Muhtaram Prezidentimizning "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qaroriga binoan bu yilgi qutlug‘ oy "Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Uning doirasida Namangan shahridagi "Mavlono" qabristonida tashkil etilgan xasharda mahallalar faollari, nuroniylar va yoshlardan iborat mingga yaqin fuqarolar ishtirok etishdi.
"Mavlaviy" ziyoratgohi oldida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov hamda bir guruh imomlar, nuroniylar bilan muborak Ramazon oyini munosib o‘tkazish, ezgu ishlarni davom ettirish mavzusida suhbatlashdi.
Shuningdek, tadbir doirasida o‘tganlar xotirasi yodga olinib, ularning ruhiga Qur’on tilovot qilindi. Yurtimiz tinchligi va farovonligi yo‘lida qurbonlik so‘yilib, xayru saxovat ishlari amalga oshirildi. Manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, hudud yanada ko‘rkamlashtirildi.
Bu kabi xayrli tadbirlar nafaqat marhumlarning ruhini shod etish, balki jamoatchilikni birlashtirish, avlodlar o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Namangan viloyati hokimligi
Axborot xizmati
Joriy yilning 12 mart kuni Qashqadaryo viloyati hokimligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakilligi hamkorlikda viloyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, mahallada va boshqa ijtimoiy obyektlarda ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik, maktab o‘quvchilarini ilm-fan va kasb-hunarga qiziqtirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq tadbirlar o‘tkazildi.
Kunning birinchi yarimida Qarshi shahridagi “Asl” to‘yxonasida mahalla faollari, tadbirkorlar va aholi ishtirokida “Isrofgarchilik va dabdababozlik ijtimoiy illatlardir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov tomonidan bugungi kunda to‘y, ma’raka va marosimlardagi haddan oshishlar, Dinimizda asli yo‘q bo‘lgan “uch”, “yetti”, “yigirma”, “qirq”, “yil” va hokazo marosimlar, Eng achinarlisi, ibodatlarda ham dabdababozlikka berilish, ibodatlarni ko‘z-ko‘z qilish kabi illatlar haqida Qur’oni karim oyatlari, hadislar va hayotiy voqealardan misollar keltirib ma’ruza qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida Qarshi shahrida joylashgan 6-sonli maktab binosida ta’lim oluvchi o‘quvchilarning ota va onalari ishtirokida “Ilm va kasb hunar fazilati hamda ota-onalarning farzandlari oldidagi majburiyatlari” mavzusida suhbat o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati