Bugun, 27 fevral kuni Xiva shahrida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda yurtimizda rasmiy faoliyat olib borayotgan 16 ta diniy konfessiya vakillari ishtirok etmoqda.
Mazkur Kengash 2004 yilda tashkil etilgan bo‘lib, oxirgi yillarda uning faoliyati yanada takomillashdi. Xususan, 2018 yilga kelib, muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan Kengash tarkibiga barcha diniy konfessiyalar vakillari kiritilib, Kengash a’zolarining umumiy soni 17 nafarga yetdi. Ta’kidlash kerak, so‘nggi yillarda Kengashning yig‘ilishlari Respublikaning turli hududlarida sayyor shaklda o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylandi.
Bu galgi sayyor yig‘ilish yangicha format va rakursda tashkil etilgani diqqatga sazovor. Bu yildan e’tiboran Kengash a’zolaridan tashqari Respublika parlamenti, turli vazirlik va idoralar hamda tashkilot vakillari ham kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Kengash respublika hududida faoliyat olib borayotgan barcha diniy konfessiyalar faoliyatini muvofiqlashtirib turuvchi maslahat organidir. Uning faoliyati dinlararo muloqotning rivojlanishi, yuzaga keladigan masala va muammolarni hamjihatlikda hal etishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatga kiradigan ilk toifa tundagi to‘lin oy suratida bo‘ladi, ularning ketidan kiradiganlari samodagi eng porloq yulduzdanda nurafshon holda bo‘ladi, ular bavl qilmaydilar, hojat ushatmaydilar, tuflamaydilar, ular burun ham qoqmaydilar. Ularning taroqlari tillodan, (badanlaridan oqadigan) terlari mushk, tutatqilari “uluvva” yog‘ochi, ularning juftlari huru ’iynlardir. Jannatga kiruvchilarning hammalari bir kishining suratidek otalari Odam alayhissalomning ko‘rinishlarida bo‘lishadi”[1], deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatda bir xonalar borki, ichidan tashi ko‘rinib turadi va tashidan ichi ko‘rinib turadi”, deganlarida, bir a’robiy o‘rnidan turib: “Yo Allohning Rasuli, bu xonalar kim uchun?” deb so‘radi. “So‘zini shirin qilgan, taom ulashgan, ro‘zada bardavom bo‘lgan, odamlar uxlab yotgan tun paytida namoz o‘qigan odam uchundir”[2], dedilar.
Jannatlardagi eng ulkan ne’mat Rahmon – Alloh taoloning jamolini ko‘rishdir. Alloh azza va jalla: “Alloh (odamlarni) tinchlik diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Ezgu ish qilganlarga go‘zal oqibat va ziyoda ne’matlar bordir. Ularning yuzlarini qoralik ham, xorlik ham qoplamas. Ana o‘shalar jannat egalari bo‘lib, u joyda abadiy qolurlar”,[3]deydi.
Oyatdagi “go‘zal oqibat”dan murod – jannat. “Ziyoda ne’mat” esa, Alloh taoloning jamolini ko‘rishga musharraf bo‘lishdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo Robbim! Men Sendan jamolingga nazar solish lazzatini, zarar yetkazmaydigan hamda zalolatga boshlovchi fitnaga uchramagan holda Senga yo‘liqishni so‘rayman”, deya duo qilar edilar.
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1]Muttafaqun alayh.
[2]Imom Termiziy rivoyati.
[3]Yunus surasi, 25–26-oyatlar.