattob hajga keldi. Safvon ibn Umayya taom pishirib, uni mehmon qildi. Laganni to‘rt kishi ko‘tarib keldi. Taomni yeyishlari uchun lagan odamlar o‘rtasiga qo‘yildi. Xizmatchilar turib ketdilar. Shunda Umar:
«Nima uchun men xizmatchilaringizning siz bilan taom yemayotganlarini ko‘ryapman? Yoki ularni yoqtirmaysizlarmi?» dedi.
«Ey amiral mo‘minin, Allohga qasamki, unday emas. Lekin o‘zimiz ulardan uzoq bo‘lamiz, xolos», dedi Sufyon ibn Abdulloh. Shunda hazrati Umar qattiq g‘azabga keldi va:
«Bu qanday qavmki, xizmatchilaridan o‘zlarini ustun qo‘yadilar! Alloh ularni unday qilsin, bunday qilsin!» deb, xizmatchilarga qaradi va:
«O‘tiringlar! Yenglar!» dedi.
Amiral mo‘minin o‘zi yemadi».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning bu tasarruflarida qul-cho‘ri va beva-bechoralarning ko‘nglini ko‘tarish, ularga yangi imkoniyatlar ochish bor. Shuningdek, xojalarning ham tavozeli bo‘lishlari, xodimlaridan va kambag‘allardan boxabar bo‘lib, ularni o‘zlari bilan teng ko‘rishlariga da’vat bor. Shuning uchun ham musulmon jamiyatida tenglik va inson qadrining yuqoriligi doimo sezilib turgan.
Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qiladilar:
«Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Nofe’ ibn Abdulhoris ismli kishini Makkaga voliy etib tayinlagan ekanlar. Uni Asafon nomli joyda uchratib qolib:
«O‘rningga kimni rahbar qilib qo‘yib kelding?» debdilar.
Nofe’ quyidagicha javob qilibdi:
«Qullikdan ozod bo‘lgan Ibni Abziy ismli kishini.
«Qullikdan ozod bo‘lgan kishini deysanmi?» deb so‘rabdilar hazrati Umar.
«Ey mo‘minlarning amiri, u o‘zi qori, meros ilmini ham biladi, qissalarini ham», debdi Nofe’.
Shunda hazrati Umar:
«Payg‘ambaringiz «Albatta, Robbingiz bu kitob (Qur’on) bilan ba’zi qavmlarning obro‘sini ko‘taradi, ba’zi birlarinikini esa tushiradi», deb aytmaganmidi?» degan ekanlar.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi