Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2025   |   12 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:03
Shom
19:01
Xufton
20:18
Bismillah
10 Aprel, 2025, 12 Shavvol, 1446
Maqolalar

Rasululloh ﷺning Ramazonda Alloh bilan birga bo‘lgan holatlari

03.03.2025   5122   4 min.
Rasululloh ﷺning Ramazonda Alloh bilan birga bo‘lgan holatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hidoyat elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga mavjudotlar ichida Allohni eng ko‘p biluvchi va Uning buyruqlarini bajo keltirishda eng peshqadami bo‘lganlar. U zot Allohga bandalik qilish pog‘onasidan shu darajada yuqori ko‘tarilganki, bu maqomning eng cho‘qqisigacha yetib, hech qaysi mavjudot yetib bora olmagan martaba va manzillarni zabt etganlar. Ya’ni, Alloh taolo u zotning oldingiyu keyingi gunohlarini mag‘firat qilgan.

Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu darajada bo‘lishlariga qaramasdan tunlarini ibodat bilan o‘tkazar, hatto namozda ko‘p tik turganlaridan oyoqlari shishib ketar edi. Oisha roziyallohu anho bu holatdan ajablanar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa muloyimlik bilan: «Shukr qiluvchi banda bo‘lishni yoqtiraman-da!» der edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘ilarida qo‘rqinch, duolarida esa musibatli insonlarning o‘tinchlari kabi edi.

Abdulloh ibn ash Shaxir roziyallohu anhu bu haqda bunday degan: «Men Rasulullohning namoz o‘qiyotganlarini ko‘rdim. U zotning ko‘kragidan tegirmon toshining shovqiniga o‘xshash yig‘i shovqini eshitilib turar edi» (Imom Abu Dovud rivoyati, 904-hadis. Bu sahih hadis).

Mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng hayratlanarli holatlari haqida bunday hikoya qiladi: «Tunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, menga ruxsat bering, Robbimga ibodat qilaman», dedilar. Men: «Allohga qasamki, men sizga yaqin (siz bilan birga) bo‘lishni yoqtiraman va sizni xursand qilgan narsani yaxshi ko‘raman», dedim. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, tahorat oldilar, so‘ng namoz o‘qishga kirishdilar. U zot to‘xtamay yig‘ladilar, hatto etaklari ho‘l bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto soqollari nam bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto yer ham nam bo‘lib ketdi. Shunda Bilol namozga chaqirish uchun keldi. Bilol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘lab turganlarini ko‘rib: «Yo Rasululloh! Nima uchun yig‘layapsiz? Axir, Alloh Sizning oldingiyu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilgan-ku!», dedi. Shunda Rasululloh: «Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?! Zero, bu kecha menga bir oyat nozil bo‘ldi. Bu oyatni o‘qib, uni tafakkur qilmaganga vayl bo‘lsin!», dedilar va oyatni o‘qidilar: Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida hamda kecha va kunduzning almashib turishida aql egalari uchun oyat(belgi)lar bor» (Oli Imron surasi, 190-oyat).

Ibn Hibbon rivoyati, isnodi Imom Muslim shartiga ko‘ra.

Ey tavfiqli do‘stim! Bu Allohning amrini bajo keltirishning eng komil ko‘rinishidir. Odam farzandining sayyidi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Illiyyinda ekanliklarini aniq bilsalar-da, bor kuchlari va tokati bilan Allohning roziligi uchun harakat qilar, shunchalar umidsiz bo‘lar, muhabbat, xavf va rajoni shu qadar go‘zal tarzda jamlar edilar!

Biz-chi?! Biz ibodatlarga beparvo bo‘lib, ko‘plab gunohlarni sodir etamiz yoki shu gunohlar atrofida aylanib yuramiz, Allohga bo‘lgan tavozelik va itoatimiz kam va zaif holda hayot kechiramiz. Hatto g‘aflat zulmatiga g‘arq bo‘lib ham, Allohning mag‘firatini umid qilamiz, o‘zimizni Uning makridan omonda deb o‘ylaymiz. Hatto ayrim holatlarda shunchalik xatokorligimizni unutib, Allohning g‘azabidan qo‘rqmaymiz, balki o‘zimizni xuddi jannatiy odamdek tutamiz!

Bizning bu holatimiz bilan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning holatlari orasida tuproq bilan surayyo yulduzicha - yer bilan osmoncha farq bor.

Yo Alloh! Yo Mannon! Yo Karim! Bizlarga lutf qil! Bizlarni afv et!

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondagi Alloh bilan birga bo‘lish holatlari barcha musulmonlarga abadiy o‘rnak bo‘la oladigan darajada mukammal bo‘lgan.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda»  kitobi asosida tayyorlandi

Ramazon
Boshqa maqolalar

Umrbod ro‘za tutaman

03.04.2025   3632   4 min.
Umrbod ro‘za tutaman

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

«Ey iymon keltirganlar! Alloh sizga halol qilgan pok narsalarni harom qilmang. Haddingizdan oshmang. Albatta, Alloh haddidan oshuvchilarni sevmas» (Moida surasi, 87-oyat).

