Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Mart, 2025   |   16 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:15
Quyosh
06:33
Peshin
12:37
Asr
16:43
Shom
18:34
Xufton
19:47
Bismillah
16 Mart, 2025, 16 Ramazon, 1446
Maqolalar

Rasululloh ﷺning Ramazonda Alloh bilan birga bo‘lgan holatlari

03.03.2025   4286   4 min.
Rasululloh ﷺning Ramazonda Alloh bilan birga bo‘lgan holatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hidoyat elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga mavjudotlar ichida Allohni eng ko‘p biluvchi va Uning buyruqlarini bajo keltirishda eng peshqadami bo‘lganlar. U zot Allohga bandalik qilish pog‘onasidan shu darajada yuqori ko‘tarilganki, bu maqomning eng cho‘qqisigacha yetib, hech qaysi mavjudot yetib bora olmagan martaba va manzillarni zabt etganlar. Ya’ni, Alloh taolo u zotning oldingiyu keyingi gunohlarini mag‘firat qilgan.

Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu darajada bo‘lishlariga qaramasdan tunlarini ibodat bilan o‘tkazar, hatto namozda ko‘p tik turganlaridan oyoqlari shishib ketar edi. Oisha roziyallohu anho bu holatdan ajablanar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa muloyimlik bilan: «Shukr qiluvchi banda bo‘lishni yoqtiraman-da!» der edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘ilarida qo‘rqinch, duolarida esa musibatli insonlarning o‘tinchlari kabi edi.

Abdulloh ibn ash Shaxir roziyallohu anhu bu haqda bunday degan: «Men Rasulullohning namoz o‘qiyotganlarini ko‘rdim. U zotning ko‘kragidan tegirmon toshining shovqiniga o‘xshash yig‘i shovqini eshitilib turar edi» (Imom Abu Dovud rivoyati, 904-hadis. Bu sahih hadis).

Mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng hayratlanarli holatlari haqida bunday hikoya qiladi: «Tunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, menga ruxsat bering, Robbimga ibodat qilaman», dedilar. Men: «Allohga qasamki, men sizga yaqin (siz bilan birga) bo‘lishni yoqtiraman va sizni xursand qilgan narsani yaxshi ko‘raman», dedim. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, tahorat oldilar, so‘ng namoz o‘qishga kirishdilar. U zot to‘xtamay yig‘ladilar, hatto etaklari ho‘l bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto soqollari nam bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto yer ham nam bo‘lib ketdi. Shunda Bilol namozga chaqirish uchun keldi. Bilol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘lab turganlarini ko‘rib: «Yo Rasululloh! Nima uchun yig‘layapsiz? Axir, Alloh Sizning oldingiyu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilgan-ku!», dedi. Shunda Rasululloh: «Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?! Zero, bu kecha menga bir oyat nozil bo‘ldi. Bu oyatni o‘qib, uni tafakkur qilmaganga vayl bo‘lsin!», dedilar va oyatni o‘qidilar: Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida hamda kecha va kunduzning almashib turishida aql egalari uchun oyat(belgi)lar bor» (Oli Imron surasi, 190-oyat).

Ibn Hibbon rivoyati, isnodi Imom Muslim shartiga ko‘ra.

Ey tavfiqli do‘stim! Bu Allohning amrini bajo keltirishning eng komil ko‘rinishidir. Odam farzandining sayyidi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Illiyyinda ekanliklarini aniq bilsalar-da, bor kuchlari va tokati bilan Allohning roziligi uchun harakat qilar, shunchalar umidsiz bo‘lar, muhabbat, xavf va rajoni shu qadar go‘zal tarzda jamlar edilar!

Biz-chi?! Biz ibodatlarga beparvo bo‘lib, ko‘plab gunohlarni sodir etamiz yoki shu gunohlar atrofida aylanib yuramiz, Allohga bo‘lgan tavozelik va itoatimiz kam va zaif holda hayot kechiramiz. Hatto g‘aflat zulmatiga g‘arq bo‘lib ham, Allohning mag‘firatini umid qilamiz, o‘zimizni Uning makridan omonda deb o‘ylaymiz. Hatto ayrim holatlarda shunchalik xatokorligimizni unutib, Allohning g‘azabidan qo‘rqmaymiz, balki o‘zimizni xuddi jannatiy odamdek tutamiz!

Bizning bu holatimiz bilan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning holatlari orasida tuproq bilan surayyo yulduzicha - yer bilan osmoncha farq bor.

Yo Alloh! Yo Mannon! Yo Karim! Bizlarga lutf qil! Bizlarni afv et!

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondagi Alloh bilan birga bo‘lish holatlari barcha musulmonlarga abadiy o‘rnak bo‘la oladigan darajada mukammal bo‘lgan.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda»  kitobi asosida tayyorlandi

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

TAOMLANISH  SIRLARI (7-qism)

11.03.2025   3747   11 min.
TAOMLANISH  SIRLARI (7-qism)

TAOMLANISH  SIRLARI (7 qismdan iborat)ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

     (7-qism)

TAOMLANISHDA

  1. ovqatlanayotganda taomni odob bilan tanovul qilish;
  2. o‘ng qo‘l bilan yeb-ichish;
  3. taomni o‘ziga yaqin joydan, o‘z oldidan yeyiladi;
  4. ovqatlanishdan oldin tuz yalashlik;
  5. mevani qaysi tarafdan olsa ham, zarari yo‘q;
  6. dasturxonga tushgan non uvoqlarini, ushoq va guruch kabi narsalarni odob va ehtirom bilan terib yeyish;
  7. taomni sovutibroq iste’mol etish, chunki issiq-qaynoq taomda baraka bo‘lmaydi;
  8. taom uch barmoq – bosh, ishora va o‘rta barmoqlar yordamida yeyiladi. Ikki barmoqda taom yeyish takabburlik alomatidir;
  9. ikki kishi birga ovqatlanganda biri ikkinchisidan beruxsat dasturxondagi taom yoki mevalardan ikkitadan olib yeyishi maqbul emas;
  10. taomni ayblamaslik;
  11. ishtaha bo‘lsa – yeyiladi, bo‘lmasa – tark etiladi;
  12. taom suzilgan laganning o‘rtasidan emas, atrofidan yemoqlik, zero o‘rtasiga baraka yog‘ilib turadi;
  13. «Ustida ko‘p qo‘l bo‘lgan ovqat – Alloh huzurida ovqatlarning sevimlisidir»
  14. uzoq turib qolgan taomni yemaslik;
  15. og‘izga ketma-ket luqma tashlanmaydi;
  16. ko‘pchilik oldiga chiquvchi kishilarning xom piyoz, sarimsoq kabi badbo‘y narsalarni iste’mol qilishlari odobga to‘g‘ri kelmaydi;
  17. luqmalar o‘rtacha kattalikda olinadi;
  18. og‘izdagi taomni yutmay turib, idishga qo‘l uzatilmaydi;
  19. tishlangan taom idishga qaytarib qo‘yilmaydi;
  20. taomni hidlab ko‘rilmaydi;
  21. taom ustida nafas olinmaydi;
  22. luqmani olib borayotganda og‘iz katta ochilmaydi;
  23. taom yeyilayotgan qo‘l kosa yoki tovoqqa, dasturxonga silkitilmaydi;
  24. tik turgan holda taom yeyilmaydi;
  25. quyuq taomlarni chaynaganda tovush chiqarmasdan chaynashlik;
  26. suyak yoki paylarni qisirlatib chaynamaslik;
  27. ovqatdan chiqqan suyak yoki boshqa narsalarni dasturxonga qo‘ymaslik;
  28. dasturxon atrofida tish kovlamaslik lozim;
  29. quyuq ovqatlarni qo‘lda yegan ma’qul;
  30. ovqatga ham hurmat ko‘rsatiladi;
  31. yaxshi pishmagan ovqat yomonlanmaydi;
  32. qoshiq bilan taomlanishda ham toq songa rioya qilgan yaxshi;
  33. qoshiqni to‘ldirib ovqat yeyilmaydi;
  34. qoshiqdagi sho‘rva yoki boshqa ovqatlar kiyimga tommasligi kerak;
  35. taomlanishda og‘iz idishga yaqin olib borilmaydi;
  36. qoshiq og‘izga butunlay solinmaydi;
