Turkiyaning "TRT-Avaz" va "Samarqand-TV" telekanallarining muborak Ramazon oyi uchun mo‘ljallangan dasturlarida O‘zbekiston tarixiy shaharlari haqidagi ko‘rsatuvlar namoyish etilyapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur telekanallarning muborak Ramazon dasturlari uchun aynan O‘zbekistonni tanlagani bejiz emas. Chunki, turk xalqi mamlakatimizni "Ota yurt" deya e’zozlaydi, mushtarak milliy va diniy qadriyatlarimizning asoslarini Movarounnahrda deb biladi.
"TRT-Avaz" tekanalida namoyish etilayotgan "Turkistonda so‘zning mohiyati", "Samarqand-TV"da taqdim etayotgan "Saharlik majlisi" va "Iftordan avval" dasturlari butun Ramazon oyi davomida "praym-taym" vaqtida efirga uzatilayotgani e’tiborga molikdir.
Qayd etish kerakki, dasturlar davomida mamlakatimizning tarixiy va muqaddas diniy qadamjolari, Movarounnahrda yetishib chiqqan islom olamidagi mashhur olimlar, shuningdek, so‘nggi yillarda yurtimizdagi qadimiy ziyoratgohlarni asrab-avaylash va obodonlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi ma’lumotlar teletomoshabinlar e’tiboriga taqdim etilyapti.
Mazkur teleloyihalar mamlakatimizning ziyorat turizmi salohiyatini targ‘ib qilish va yurtimizga sayyohlar oqimini ko‘paytirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 11 mart kuni Ramazon oyi munosabati bilan Mingbuloq tumanidagi "Shodiyona" tantanalar majmuasida iftorlik dasturxoni yozildi.
Muhtaram Prezidentimizning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Namangan viloyati bosh imom-xatibining birinchi o‘rinbosari Obidxon domla Ikramov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyat boshqarmasi rahbarlari boshchiligida Mingbuloq tumanida istiqomat qiluvchi nogiron, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqorolar va turli konfessiya vakillariga muruvvat ko‘rsatilib, iftorlik dasturxoni yozildi.
Duoga qo‘l ochgan hamyurtlarimiz yurtga tinchlik-omonlik so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati