Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Aprel, 2025   |   20 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:39
Peshin
12:27
Asr
17:08
Shom
19:09
Xufton
20:28
Bismillah
18 Aprel, 2025, 20 Shavvol, 1446
Maqolalar

Ezgulikni ulug‘laydigan, qalblarni poklaydigan oy

03.03.2025   6643   4 min.
Ezgulikni ulug‘laydigan, qalblarni poklaydigan oy

Aziz vatandoshlar! Avvalo, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi, ustoz va ulamolar nomidan barchangizni Ramazon oyi bilan muborak etaman! Iloho, oylarning sultoni bo‘lgan Ramazon har galgidanda fayzli va barakali bo‘lsin!
 

Ramazon – bu musulmonlarning eng ulug‘ oyi bo‘lib, u Alloh taoloning marhamati va barakasi yog‘iladigan, savoblar ko‘payadigan, duo va tavbalar qabul bo‘ladigan mo‘tabar oydir. Ushbu oyni chin dildan e’zozlab o‘tkazish, ro‘za tutish, Qur’on o‘qish, xayr-ehson qilish va yaxshilikni keng yoyish har bir musulmon uchun sharafdir.


Ramazon oyining ulug‘ligini tasdiqlovchi oyatlar va hadislarda uning fazilatlari alohida ta’kidlangan. Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi:


“Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan” (Baqara surasi, 185-oyat).


Bu oy Alloh taolo tomonidan mo‘minlarga rahmat sifatida yuborilgan bo‘lib, unda Qur’on nozil bo‘lgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Ramazon oyining ulug‘ligi haqida shunday marhamat qilganlar:


“Ramazon ro‘zasini iymon va savob umidida tutgan odamning o‘tgan gunohlari kechiriladi”.


Bu hadisdan ham ko‘rinib turibdiki, Ramazon musulmonlarga gunohlardan poklanish, qalbini tozalash va Allohning rahmatiga erishish imkoniyatini beradi.


Ramazon – bu faqat och va tashna yurish oyi emas, balki mo‘minlarning o‘zini tarbiya qilish, gunohlardan tiyilish va jamiyatga foyda keltirish vaqti hamdir. Ayniqsa, xayr-ehson qilish bu oyda alohida ahamiyat kasb etadi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida barcha odamlarga mehribon bo‘lib, saxovatda barchaga namuna bo‘lganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:


“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli inson edilar. Ramazonda Jabroil alayhissalom u zotning huzurlariga keladigan paytlarda esa yanada saxiy bo‘lib ketardilar. U zot sollallohu alayhi vasallam insonlarga esuvchi shamoldan ham tezroq saxiylik qilishga shoshardilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati).


Bu hadisdagi tasvir Payg‘ambarimizning xayr-ehson qilishdagi shijoat va mehribonliklarini ochiq-oydin namoyon etadi.


Tarixda Ramazon oyida xayr-ehson qilib, odamlarga foyda keltirgan buyuk insonlar juda ko‘p bo‘lgan. Bir necha ibratli voqealar:


Muallo ibn Fazl aytadilar: “Solih zotlar Ramazon oyi kirishidan olti oy oldin Alloh taolodan Ramazon oyiga yetkazishini so‘rab duo qilar edilar. Ramazondan keyingi besh oy mobaynida Ramazon oyida qilgan ibodatlari va solih amallarini qabul qilishini iltijo qilib so‘rardilar”.


Imom Zahabiy rahmatullohi alayh aytadi: “Hammod ibn Abu Sulaymon saxiy boy kishi edi. Ramazon oyida har kuni yuz kishiga iftorlik qilib berardi. Iyd namozi o‘qib bo‘lingandan so‘ng ularning har biriga yuz dirhamdan ehson berardi”.


Bu kabi ibratli holatlar bugungi kunda biz uchun ham namunadir. Agar har bir musulmon qo‘lidan kelganicha odamlarga yaxshilik qilsa, jamiyat yanada ahil va barakali bo‘ladi.


Ramazon oyi – bu nafaqat ro‘za tutish, balki insoniylik, saxovat va ezgulik oyidir. Har bir mo‘min bu oyda imkon qadar Qur’on o‘qib, Allohga yaqinlashishi, xayr-ehson qilib, muhtojlarga yordam berishi, oilasi, qo‘shnilari va jamiyat uchun foydali ishlarni qilishga harakat qilishi lozim.


Bu oyda qilingan har bir yaxshilik, ozgina sadaqa va hatto birovga mehr bilan muomala qilish ham katta savoblarga sabab bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: Kimki ro‘zadorni iftor qildirsa, bas, unga uning savobi mislicha berilur (Imom Bayhaqiy rivoyati).


Shunday ekan, ushbu muborak oyda vaqtimizni behuda o‘tkazmasdan, ibodat va yaxshiliklar bilan band bo‘laylik. Alloh taolo barchamizni Ramazon oyining barakalaridan bahramand qilsin!

Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

Ramazon
Boshqa maqolalar

Markazni bunyod etishda ishtirok etish — katta ishonch va mas’uliyatdir!

11.04.2025   3554   1 min.
Markazni bunyod etishda ishtirok etish — katta ishonch va mas’uliyatdir!

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Markaz ekspozitsiyasining diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ilmiy-innovatsion loyihalariga bag‘ishlangan muhokama o‘tkazildi. Unda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan tashkilotlar vakillari, olimlar va Markaz xodimlari ishtirok etdi.

 

Uchrashuvda mas’ullar Markaz kutubxonasi fondini mahalliy va xorijiy nashriyotlarda chop etilgan diniy-ma’rifiy, ilmiy-ommabop, zamonaviy adabiyotlar bilan boyitish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bayon etdi. Muhokama markaziga diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi eksponatlarning mazmuni, ma’lumotlarning asosli ekanligi, ularni boyitish va takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazlaridan mutaxassislarni jalb etish, buyuk ajdodlarimizning madaniy meroslarini ommalashtirish maqsadida ularning ilmiy-ma’rifiy asarlarning qo‘lyozma va nashr nusxalari qo‘rgazmasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

 

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi islohotlar haqida iliq fikrlar aytildi. O‘zbekistondagi xalqaro Islom akademiyasi rektori Markaz ekspozitsiyasini tashkil etishda samarali ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘z yuritdi:

— O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi bo‘yicha oldimizga ustuvor vazifalar qo‘yilgan edi. Shu topshiriqlar asosida sohalar kesimida samarali ishlar qilinmoqda. Bunda Markaz ekspozitsiyasini boyitishda zamonaviy yondashgan holda ishlar olib borilmoqda. Bunda nodir kitoblar va qo‘lyozmalar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Sohaviy yangiliklar va keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan manbalarni ekspozitsiya uchun taqdim etishni rejalashtirganmiz. Umuman olganda, Markaz bunyod etilishida hissa qo‘shish – bu katta ishonch va mas’uliyatdir!

 

Uchrashuvda, shuningdek, Markaz katta ilmiy xodimi Abdushukur Muratov loyihalar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi, hamkorlar, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda viloyatlarda faoliyat yuritayotgan tashkilotlar va hamkorlar onlayn ishtirok etib, mavzu doirasida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

cisc.uz

Markazni bunyod etishda ishtirok etish — katta ishonch va mas’uliyatdir! Markazni bunyod etishda ishtirok etish — katta ishonch va mas’uliyatdir! Markazni bunyod etishda ishtirok etish — katta ishonch va mas’uliyatdir!