Munosabat
Alloh taologa beadad hamdu sanolar, suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga salavotu salomlar bo‘lsin!
Xalqimizni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi va o‘z nomimdan Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etaman. Haq taolo ushbu fazilatli, fayzli damlarni dunyo mo‘min-musulmonlari uchun tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot va ikki dunyo saodatiga eltuvchi oy qilsin.
Bu borada kecha Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingani nur ustiga nur bo‘ldi, deyish mumkin. Unda xalqimiz uchun ezgulik, mehr-oqibat va shukronalik timsoli bo‘lgan qutlug‘ oyni bir qator tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir bir qancha chora-tadbirlar belgilangani yurtdoshlarimizni juda mamnun etdi.
Darhaqiqat, ushbu qutlug‘ oyda yaxshilik, xayru saxovat eshiklari yanada keng ochiladi. Allohning afv va mag‘firat xazinasidan har bir kishi
o‘z nasibasini olishga intiladi.
“Ramazon — saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” shiori ostida o‘tishi tavsiya etilgan mazkur oyda ehtiyojmandlar, ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oila rishtalarini mustahkamlash kabi xayrli ishlar olib boriladi. Shuningdek, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish, hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etish, atrof-muhitni asrab-avaylash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chat ekishdek dinimiz ham, an’analarimiz ham yoqlaydigan go‘zal ishlar bajariladi.
Iftorlik singari tadbirlarda me’yorga amal qilish, isrofga yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor berish belgilandi. Bu esa fazilatli oyning shukuhli o‘tishida katta omil bo‘ladi, insha Alloh.
Yaratganga shukrki, yangi O‘zbekistonda barcha soha qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, emin-erkin ibodat qilish uchun keng imkoniyatlar berilayotgani, masjid-madrasalar obod qilinayotgani, haj-umra qiluvchilar soni oshayotgani mo‘min-musulmonlarni birday quvontirmoqda.
Eslab o‘tish o‘rinliki, o‘tgan yili yurtimizda o‘tkazilgan xalqaro anjumanlarda qatnashgan xorijlik muftiylar, taniqli ulamolar va olim-professorlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi. Yaqin kelajakda zaminimizdan yana Buxoriylar, Termiziylar, Farobiylar, Beruniylar chiqishiga ishonch bildirdi.
Ayni maqsadlarni ko‘zda tutgan holda poytaxtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yurtimizdagi bir necha ming yillik o‘tmish va ulug‘vor maqsadlarimizni bir joyga jamlagan muhtasham majmua bo‘ladi. Ushbu maskan bilan tanishgan odam islom, avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini yaqqol anglaydi. Shuningdek, Samarqand viloyatida qaytadan ta’mirlanayotgan Imom Buxoriy majmuasi allomalarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromning oliy namunasidir.
Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, e’tiqod erkinligini ta’minlash, milliy qadriyatlarni e’zozlash, xalqimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarning yorqin ifodasidir. Har yili Yurtboshimiz tomonidan Ramazon oyining kirib kelishiga, hayitlarga alohida e’tibor qaratilishi ham hamyurtlarimizning bu oyni yanada ko‘tarinki kayfiyatda, chin ixlos va o‘zgacha tayyorgarlik ila kutib olishlariga sabab bo‘lmoqda.
Mohi Ramazonda ado etiladigan solih amallar evaziga mo‘min-musulmonlar ko‘pdan-ko‘p ajr-savoblarga ega bo‘ladi. Chunki tabarruk oyda Alloh taoloning rahmatu mag‘firati har qachongidan-da ko‘proq yog‘iladi.
Ramazon — xayru saxovat oyidir. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyrog‘i edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy bo‘lib ketar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Muttafaqun alayh).
Shunday ekan, qo‘li ochiq insonlarimiz nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar hamda kam ta’minlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashishi, bemorlar holidan xabar olib, ko‘ngillarini ko‘tarishi eng savobli amal ekanini eslatib o‘tish o‘rinli.
Ta’kidlash kerakki, Yurtboshimiz tashabbuslari bilan mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar, yetim bolalarga manzilli yordamlar ko‘rsatish, ularni o‘qitish, kasb-hunarga o‘rgatish, ishga joylashtirish borasida ham xayrli ishlar qilinmoqda.
