Masjidlardagi taroveh namozlari, xatmi Qur’onlardan keyin mo‘min-musulmon xalqimiz jamoat bo‘lib qilayotgan duolar sharofatidan o‘lkamizga osudalik, fayz-baraka yog‘ilmoqda. Zero, Qur’on o‘qilgan joyda farovonlik bo‘ladi. U joylarga Allohning rahmati, barakasi yog‘iladi, balo-ofatlar ariydi. Payg‘ambar alayhissalom: «Bir qavm jamlansa, ba’zisi duo qilsa va qolganlari “omin”, desa, albatta, Alloh taolo ularni ijobat qiladi», deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Bugun, 3 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari poytaxtimizdagi "Kulolqo‘rg‘on" jome masjidida jamoatga yoshlarni ilm va kasbga yo‘naltirishning ahamiyati mavzusida ma’ruza qilib berdilar. Muftiy hazratlari farzandning yaxshi, odobli, mehnatsevar, sog‘lom bo‘lib o‘sishi ko‘p jihatdan ota-onasiga bog‘liqligi, shunday ekan, har bir ota-ona farzandi yoshlik chog‘ini chiroyli, namunali, foydali va savobli ishlar bilan o‘tkazishiga yordamchi bo‘lishi lozimligi borasida oyat va hadislarga tayangan holda so‘zladilar.
Ta’kidlash joizki, bunday ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar yurtimizning barcha masjidlarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosarlari, imom-domlalarimiz tomonidan o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 6 fevral kuni viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov “Ochiq eshiklar” kuni munosabati bilan fuqarolarni qabul qildi. Turli masalalar yuzasidan murojaat qilgan kishilarning savollari diqqat bilan tinglanib, ularga atroflicha javoblar berildi.
Shuningdek, viloyatimizdagi masjidlarda ham imom-xatiblar tomonidan fuqarolarni qabul qilish jarayonlari davom etmoqda. Bu esa jamoatchilik bilan yaqin muloqotni mustahkamlash, insonlarning savol va muammolariga o‘z vaqtida yechim topishga xizmat qiladi.
Fuqarolar murojaatiga e’tibor – jamiyat taraqqiyoti va birdamligining muhim omillaridan biridir!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati