Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Aprel, 2025   |   13 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:28
Quyosh
05:50
Peshin
12:29
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:19
Bismillah
11 Aprel, 2025, 13 Shavvol, 1446

G‘aflatda qolmang! Bugun Ramazonning oxirgi qadr kechasi

28.03.2025   8459   3 min.
G‘aflatda qolmang! Bugun Ramazonning oxirgi qadr kechasi

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).


Bu kecha Qur’oni karim nozil etila boshlagan. Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida tushirdik (Qadr surasi, 1-oyat).


Bu kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uxlamay, tunni ibodat bilan o‘tkazardilar.


Bu kecha “...ming oydan yaxshiroqdir(Qadr surasi, 3-oyat).


Bu kecha qilingan amallar 1000 oyda qilingan amallardan afzal va savobi ko‘pdir.


Bu kecha farishtalar tinimsiz mo‘min-musulmonlar haqqiga salavot va salomlar aytishadi.


Bu kecha haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini iymon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati) deganlar.


Bu kecha Alloh taolo bedor bo‘luvchi bandalarini boshqa oylardan ko‘ra ko‘proq ajru savoblar bilan mukofotlaydi.


Bu kecha issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Uning tongida quyosh qizg‘ish bo‘lib chiqadi.


Bu kechada quyosh chiqquniga qadar tinchlik va sokinlik hukm suradi. "U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir" (Qadr surasi, 5-oyat).


Bu kecha haqida Oisha onamiz roziyallohu anho: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni o‘qishni aytdilar:

اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي

O‘qilishi: “Allohumma innaka a’fuvvun kariymun tuhibbul a’fva fa’fu a’nniy”
Ma’nosi: “Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin”
(Imom Termiziy rivoyati).


Bu kechada qilingan amallar salkam 84 yil beto‘xtov qilingan ibodatga teng. 84 yil esa taxminan 30 ming-u 295 kunga teng. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning umrlari oltmish bilan yetmish o‘rtasidadir. Ozlarigina undan tashqarida bo‘ladilar”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).


Bu kecha gina-adovat, nafrat-arazlar, xafagarchiliklar unutiladigan, hamma bir-biridan rozilik hamda kechirim so‘raydigan kechadir.


Bu kecha barcha mo‘min-musulmonlarga muborak bo‘lsin! Fazilatli oy va muborak kunning fazilatidan Alloh taolo to‘liq bahramand etsin!

 

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar

Qalbingizni mahzunlikka to‘ldiradigan amal

11.04.2025   1408   7 min.
Qalbingizni mahzunlikka to‘ldiradigan amal

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bandalarim ichida shukr qiluvchilari ozdir.

Alloh taolo Qur’oni karimning bir necha oyatida insonni “kafur” ya’ni ne’matlarni e’tirof etmaydigan, noshukr, deb atagan.

Kufrning asl ma’nosi ham shu, shukrning ziddi. Shukr bu ne’matlarni e’tirof yo‘liga ko‘ra zohir qilish bo‘lsa, kufr ularni yashirish, tan olmaslik va inkor qilishdir.

Darhaqiqat, inson o‘zidagi umrbod shukr hissi bilan yashashni taqozo qiluvchi ko‘plab ne’matlarni ko‘rmaydi. Nigohini mudom o‘zidan boyroq, o‘zidan chiroyliroq, o‘zidan sog‘lomroq kishilarga qaratib, o‘z qalbini mahzunlikka to‘ldiradi. Holbuki, avvalgi ne’matlarning shukri ado etilmagan yoki yarim yamaloq tarzda ado etilgan, avvalgi sog‘lomlik davrida salomatligining qadriga yetib, buning uchun baxtiyorlik va shukronalik hissini tuymagan edi.

Nafs o‘zgalarga boqar ekan, o‘z e’tiborini ularga nasib bo‘lgan ne’matlarga qaratadi. Ular duchor bo‘lgan musibatlar va g‘am-tashvishlarni ko‘rmaydi. Qachonki, navbat o‘ziga kelganda esa doim yo‘qotishlar va qayg‘ularni ko‘radi.

Bunday insonga orzu qilgan narsalari berib qo‘yilsa ham shukrini ado etishi qiyin. Chunki o‘z ko‘zida kichikroq bo‘lib ko‘ringan ammo aslida buyuk bo‘lgan ne’matlarni ko‘rmasdan keldi, ularga shukr qilmadi. Bunday inson orzusidagi ne’matlar ato etilganda ham ularni kichik ko‘radi va yanada kattarog‘ini orzulaydi.

Shukr qiluvchi banda bo‘lish bu har kimning ham qo‘lidan kelmaydigan buyuk ishlardandir.

Shukr bu faqat tilda Allohga shukr! yoki alhamdu lillah! deyish bilan amalga oshmaydi.

Til shukri bu Allohga U bergan ne’matlari uchun hamd aytish, uni o‘zgalar huzurida ibrat ma’nosida zikr qilishdir.

Amal shukri esa U bergan ne’matlari barobarida solih, ezgu amallar qilish, Unga toat va ibodatda bo‘lish, U bergan ne’matlarni Unga gunoh va ma’siyat bo‘lgan ishlarga sarf qilmaslik, U ato etgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni ezgulikka safarbar qilib, Alloh unga ehson qilgani kabi u ham Uning bandalariga ehson va muruvvat ko‘rguzishidir.

Ibnul Qoyyim rahimahulloh aytadi: “Shukr bu – Allohning ne’mati bandaning tilida maqtov va e’tirof shaklida zohir bo‘lishi, qalbida esa shuhud va muhabbat tarzida namoyon bo‘lishi, tana a’zolarida esa Unga itoat va bo‘ysunish o‘laroq ko‘rinishidir” (“Madorijuc solikiyn”. 2/244).

Demak, shukr tilda, qalbda va amalda bo‘lar ekan.

Til shukri mun’im (ne’mat beruvchi)ni maqtab, Unga sano aytib, Uning ne’matlarini e’tirof etish bilan amalga oshadi.

Qalb shukri esa Allohning buyukligi, azamati, fazlu marhamati, lutfu inoyatining cheki yo‘qligi va O‘zining karami va saxovati ila bandasiga ato etgan ne’matlarni qalb ko‘zi ila ko‘rib, bu haqda tafakkur yuritib, o‘zidagi ne’matlarni ularning mun’imi bo‘lgan Zotga bog‘lab, Unga qalban minnatdorlik va muhabbat hislarini tuymoqdir.

Shukrning ushbu ikki bosqichi bosib o‘tilgach o‘z-o‘zidan uchinchi bosqich bo‘lmish amal shukri keladi. Bu marhalaga yetib kelgan inson Mun’im tomonidan o‘ziga ato etilgan ne’matlarni U rozi bo‘ladigan ezgu ishlarga sarf etadi, Alloh taolo unga ehson qilgani kabi u ham o‘zi kabi bandalarga ehson qiladi, aslo-aslo Qorun kabi man qiluvchi bo‘lib qolmaydi. Balki, Alloh taoloning go‘zal ismu sifatlaridan o‘z nasibasini olgan holda Alloh unga karam ko‘rsatgani kabi u ham oliyjanob bo‘lishga intiladi. Shu tariqa, u shokir va shakur maqomiga erishadi.

Bu esa shukrning uchta bosqichidan so‘ng erishiladigan buyuk martaba bo‘lib, Alloh taolo bu sifat bilan O‘z payg‘ambarlarini vasflagan. Masalan, Nuh alayhissalomni Albatta, u shakur (ko‘p shukr qiluvchi) banda edi (Isro surasi, 3-oyat) deya maqtov ila zikr qilgan.

Shuningdek, boshqa oyati karimada Alloh taolo O‘z bandalari ichida shukr qiluvchilari ozligini eslatar ekan, bu sifatning nechog‘li ulug‘ligi va hammaga ham nasib bo‘lmaydigan, hamma ham yeta olmaydigan nodir va noyob bir maqom ekaniga ishora qiladi: Bandalarim ichra shukr qiluvchi bo‘lganlari esa ozdir (Saba’ surasi, 13-oyat).

Inson ushbu oyati karima ustida biroz tafakkur yuritsa, o‘zi uchun olam-olam ma’nolar eshigini ochishi muqarrar.

Bu so‘zlar ila Alloh taolo nafaqat voqelikdan xabar bermoqda balki, oliyjanob, o‘zini hurmat qiluvchi va haqiqiy mard bo‘lgan bandalarini O‘zining azaliy taqdirida oz va nodir bo‘lishlarini yozib qo‘ygan shukr qiluvchi zotlar safidan o‘rin olishga tashviq etmoqda.

Farosat egalari, Allohni muroqaba qiluvchi, Uni yaxshi ko‘ruvchi, qalblarining eng to‘ridan Unga eng ardoqli joy ajratgan bandalari bunday oyatlar o‘z ichiga olgan teran ma’nolarni anglashlari va uning o‘zlariga xitob ekanining farqiga borishlari shubhasiz.

Shuningdek, Robbimizning mazkur so‘zlari shukr qiluvchilardan bo‘lish og‘ir ish ekani, yetishish qiyin bo‘lgan martaba ekani hamda Alloh nazdida sha’ni ulug‘ ish ekaniga ham dalolat qiladi.

Agar unday bo‘lmaganda edi, Alloh taolo bandalarim orasida shakur bo‘lganlari ozdir demagan bo‘lardi. Agar bunday bo‘lmaganda edi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam duoda Allohdan O‘ziga shukr qilishga yordam berishini so‘rashni vasiyat qilmagan bo‘lardilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z as’hoblari ichida Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni o‘zgacha yaxshi ko‘rardilar, u kishiga o‘zgacha tavajjuh qilardilar. Uni ba’zan o‘z ulovlariga mindirib olardilar. Shuningdek, u kishidan Qur’onni o‘rganishga ham targ‘ib qilardilar.

Muoz ibn Jabal Payg‘ambarimiz alayhissalomga muqarrab bo‘lgan sahobiylardan edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Muozni yaxshi ko‘rishlarini qasam ichib aytganlar.

Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad”da, Abu Dovud “Sunan”da Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilib keltirishicha, bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabalning qo‘lidan tutib Ey Muoz! Allohga qasamki, men Seni yaxshi ko‘raman. Ey Muoz, men senga shuni vasiyat qilamanki, har namoz so‘ngida “Allohumma a’inniy a’la zikrika va shukrika va husni ibadatika”, deyishni tark etma!”, dedilar.

Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mazkur sahobiyga har namozdan so‘ng yuqoridagi tartibda duo qilishni vasiyat qildilar. Duoning mazmuni esa quyidagicha: Allohim, Seni zikr qilishga, Senga shukr qilishga va Senga go‘zal ravishda ibodat qilishga yordam ber!.


Ziyo ASHRAF