  37. ovqatlanish vaqtida behuda gaplar aytilmaydi;
  38. ovqat umumiy idishdan yeyiladigan bo‘lsa, hamma o‘z oldidan olib yeydi;
  39. ovqat issiq holda yeyilmaydi;
  40. suyuq ovqatni ovoz chiqarib, xo‘rillatib ichmaslik;
  41. ovqatni qoshiq bilan ichishda uni to‘ldirib yuborilmaydi, juda kam ham olinmaydi;
  42. donalab sanab yeyiladigan narsalar toq yeyiladi;
  43. imkoni boricha qoshiq bilan emas, balki qo‘l bilan ovqatlanishlik;
  44. nonning barcha bo‘laklarini qoldirmasdan yeyishlik;
  45. nonning yuzini va chetlarini yeb, ichini esa yemaslik nonga hurmatsizlik hisoblanadi;
  46. luqmani kichik qilishlik;
  47. yaxshilab chaynab yeyishlik;
  48. bir luqmani to yaxshi chaynab yutmaguncha, aslo ikkinchi luqmani tishlamaslik;
  49. ovqat yer ekan, og‘izni katta ochmaslik;
  50. taom yeyilayotganda qo‘lini (ng yog‘ini) badaniga va yo kiyimiga artmaslik;
  51. birga ovqatlanayotganlarning yuzlariga, qo‘llariga va yo og‘izlariga, luqmalariga zinhor-bazinhor qaramaslik;
  52. yon-atrofdagilarga aziyat qilmaslik, xalaqit-ozor bermaslik va bezovta qilmaslik;
  53. tirsaklarga tayanmaslik va keng qo‘ymaslik;
  54. nonni ham, go‘shtni ham iloji boricha pichoqsiz bo‘lishlik;
  55. taom yer ekan bir luqmani qo‘liga olganida tovoq ustiga engashmaslik;
  56. luqmani og‘ziga solgach, qo‘lini tovoq chetiga surtmaslik va yo ichiga qoqmaslik;
  57. sirkali ovqatdan bir luqmani yog‘li (boshqa) bir ovqatga aralashtirmaslik;
  58. taom ichidagi suyak va danaklarni og‘ziga tekkizgach, qayta tovoq yo kosa ichiga solmaslik, qo‘ymaslik;
  59. tishlagan non va yo go‘sht parchasini sho‘rva yoki boshqa ovqatlarga solmaslik;
  60. qoshiqni tovoqqa qattiq tashlamaydi;
  61. ovqat qoldiqlari bo‘lishi hamda bu qoldiqlar tovoqqa tomishi mumkinligini inobatga olinib, qoshiq tovoqqa to‘nkarib qo‘yiladi;
  62. qo‘lning moyini nonga, garchi uni yemoqchi bo‘lsa-da, artmaslik zarur;
  63. yog‘li luqma va go‘sht parchasini sirkaga botirmasdan, balki non sirkaga botirilib, ustiga go‘sht qo‘yilib, keyin yeyiladi;
  64. ilikni zarb iblan non sirtiga yoki yuziga, tovoqqa va dasturxonga urmaslik kerak;
  65. ovkat mahali kishini nafratini qo‘zg‘aydigan chirkin, behayo, bema’ni gap-so‘zlarni so‘zlamaslik;
  66. ko‘pchilik bo‘lib ovqatlanilayotganda, birodarlarining ahvolini tushunib, fikr qilgan holatda (kam) yeyishlik. Yolg‘iz o‘zi bo‘lgan chog‘da ham g‘ariblar, miskinlar holini ko‘z oldiga keltirib, kam ovqatlanishlik va ortgan ovqatni g‘arib, ehtiyoji borlarga taqdim etmoqlik;
  67. nonxurushsiz nonning o‘zini yemoqlik;
  68. tik turib va yurib ovqat yemaslik;
  69. yonboshlab ovqatlanmaslik;
  70. haddan ziyod to‘yib ovqat yemaslik;
  71. qo‘l dasturxonga artilmaydi;
  72. ovqatlangandan so‘ng dasturxondagi ushoqlar terib yeyiladi;
  73. ovqatlanishni tuz bilan tugatmoq;
  74. mezbon ovqatlanishni mehmonlardan so‘ng tugatishi lozim;
  75. ko‘pchilik bo‘lgan (to‘y va shu kabi marosimlar)da esa mezbon mehmonlarni kuzatib bo‘lgandan so‘ng ovqatlanadi.

