Shu yilning 12 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, haj va umra, ishga joylashish, oilaviy munosabatlar, kitob chop etish, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Ilm ruhning ozuqasi. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa’y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. “Ustoz otangdek ulug‘” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni otangizdan ham ortiq ko‘rasiz, deb so‘rashganda: “Otam meni jismimni tarbiyalab yerga tushishimga sabab bo‘lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab ko‘kka yetishimga sabab bo‘ldi”, degan ekan.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa arziydi.
Barcha sohalarda bo‘lgani kabi diniy sohada ham ustoz-murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Yosh avlodda xizmat ko‘nikmalarini shakllantirishda boy ish va hayot tajribasiga ega bo‘lgan xodimlar hamda faxriylarning pand-nasihatlari alohida tahsinga sazavordir. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqda bunday marhamat qilganlar:
“Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, hatto kovagidagi chumoli va xattoki baliqgacha odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salavot aytadilar”.
Muhaddislar imomi Imom Buxoriy rahimahullohning shogirdlaridan biri Firabriy aytadi: "Ustozim Imom Buxoriy menga ko‘p hadis rivoyat qilardi. Ba’zan malollanib, zerikib qolmasligim uchun shijoatimni orttiradigan so‘zlardan aytardi. Kunlarning birida bunday dedi: "O‘yin-kulgi qiluvchilar istirohat bog‘larida, ishlab chiqaruvchilar o‘z hunarida, savdogarlar esa tijoratida. Sen esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning as'hoblari bilan birgasan".
Demak, ustozlar ta’lim berish bilan birga sabr matonatli bo‘lishi uchun tarbiyachi ham ekanliklari ma’lum bo‘ladi.
Muhibbulloh Xudoyberdiyev,
To‘raqo‘rg‘on tuman bosh imom xatibi