Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men ham shavvol oyida olti kun ro‘za tutmoqchi edim. Ammo Ramazon oyida ham olti kun sababli tuta olmaganman. Endi men shavvol oyida 6 kun ro‘za tutsam Ramazonning qazosini tutib bergan hisoblanamanmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shavvol oyidagi olti kunlik ro‘za qazo ro‘zalar o‘rniga o‘tmaydi. Shuning uchun zimmasida Ramazon oyi ro‘zasidan qarzi bor bo‘lgan kishi avvalo qazo ro‘zasini tutishi maqsadga muvofiq. Chunki qazo ro‘zalarni nafllardan avval tutilgani afzal sanaladi. Qazo ro‘zasini tutayotgan kishi bomdod namozining vaqti (subhi sodiq) kirmasidan avval "Ramazon oyidan tuta olmagan qazo ro‘zani tutish"ni niyat qilishi kerak bo‘ladi. Agar niyat qilolmay subhi sodiqdan keyin niyat qilsa, niyati e’tiborli bo‘lmaydi.
Shavvol oyidagi olti kunlik ro‘za nafl ibodat bo‘lib, uni shavvol oyi davomida tutsa ham bo‘ladi. Shuning uchun Siz avval qazo ro‘zalarni mukammal tutib olib, keyin shavvol oyi davomida olti kun ro‘za tutishingiz maqsadga muvofiq. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Alloh taolo aytadi: "Lekin Alloh ularning otlanishlarini yoqtirmay, tutib qoldi", (Tavba surasi, 46-oyat).
Alloh sizni din ishlariga xizmatchi qilib olgan bo‘lsa, demak, qalbingizga qarab, rozi bo‘libdi. Oddiy bir inson o‘z ishlarida uquvsiz kimsalarni ishlatgisi kelmaydi-ku, Alloh ishlatadi deysizmi?
Allohning yo‘lidan uzoq bo‘lgan odam borki, albatta, Alloh uning ichidan boxabarligi uchun rozi bo‘lmagan. Mashhur odamlarga havas qilmang. Ular arzimagan ishlar bilan mashg‘ullar. Alloh ularni yaxshi ko‘rganida, o‘ziga xodim qilib olgan bo‘lardi.
Zarracha savob ish qilmagan milliarderlarga havas bilan qaramang. Alloh ularni yaxshi ko‘rganida, ulardan yuz o‘girmagan bo‘lardi.
"Rasailu minal Qur’an" asaridan