 

ICHIMLIK  ICHISH:

  1. ovqat paytida suv, choy kabi ichimliklarni ko‘p ichmaslik;
  2. taomga, ichimlikka zinhor puflanmaydi;
  3. taomni xo‘rillatib, shapillatib yo turli ovozlar bilan iste’mol qilinmaydi;
  4. tik turgan holda imkon qadar ichimlik ichmagan ma’qul (faqat Zam-zam suvi yoki tahoratdan ortib qolgan suv tik turgan holda, Qiblaga yuzlanib ichiladi);
  5. ichimliklar o‘tirgan holda «Bismillohir rahmonir rahim» bilan ichiladi;
  6. ichib bo‘lgach, «Alhamdulilloh! Xudoga shukr!» deyiladi;
  7. ichimlik idishi og‘zi yopiladigan bo‘lishi kerak;
  8. suv idishini og‘izdan tashqari tutib ichiladi;
  9. suv ichayotganda birdaniga simirmay, bir nafasda emas, balki sekin-sekin, uch bora tanaffus bilan bo‘lib ichish afzal;
  10. suv uch nafas bilan ichiladi. Har nafasda lab idishdan olinadi. Birinchi nafasda bir ho‘plam, ikkinchi nafasda uch ho‘plam, uchinchi nafasda besh ho‘plam ichiladi;
  11. ichilayotgan suvga tuflamaslik;
  12. mesh, paqir yoki boshqa idishlarning og‘zidan ichilmaydi;
  13. soy-daryolarga yotib suv ichilmaydi;
  14. suvga nafas urilmaydi;
  15. suv ichishdan avval idishdagi suv obdon nazoratdan o‘tkaziladi. Uning ichida xas va boshqa narsalar bo‘lmasligi kerak. Agar qorong‘i bo‘lsa, idish labiga biror doka qo‘yib suv ichiladi;
  16. og‘iz va qo‘l yog‘li bo‘lsa, ko‘za yoki obdastani moy qilmaslik kerak. Agar suv idishini ushlashga majbur bo‘lsa, jimjiloq va uzuk barmoq bilan ushlagan ma’qul. Idishning dastasi bo‘lmasa, avval yog‘li qo‘lni artib olish tavsiya etiladi;
  17. boshqalarni suv bilan siylagan kishi o‘zi oxirida ichadi;
  18. duch kelgan, tasodifiy kishidan suv so‘rash to‘g‘ri emas;
  19. ichimlikka, issiq ovqatga puflanmaydi, balki kovlab sovutish yo sovushini kutib sabr qilinadi;
  20. suv beruvchini xayrli duo qilish kerak.

 

OVQATLANGANDAN  KЕYIN

  1. taomlangandan keyin «Alhamdulilloh», «Xudoga shukr!» deb, Allohga shukr qilish;
  2. ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng, qo‘lni yalab, so‘ng sochiqqa artiladi. Yuvib, keyin artish ham mumkin;
  3. yog‘li idishlar yalab qo‘yiladi;
  4. qo‘lni artishdan oldin barmoqlarni yaxshilab yalash;
  5. ovqatlanib bo‘lingach, oldin ovqat idishlarini, taom yegan barmog‘larini yalab, keyin qo‘llar yuviladi va sochiqqa artiladi;
  6. taom yeyilgan tovoqni yalab tozalab qo‘yiladi;
  7. mo‘min kishidan qolgan taomni yemoqlik;
  8. ovqatlanib bo‘lingach, dasturxon oldidan yoshlari yoshroqlar boshqalardan bir oz oldinroq turib, ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlarga xizmat qiladilar;
  9. ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar o‘rnilaridan turganlarida, dasturxon yonidan chetlanib, ular xonadan chiqib ketganlaridan keyingina yana qayta o‘z o‘rniga o‘tirish mumkin;
  10. bergan ne’matlari uchun Yaratganga shukrona aytib, taom egalariga, tayyorlaganlarga minnatdorchilik izhor etib, haqlariga duo qilib, keyin dasturxon atrofidan turiladi;
  11. dasturxon oldidan turib ketar ekan, ochu nahor bo‘lganlar, ovqat topolmay xor-zor, sarson-sargardon yurganlarni eslab, shunday holga solib qo‘ymagani uchun Alloh taologa behisob shukrlar aytib, ehtiyojmandlarga ehson qilishlik;
  12. duo qilinmasdan turib ketilmaydi;
  13. taom yegandan so‘ng tish tozalagich cho‘p bilan tishlar orasini tozalashlik;
  14. dasturxon atrofida tishlar orasini tozalamaslik;
  15. mabodo bordi-yu dasturxon atrofida tishlar orasini tozalashga zarurat tug‘ilib qolsa, qo‘llarini, tish tozalagich cho‘pni dasturxonga yo sochiqqa artmaslik;
  16. tishlar orasini tozalar ekan, chiqqan (ovqat qoldiqlari)ni yemaslik;
  17. ovqatlangandan so‘ng idishlar yuvib tozalanadi;
  18. ovqatlangandan keyin ikki qo‘lni bo‘g‘imigacha uch marta yuvib, og‘izni chayish lozim;
  19. Alloh taoloning zikri va ne’matlari shukronasidan g‘ofil bo‘lmaslik;
  20. ovqat hazm bo‘lmaguncha yotmaslik.