«Va Alloh sizga rizq qilib bergan narsalardan halol-poklarini yenglar. O‘zingiz iymon keltirgan Allohga taqvo qiling» (Moida surasi, 88-oyat).

Avval o‘tgan oyatlarda va ularning tafsirida Alloh halol qilgan narsa pok va foydali bo‘lishi aytilgan edi. Bu yerda o‘sha pokiza va halol narsalarni harom deb hukm chiqarish mumkin emasligi ta’kidlanmoqda. Chunki hukm chiqarish, jumladan, nima halolu nima haromligining hukmini chiqarish ham Alloh taoloning O‘zigagina xosdir. Kim Alloh halol degan narsani harom desa yoki Alloh harom qilgan narsani kim halol desa, kofir bo‘ladi. Unday odam Allohning ilohlik sifatiga – shariat hukmlarini chiqarish sifatiga sherik bo‘lishga uringan bo‘ladi. Shuningdek, bir kishi o‘zi uchun ham bunday hukmni chiqarib, buni qandaydir dindorlik sifatini ziyoda qilishga urinish, deb o‘ylashi ham noto‘g‘ridir. Bunday ish dindagi g‘uluv – haddan oshish hisoblanadi. Ushbu oyatning nozil bo‘lish sababi bu fikrni ta’kidlaydi.

Imom ibn Jarir Tobariy quyidagilarni rivoyat qiladilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni o‘tirib, odamlarga va’z-nasihat qildilar, ammo ortiqcha qo‘rqitmadilar. So‘ngra turib ketdilar. Shunda u kishining sahobalaridan ba’zilari:

«Agar yangi bir ish qilmasak, nima degan odam bo‘lamiz. Nasorolar o‘zlariga bir qancha narsalarni harom qilishgan, biz ham harom qilaylik», deyishdi. Ba’zilari o‘ziga go‘sht yeyishni harom qildi, ba’zilari sonning yuqori qismini yeyishni harom qildi. Boshqalari kunduzi ovqat yeyishni, yana boshqalari ayollarni o‘zlariga harom qildi. Bu gap Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib borganda:

«Ayollarni, taomni va uyquni o‘ziga harom qilganlarga nima bo‘ldi?! Ogoh bo‘linglar, men uxlayman ham, bedor ham bo‘laman, ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham bo‘ladi. Ayollarni nikohimga ham olaman. Kim mendan yuz o‘girsa, mendan emas», dedilar. Shunda Alloh «Ey iymon keltirganlar! Alloh sizga halol qilgan pok narsalarni harom qilmang. Haddingizdan oshmang» oyatini nozil qildi.

Alloh taolo O‘zi belgilab berganidan kam ishni qilish nuqson va gunoh bo‘lganidek, Uning belgilab berganidan ortiqcha qilishga urinish ham tajovuzkorlik va gunoh hisoblanadi.

Shu qoidaga ko‘ra, Alloh taolo halol qilib qo‘ygan narsani o‘ziga harom qilib, o‘zini o‘sha narsadan tiyish bilan go‘yo Allohga qurbat hosil qilishga urinish ham gunohdir. Chunki halol va harom haqida hukm chiqarishning yagona sohibi Alloh taolodir, boshqa emas.

Imom Buxoriy va imom Muslim Anas roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda quyidagilar aytiladi:

«Uch kishilik guruh Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalarining uylariga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ibodatlari haqida so‘rab keldi. Bas, ularga (bu haqda) xabar berilganda, u (ibodat)ni oz sanaganday bo‘ldilar. Shunda Ular:

– Biz qayoqda-yu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar, u zotning o‘tgan-u, qolgan gunohlari mag‘firat qilingan, – dedilar. Ulardan biri:

– Men abadul abad tunlarni namoz o‘qish bilan o‘tkazaman, – dedi. Boshqasi esa:

– Men umrbod ro‘za tutaman, og‘zim ochiq yurmayman, – dedi. Yana boshqa biri:

– Men ayollardan chetda bo‘laman, abadul abad uylanmayman, – dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldilariga kelib:

– Shunday, shunday, deganlar sizlarmi?! Ammo Allohga qasamki, men Allohdan eng qo‘rquvchirog‘ingizman va Unga eng tahvodoringizman. Lekin ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham bo‘ladi. Namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham, ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas, – dedilar».

Shu bilan Alloh halol qilgan narsalarni o‘ziga harom qilib, ont ichish yoki vazifa qilib olish bekor qilindi. Hamda Alloh halol qilgan narsalarni harom qilishga hech kimning haqqi yo‘qligi ta’kidlandi.

«Tafsiri Hilol» kitobi asosida tayyorlandi