Mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘MI Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev, Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla Kenjayev va Urganch shahar “Ko‘zli ota” masjidi imom-xatibi Xoshimjon domla Otajonovlar homiylarni jalb qilgan holda Urganch shahrida boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj uchta oilaga Urganch shahrida qurib bitkazilgan barcha qulayliklarga ega ko‘p qavatli uylardan, 3 ta yangi xonadon hadya qilindi. Yangi uylarni topshirish marosimida Urganch shahar hokimi Bunyod Rajabov, mahalla ahli va mutasaddilar ishtirok etdi. Xayrulla domla Abdullayev uy-joyli bo‘lganlarni muborakbod etib, yangi uylarda yaxshi kunlar, to‘ylar bo‘lishini tiladilar. O‘z o‘rnida uy sohiblari ham bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib, bu ishning boshida turganlarni, insonparvarlik yordami ko‘rsatganlarni duo qildilar.
Mazkur xayrli tadbirda xizmati va saxovati bilan ishtirok etgan barcha saxiy insonlarni Alloh taoloning O‘zi mukofotlasin!
“Yaxshilikning mukofoti, faqat yaxshilikdir”!
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.