 

CHOYXONA  (VA SHU KABI JOY)LARDA:

  1. ko‘ngli tortsa, mo‘min kishidan qolgan taomni yemoqlik;
  2. bir kishilik taomni ikki kishi yeydigan bo‘lib qolsa, bunga mone’ bo‘lmaslik;
  3. to‘lanib ovqatlanadigan joy (choyxona va shu kabi) larda “kim taklif qilsa, barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi” degan qoida qo‘llaniladi; lekin orada ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar bo‘lishsa, to‘lovni o‘zini hurmat qilganlar o‘z zimmalariga oladilar va to‘lagan mablag‘ to‘g‘risida mutlaqo og‘iz ochmaydilar;
  4. agar “sizni taklif qilaman” yoki "men sizlarni taklif qilaman" degan ibora eshitilsa, demak shuni aytgan kishi to‘laydi;
  5. agar "boraylik" deyilsa, unda hamma o‘z-o‘ziga to‘laydi; agar qandaydir tarzda moliyaviy ishtirok etishni istagan kishi o‘z hissasini ham qo‘shgani afzal;
  6. ko‘pchilik bo‘lgan joyda biror uzri bo‘lmasa, taomga duo qilinmaguncha o‘rnidan qo‘zg‘almagani ma’qul;
  7. ikki kishi bir tovoqda sherik bo‘lsa, navbat bilan toq, ya’ni bir yoki uch qoshiqdan taomlanadi;
  8. mabodo turib ketish zarurati tug‘ilib qolsa, holatga qarab, avvalo yonidagilardan, so‘ng dasturxon atrofidagi ulug‘ (ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odam) lardan hamda yig‘in egalaridan uzrini aytib, kechirim so‘rab, ijozat so‘rab turiladi.

 

  • “Hamma narsa ham oiladan boshlanadi” – deydi dono xalqimiz...
  • Demak, oilaning rahbarlari – OTA-ONALAR “farzandlar tarbiyasi” nomli “hayot universiteti”da mashaqqatli va sharafli, og‘ir va savobli, sermahsul va olijanob vazifada mas’ul sanaladi.  
  • Oila a’zolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida o‘zaro yaxshi muloqotda bo‘lish, o‘rni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qo‘yish – kattalarning burchidir.
  • Xususan, non va oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni o‘rgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.
  • HAYOT nomli "Universitet"ning "tillo diplomi"ga ega bo‘lgan,

TAJRIBA nomli "Oliy o‘quv yurt"ning "brilliant sertifikati"ni qo‘lga kiritgan va

AQL nomli "Institut"ning "gavhar hujjati"ni egallagan

oqil va dono OTA-ONALARIMIZ hamisha yoshlarimiz uchun PROFЕSSOR bo‘lib qoladilar...

 

Mehribon Parvardigorimiz o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin! 
 


Ibrohimjon domla Inomov

Ibratli hikoyalar