Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2025   |   12 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:03
Shom
19:01
Xufton
20:18
Bismillah
10 Aprel, 2025, 12 Shavvol, 1446
Maqolalar

Rasululloh ﷺning Ramazonda Alloh bilan birga bo‘lgan holatlari

03.03.2025   5117   4 min.
Rasululloh ﷺning Ramazonda Alloh bilan birga bo‘lgan holatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hidoyat elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga mavjudotlar ichida Allohni eng ko‘p biluvchi va Uning buyruqlarini bajo keltirishda eng peshqadami bo‘lganlar. U zot Allohga bandalik qilish pog‘onasidan shu darajada yuqori ko‘tarilganki, bu maqomning eng cho‘qqisigacha yetib, hech qaysi mavjudot yetib bora olmagan martaba va manzillarni zabt etganlar. Ya’ni, Alloh taolo u zotning oldingiyu keyingi gunohlarini mag‘firat qilgan.

Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu darajada bo‘lishlariga qaramasdan tunlarini ibodat bilan o‘tkazar, hatto namozda ko‘p tik turganlaridan oyoqlari shishib ketar edi. Oisha roziyallohu anho bu holatdan ajablanar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa muloyimlik bilan: «Shukr qiluvchi banda bo‘lishni yoqtiraman-da!» der edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘ilarida qo‘rqinch, duolarida esa musibatli insonlarning o‘tinchlari kabi edi.

Abdulloh ibn ash Shaxir roziyallohu anhu bu haqda bunday degan: «Men Rasulullohning namoz o‘qiyotganlarini ko‘rdim. U zotning ko‘kragidan tegirmon toshining shovqiniga o‘xshash yig‘i shovqini eshitilib turar edi» (Imom Abu Dovud rivoyati, 904-hadis. Bu sahih hadis).

Mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng hayratlanarli holatlari haqida bunday hikoya qiladi: «Tunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, menga ruxsat bering, Robbimga ibodat qilaman», dedilar. Men: «Allohga qasamki, men sizga yaqin (siz bilan birga) bo‘lishni yoqtiraman va sizni xursand qilgan narsani yaxshi ko‘raman», dedim. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, tahorat oldilar, so‘ng namoz o‘qishga kirishdilar. U zot to‘xtamay yig‘ladilar, hatto etaklari ho‘l bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto soqollari nam bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto yer ham nam bo‘lib ketdi. Shunda Bilol namozga chaqirish uchun keldi. Bilol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘lab turganlarini ko‘rib: «Yo Rasululloh! Nima uchun yig‘layapsiz? Axir, Alloh Sizning oldingiyu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilgan-ku!», dedi. Shunda Rasululloh: «Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?! Zero, bu kecha menga bir oyat nozil bo‘ldi. Bu oyatni o‘qib, uni tafakkur qilmaganga vayl bo‘lsin!», dedilar va oyatni o‘qidilar: Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida hamda kecha va kunduzning almashib turishida aql egalari uchun oyat(belgi)lar bor» (Oli Imron surasi, 190-oyat).

Ibn Hibbon rivoyati, isnodi Imom Muslim shartiga ko‘ra.

Ey tavfiqli do‘stim! Bu Allohning amrini bajo keltirishning eng komil ko‘rinishidir. Odam farzandining sayyidi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Illiyyinda ekanliklarini aniq bilsalar-da, bor kuchlari va tokati bilan Allohning roziligi uchun harakat qilar, shunchalar umidsiz bo‘lar, muhabbat, xavf va rajoni shu qadar go‘zal tarzda jamlar edilar!

Biz-chi?! Biz ibodatlarga beparvo bo‘lib, ko‘plab gunohlarni sodir etamiz yoki shu gunohlar atrofida aylanib yuramiz, Allohga bo‘lgan tavozelik va itoatimiz kam va zaif holda hayot kechiramiz. Hatto g‘aflat zulmatiga g‘arq bo‘lib ham, Allohning mag‘firatini umid qilamiz, o‘zimizni Uning makridan omonda deb o‘ylaymiz. Hatto ayrim holatlarda shunchalik xatokorligimizni unutib, Allohning g‘azabidan qo‘rqmaymiz, balki o‘zimizni xuddi jannatiy odamdek tutamiz!

Bizning bu holatimiz bilan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning holatlari orasida tuproq bilan surayyo yulduzicha - yer bilan osmoncha farq bor.

Yo Alloh! Yo Mannon! Yo Karim! Bizlarga lutf qil! Bizlarni afv et!

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondagi Alloh bilan birga bo‘lish holatlari barcha musulmonlarga abadiy o‘rnak bo‘la oladigan darajada mukammal bo‘lgan.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda»  kitobi asosida tayyorlandi

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda "Arda Xiva" noyob sayyohlik majmuasi ochildi

03.04.2025   3207   2 min.
O‘zbekistonda

MDH Ijroiya qo‘mitasi portalida Xivada bunyod etilgan "Arda Xiva" sayyohlik majmuasiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

 

Qayd etilishicha, majmua mashhur tarixiy Xiva shahridan qariyb 4 kilometr uzoqlikda joylashgan. "Mahalliy aholi allaqachon ushbu majmuani qadimiy kentni to‘ldiradigan sun’iy yo‘ldosh shahar deb atamoqda. Hududda turli darajadagi beshta mehmonxona va 13 mehmon uyi qurildi. Ular bir vaqtning o‘zida mingdan ortiq mehmonlarni qabul qila oladi", – deyilgan nashrda.

 

Majmua dizaynerlari "Sharqiy Venetsiya" g‘oyasidan ilhomlangan. Bu yerda sayyohlar qayiqlarda atrofni tomosha qilishlari uchun kanal qurildi. Bundan tashqari, majmua hududida Xivaning mashhur binolari, jumladan, Kalta Minor va boshqa me’moriy obyektlarning nusxalari o‘rnatilgani maskanga o‘zgacha fayz bag‘ishlamoqda.

 

"Arda Xiva" majmuani barpo etish g‘oyasi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan. Ish bir necha yil avval boshlangan va 2024 yil oktyabr oyida yakunlandi. "Arda Xiva" nomi tarix bilan bog‘liq. "Arda" so‘zi port shahar ma’nosini bildiradi. Tarixchilarga ko‘ra, Amudaryo ilgari Xiva yaqinidan oqib o‘tgan va Kaspiy dengizi bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin", – deb ta’kidlangan materialda.

 

 Portal, shuningdek, qadimiy Xiva shahri dunyo sayyohlari o‘rtasida juda mashhurligini qayd etgan. Uning asosiy diqqatga sazovor joyi Ichan-Qal’a bo‘lib, u 1991 yilda O‘zbekistonda birinchi bo‘lib YUNЕSKOning Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Yangi qurilgan "Arda Xiva" turistik majmuasi ham hududni sayohatchilar uchun yanada jozibador qiladi.

 

Maqola "Xiva Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlardan biri sanaladi va uning tarixi 2500 yildan ortiqroqqa borib taqaladi. Bu bir vaqtlar Buyuk ipak yo‘lining muhim nuqtasi bo‘lgan", degan so‘zlar bilang yakunlangan. 

 

O‘zbekistonda
O'zbekiston yangiliklari