Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2025   |   12 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:03
Shom
19:01
Xufton
20:18
Bismillah
10 Aprel, 2025, 12 Shavvol, 1446

"Alhamdulillah" deb aytish kifoya emas

04.03.2025   6342   5 min.

Ibn Ato rahimahullohning hikmatida bunday deyilgan:
"Kimki ne’matga shukr qilmasa, uning yo‘qolishiga sababchi bo‘ladi, kimki shukr qilsa, uni mahkam bog‘lab qo‘ygan bo‘ladi".
Ya’ni, agar inson berilgan ne’matni qadrlamasa, uning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi, lekin agar shukr qilsa, u ne’mat saqlanib qoladi va yanada ortadi.

Ne’matga shukr qilish — Alloh taoloning yaxshiliklarini tan olish, Unga shukr aytish va buyruqlariga amal qilishdir. Shukr so‘z bilan cheklanmasligi, amallarda ham namoyon bo‘lishi lozim. Faqatgina "Alhamdulillah" deb aytish kifoya emas, balki Alloh bergan ne’matlardan to‘g‘ri foydalanish ham zarur.

Ibn Qayyum rahimahulloh shukrni bunday ta’riflaydilar:
"Shukr — Allohning ne’mati bandada zohir bo‘lishi, bu ne’matga hamdu sano aytib, Allohdan ekanligini tan olishdir".

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"Alloh bandaning ovqat yeb, Unga hamdu sano aytishidan, suv ichib, Unga shukr aytishidan rozi bo‘ladi."

Shukr qilishga misollar
1. Uch kishi haqidagi hikoya (Banu Isroildan)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Banu Isroildan bo‘lgan uch kishi haqida hikoya qilganlar:
Birinchi kishi pes kasaliga chalingan edi, odamlar undan nafratlanar edi. Unga farishta kelib, "Sen nima istaysan?" deb so‘radi. U: "Pes kasalligimdan xalos bo‘lishni va chiroyli bo‘lishni istayman", dedi. Farishta uning tanasini toza qildi va unga tuya berdi.
Ikkinchi kishi kal bo‘lib, sochlari to‘kilgan edi. Farishta undan "Nima istaysan?" deb so‘radi. U: "Sochlarim qayta o‘sishini va mol-dunyoga ega bo‘lishni istayman", dedi. Farishta uning boshiga qo‘lini qo‘ydi, sochlari o‘sdi va unga sigir berdi.
Uchinchi kishi ko‘r edi. U ham ko‘rishni va boy bo‘lishni istadi. Farishta uning ko‘zini ochdi va unga qo‘ylar berdi.
Keyinchalik uchchalasi ham boy bo‘ldi. Bir kuni farishta kambag‘al kiyimda ularning oldiga kelib sadaqa so‘radi. Birinchi ikkita odam berishdan bosh tortdi va Alloh ularni avvalgi ahvoliga qaytardi. Ammo uchinchi kishi: "Men avval kambag‘al va ko‘r edim, Alloh menga boylik va ko‘rishni berdi. Mendan xohlaganingni olib, xohlaganingni qoldir", dedi. Farishta unga: "Alloh sendan rozi bo‘ldi, lekin ikki do‘stingdan norozi", dedi.

2. Shukr qilgan bir kishi
Banu Isroilda bir kishi og‘ir sinovlarga duch kelgan edi, ammo har doim shunday derdi: "Alhamdulillah, meni ko‘pgina odamlarga berilgan balolardan asragan va ulardan afzal qilgan Allohga hamd bo‘lsin!".
Undan: "Sen qanday qilib shukr qilasan, axir sen musibatga duchor bo‘lgansan?" deb so‘rashganda, u: "Menda shukr qiluvchi qalb, zikr qiluvchi til va musibatga sabr qiluvchi tana bor. Bu katta ne’mat emasmi?" deb javob bergan.

Shukr qilgan payg‘ambarlar

1. Ibrohim alayhissalom:
Alloh Qur’onda aytadi: "Albatta, Ibrohim bir ummat edi, U Allohga to‘la itoat qiluvchi va mushriklardan emas edi. U Allohning ne’matlariga shukr qiluvchi edi, Alloh uni tanlab, to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qildi" (Nahl, 120-121-oyatlar).

2. Nuh alayhissalom:
Alloh shunday degan: "Biz Nuhni shukr qiluvchi banda deb topdik" (Isro, 3-oyat).

3. Muso alayhissalom:
Alloh unga shunday deydi: "Ey Muso! Men seni O‘zimning risolatim va so‘zlashuvim bilan insonlardan afzal qildim. Endi sen O‘zim bergan narsani ol va shukr qiluvchilardan bo‘l!" (A’rof, 144-oyat)

4. Sulaymon alayhissalom:
Alloh uning so‘zini shunday keltiradi: "Bu mening Robbim tomonidan bir sinovdir. Men shukr qilamanmi yoki kufr keltiramanmi? Kim shukr qilsa, shukri o‘z foydasi uchundir, kimki kufr qilsa, mening Robbim Beniyoz va Karimdir" (Naml, 40-oyat).

5. Muhammad sollallohu alayhi vasallam:
Payg‘ambarimiz alayhissalom har namozdan keyin duo qilar edilar: "Allohumma a’inniy a’la zikrika va shukrika va husni ibodatika."
(Allohim! Menga Sening zikring, shukring va go‘zal ibodating uchun yordam ber!).
O‘zlari payg‘ambar bo‘lishlariga qaramay, kechasi ibodat qilib, ko‘p vaqt tik turib, oyoqlari shishib ketar edi. Bir kuni u zotdan: "Nega buncha o‘zingizni qiynaysiz?" deb so‘rashganda: "Allohga shukr qiluvchi banda bo‘lmayinmi?" deb javob berganlar.
Alloh Qur’onda aytadi: "Agar shukr qilsangiz, albatta, Men sizlarga yanada ko‘proq berurman" (Ibrohim, 7-oyat). 

Alloh bizni ham shukr qiluvchilardan qilsin!

Homidjon qori ISHMATBЕKOV

Boshqa maqolalar

Yo Rasulalloh! Bu sizga sovg‘a

09.04.2025   4094   1 min.
Yo Rasulalloh! Bu sizga sovg‘a

Abu Bakr ibn Muhammad ibn Amr ibn Hazmdan, u esa otasidan rivoyat qiladi:
Madinada Nu’ayman degan bir kishi bor edi. U har qanday qiziqarli narsa Madinaga kelsa, uni sotib olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib kelib:
— Yo Rasulalloh! Bu sizga sovg‘a, — der edi.
So‘ng, agar o‘sha narsaning sohibi kelib Nu’aymandan pulini talab qilsa, u Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
— Yo Rasulalloh! Bu kishiga molining pulini to‘lab bering, — der edi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam undan:
— Axir sen buni menga sovg‘a qilmadingmi? — deb so‘rar edilar.
Nu’ayman roziyallohu anhu esa:
— Yo Rasulalloh! Qasamki, menda unga to‘lashga pulim yo‘q edida, lekin siz uni yeyishingizni xohladim, — der edi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib yuborib, o‘sha narsaning egasiga haqini o‘zlari to‘lab berar edilar.


Abulfaraj ibn al-Javziyning
“Zarif va hazilkashlar haqidagi xabarlar”
kitobidan
Homidjon qori ISHMATBЕKOV tarjimasi.