Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Aprel, 2025   |   12 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:52
Peshin
12:29
Asr
17:03
Shom
19:01
Xufton
20:18
Bismillah
10 Aprel, 2025, 12 Shavvol, 1446

"Fatvo berishga kimlar haqli?" mavzusida tadbir o‘tkazildi

18.03.2025   10945   1 min.

Toshkent islom instituti talabalari uchun “Fatvo berishga kim haqli?” mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbirda “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi dots.nti, islomshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Saidjamol Masayitov ma’ruza qildi.

Shuningdek, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Bahriddin Parpiyev va professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi. 

Shubhasiz, islomda fatvoning o‘rni va ta’siri muhim bo‘lishi bilan birga o‘ta mas’uliyatli vazifa ham hisoblanadi. Chunki fatvodan Allohning hukmlarini bayon qilish maqsad qilinib, unda halol-harom, savob-gunoh  kabi  me’yorlar ko‘rsatib beriladi. Fatvo berish o‘ta mas’uliyatli ish bo‘lib, fatvo beruvchi Alloh va Uning rasuli nomidan gapiradi.

Talabalarga mavzu yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar

Ota-ona kofir bo‘lsada...

09.04.2025   1969   4 min.
Ota-ona kofir bo‘lsada...

Aksar diyorlarda ota-onaga yaxshilik qilish Islom shariati buyurganchalik farz va vojiblik darajasida emas. Biroq, hozirda ba’zi yoshlar “Ota-onaga itoat qilish mustahab, bu ish bizning ustimizda farz, majburiyat emas”, deb tushunadigan bo‘lib qolishdi.

Axir, Alloh taolo ota-onaga yaxshilik qilishni O‘ziga ibodat qilishdan keyinga qo‘ymadimi?! Alloh taolo aytadi: «Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onangizga esa yaxshilik qilinglar! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaramlar)larga ham (yaxshilik qiling)!..»[1].

Alloh taolo ota-onaga yaxshilik qilishning naqadar buyuk amal ekanini Qur’oni karimda bir nechta o‘rinlarda keltiradi. Jumladan, Isro surasining 23-oyati karimasida bunday marhamat qilinadi: «Parvardigoringiz Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishingizni amr etdi...».

Ota-onaga ehson qilish ibodatdir.
Ota-onaga xushmuomalada bo‘lishlik ibodatdir.
Ota-onaga muhabbat ila nazar solish ibodatdir.
Ota-onaning qalbiga shodlik olib kiradigan har bir amal ibodatdir.

“Ehson”dan murod farzning ustiga ziyoda fazl qilish demakdir. Ya’ni, Alloh taolo farzandlar o‘z ota-onalariga faqatgina farz, majburiyat jihatidan yaxshilik qilib, shuning o‘zi bilan cheklanishlarini iroda qilmadi, aksincha, farzandlar bu borada ehson maqomiga ko‘tarilishlarini iroda qildi. Zero, ehson – Allohga U Zot seni ko‘rib turganidek ibodat qilishing degani. Boshqa bir tarafdan esa ota-onaga yaxshilik qilish Alloh tarafidan amr etilgan ibodat. Ota-onaga yaxshilik qilishda ehson martabasi qanday bo‘lishini o‘zingiz bir tasavvur qilib ko‘ring!

Bu juda go‘zal munosabatdir. Siz ota-onangiz bilan muomala qilayotganingizda Alloh taolo ko‘rib turganini his eting. Va yana Alloh taolo ko‘nglingizga tugib qo‘ygan niyatlaringizdan ham boxabardir. Zero, Yevropa va Amerikadagi yoshlarning ota-onalariga qilayotgan munosabatlarini aslo qiyoslab bo‘lmaydi.

Ota-onaga yaxshilik qilish Qur’oni karimda besh marta takrorlangan. Bu Allohning amri naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga farzandlar ota-onalariga yaxshilik qilishda bor kuchlarini sarflashlari zarurligiga ham ishora qilinadi. Axir ko‘z ochib yumguncha ular ham ota-ona bo‘ladilar. Ular ota-onalariga qanday munosabatda bo‘lgan bo‘lsalar, farzandlari ham ularga aynan shunday munosabatda bo‘lishlari haq gap.

Shuningdek, ota-ona kofir bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga yaxshilik qilishga buyurgan.

Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning onasi: “Men bir luqma ham og‘zimga solmayman, bir qultum suv ham ichmayman, shu alfozda o‘lib ketaman, toki sen dingingdan voz kechmaguningcha!” deya qattiq turib olganida, Sa’d roziyallohu anhu onasiga itoat etmadilar, Islomda sobit qoldilar. Shunda quyidagi oyat nozil bo‘ldi: «Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik (ya’ni, ota-ona xoh yaxshi, xoh yomon bo‘lsin, xoh musulmon, xoh kofir bo‘lsin, ularga yaxshilik qilish farzandning burchidir. Ammo) agar ular sen bilmagan narsalarni (soxta ma’budlarni) Menga sherik qilishing uchun zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) Menga qaytursiz, bas, (ana o‘sha kunda) Men sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berurman»[2].

Allohga ma’siyat bo‘ladigan ishlarda ota-onaga itoat qilinmaydi. Biroq ularga yaxshilik qilish, aloqalarni ushlab turish odatdagidek davom etaveradi.

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” 
nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Niso surasi, 36-oyat.
[2]  Ankabut surasi, 8-oyat.