Ana shunday savobli ishlarga hamohang ravishda hojilar ishtirokida o‘tkazilgan qariyb yetmish mingta targ‘ibot tadbirida 430 mingdan ziyod ehtiyojmand kishilarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berildi. Bunday xayrli ishlar qutlug‘ oyda yanada qizg‘in davom etadi. Chunki biz, ulamolar bu yil Ramazon oyini mehr-muruvvat, xayr-saxovat mavsumiga aylantirishni o‘zimizga shior qilib oldik. Toki qutlug‘ oyda har bir xonadon, har bir kishining qalbiga xursandchilik kirib borsin.
Ramazon — Qur’on oyidir. Alloh taoloning kalomi aynan shu oyda nozil bo‘lgan. Haq taolo Baqara surasining 185-oyatida bunday deydi: “Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat manbai va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir”.
An’anaga ko‘ra bu yil ham mamlakatimizdagi jome masjidlarda taroveh namozlari boshlandi. Ularda 27 kun davomida xatmi Qur’on ado etiladi. Alloh nasib etsa, barcha masjidlarda Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi, ya’ni Qadr kechasida xatmi Qur’onlar yakunlanib, bir vaqtning o‘zida bir necha million xalqimiz Haq taologa duo qilishadi. Mana shunday jamuljam iltijolar ijobatidan, yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon bo‘ladi. O‘lkamizga ilohiy nur, baraka yog‘iladi, insha Alloh.
Ramazon — duo oyidir. Bu haqda Qur’oni karim va hadisi shariflarda bir qancha oyatu hadislar kelgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Qachon bandalarim sendan Men haqimda so‘rasalar, bas, albatta, Men yaqindirman. Duo qiluvchi Menga duo qilganda, duosini ijobat qilurman. Bas, Menga ijobat qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar. Shoyadki, to‘g‘ri yo‘lni topsalar” (Baqara surasi, 186-oyat).
Ulamolar mazkur oyatning ro‘za haqidagi oyatlardan keyin zikr qilinishida Ramazon oyining duo oyi ekaniga dalil va ishora bor, deyishadi. Quyidagi hadisi sharifda ham Ramazon duo oyi ekani aytilgan:
Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, Ramazonning har kecha-kunduzida do‘zaxdan ozod qilingan (banda)lar bo‘lur. Ulardan har biri uchun qabul bo‘ladigan bir duo bor”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Mana shunday lahzalarda Haq taolodan mo‘min-musulmonlarimiz tutadigan ro‘zalari qabul, ibodatlari maqbul va duolari mustajob bo‘lishini so‘raymiz. Alloh taboraka va taolo ezgu maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimizni ro‘yobga chiqarsin!
Prezidentimiz sog‘-salomat, Vatanimiz yanada obod, xalqimiz hayoti bundan-da farovon, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlik, hamjihatlik muhiti barqaror bo‘lsin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini ta’kidladi.
Shu bois so‘nggi yillarda bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilindi.
Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratildi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib bormoqda.
Avvalo, korrupsiyaning omillariga qarshi kurashilmoqda. Masalan, yerni hokim qarori bilan ajratishdan to‘liq voz kechib, auksion tizimiga o‘tkazilgani natijasida bu tizim xalqchil bo‘ldi. “Shaffof qurilish” dasturi joriy etilganidan keyin bu sohada ham ijobiy o‘zgarishlar sezildi.
Davlat xaridlari bo‘yicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sog‘lom raqobat bo‘lgani uchun o‘tgan yili 14 trillion so‘m budjet mablag‘i tejaldi.
Bugunga kelib, barcha banklar 100 million so‘mgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn berayapti. Natijada oldin bu ish bilan shug‘ullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini ko‘paytirish bilan ishlayapti.
Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Bu sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaydi.
Oliy ta’lim tizimi ham raqamlashtirildi. Avval test topshirib, to‘plagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash joriy qilindi. 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga o‘tilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaydi.
Yo‘l harakati xavfsizligi inspektori “bodi-kamera”da xizmat o‘tayotgani, avtoraqamlar auksionda sotilayotgani, qog‘ozdagi bayonnoma yo‘q bo‘lgani uchun korrupsiya omillari keskin kamaydi.
Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi.
Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11 milliondan oshdi.
Eng muhimi, bular orqali aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarga ishonchi mustahkamlandi. So‘nggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirgani, iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga yetgani buning isboti.
Prezident korrupsiyaga qarshi kurashish doimiy jarayon ekanini aytib, bu boradagi dolzarb masalalarni va kelgusi vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Huquq-tartibot idoralari, asosan, korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan ishlab, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yo‘qotadigan preventiv choralar e’tiborsiz qolayotgani qayd etildi.
Shu bois Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ish uslubi o‘zgartirilishi belgilandi. Buning uchun, tajriba tariqasida 5 ta – Sog‘liqni saqlash, Qurilish, Suv xo‘jaligi vazirliklari, Neftegaz va Suvta’minot jamiyatlarining komplayens nazorati agentlikka o‘tkaziladi.
Shuningdek, tumanlar darajasiga tushib, maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur o‘rganadi. Tahlillar asosida aniq choralarni ishlab chiqib, Milliy kengashga taqdim etadi.
Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayapti. Shu bois endi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi to‘liq yangilanadi. Ularga viloyat xalq deputatlari kengashi raislari bosh bo‘ladi.
Hududiy kengashlar korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularga barham berish uchun qonunchilikni o‘zgartirish, jazo muqarrarligini ta’minlash bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritadi.
Bundan sakkiz yil avval hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu tizim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga ko‘maklashdi. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda hududlar salohiyati oshdi.
Shu bois endi prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorlar faoliyati bilan shug‘ullanmasligi belgilandi. Jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar qo‘yildi.
Davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda Ekspert komissiyasi tuziladi. Ilg‘or tajriba asosida davlat xaridlarida tovarlarning o‘rtacha bozor narxlari ko‘rinib turadigan elektron platforma yaratiladi. Bunda, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor narxidan ko‘pi bilan 20 foizdan oshmasligi shart. Ushbu talabni buzganlik uchun qonun bilan javobgarlik va jarimalar joriy qilinadi.
Budjet va budjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar ham kuchaytirilishi belgilandi. Davlat idoralarining xaridlarida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan transport va mebelga ustuvorlik berish zarurligi qayd etildi. Yirik loyihalarni yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi standartlardan kelib chiqib baholash talabi qo‘yildi.
Korrupsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanadi. Shu bois ishga olishdagi tartib va yondashuvlarni takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun zarurati qayd etilib, uning loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi belgilandi.
Fikri toza, korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodni tarbiyalash maqsadida ta’lim maskanlarida halollik g‘oyalarini singdirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari nutqida jamoatchilikka murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanini ta’kidladi.
– Hammamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda parlament va hukumat a’zolari, jamoatchilik vakillari bilan muloqot bo‘ldi.
Umuman, ilk marotaba bunday tarzda yig‘ilish o‘tkazilishi korrupsiyaga qarshi kuchli siyosiy irodani namoyon etdi. Davlatimiz rahbari 55 ta aniq maqsadga yo‘naltirilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Ular doirasida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, Milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari kuchayadi. Deklaratsiyalash, noqonuniy boylik orttirishga oid yangi tartiblar kiritilishi natijasida korrupsiya omillari cheklanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tashkilotlardagi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati kuchaytiriladi.
Maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha vazirlik, idoralar rahbarlari mas’uliyati oshiriladi. Davlat xizmatlari darajasini aholi baholaydigan tizim qilinadi, eng yomon ko‘rsatkichga ega soha rahbarlari bo‘yicha chora ko‘riladi.
Nazorat inspeksiyalari mustaqilligi oshiriladi. Yirik investitsiya loyihalarida, auksionlarda korrupsiyaning oldini oluvchi mexanizmlar joriy etiladi.
Davlat xaridlari tartibga solinishi, to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlar cheklanishi hisobiga budjet mablag‘lari tejalishi ta’minlanadi. Davlat pulini maqsadsiz sarflash holatlariga barham beriladi.
Sektorlardan ozod bo‘lgan kuch va vositalar jinoyatchilikka qarshi kurashishga safarbar etilib, jamiyatda barqarorlik muhiti va odamlarning roziligi ortadi. Noqonuniy tekshiruvlar ustidan prokuror nazorati kuchaytirilishi orqali joylarda biznes va investitsiya muhiti yaxshilanadi.
Erishilgan natijalar xalqaro reytinglarda mamlakatimiz o‘rnini yaxshilaydi. 2027 yilda UNCAC konferensiyasi mezbonligiga O‘zbekiston nomzodini ma’qullash uchun zamin hozirlaydi.
Eng muhim, aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi yuksaltirilib, jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlik shakllanadi.