Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men ham shavvol oyida olti kun ro‘za tutmoqchi edim. Ammo Ramazon oyida ham olti kun sababli tuta olmaganman. Endi men shavvol oyida 6 kun ro‘za tutsam Ramazonning qazosini tutib bergan hisoblanamanmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Shavvol oyidagi olti kunlik ro‘za qazo ro‘zalar o‘rniga o‘tmaydi. Shuning uchun zimmasida Ramazon oyi ro‘zasidan qarzi bor bo‘lgan kishi avvalo qazo ro‘zasini tutishi maqsadga muvofiq. Chunki qazo ro‘zalarni nafllardan avval tutilgani afzal sanaladi. Qazo ro‘zasini tutayotgan kishi bomdod namozining vaqti (subhi sodiq) kirmasidan avval "Ramazon oyidan tuta olmagan qazo ro‘zani tutish"ni niyat qilishi kerak bo‘ladi. Agar niyat qilolmay subhi sodiqdan keyin niyat qilsa, niyati e’tiborli bo‘lmaydi.
Shavvol oyidagi olti kunlik ro‘za nafl ibodat bo‘lib, uni shavvol oyi davomida tutsa ham bo‘ladi. Shuning uchun Siz avval qazo ro‘zalarni mukammal tutib olib, keyin shavvol oyi davomida olti kun ro‘za tutishingiz maqsadga muvofiq. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bomdod namozi savobi ko‘p va ahamiyati katta namozdir. Ba’zilarda “Nega Alloh taolo bandalari bomdod namozini ado etishi uchun bu paytni, ya’ni uyqu paytini ixtiyor qildi?” degan savol paydo bo‘lishi mumkin.
Inson biror mukofotga erishganda yoki biror voqeadan xursand bo‘lganda, go‘zal manzarani ko‘rganda, miyasida dofamin degan sekretsiya, garmon ishlab chiqariladi.
Xo‘sh, dofamin nima? Bu – rohatlanish va zavqlanish uchun javobgar neyromediator (nervlarga signal uzatuvchi vosita). Biz uchun yoqimli biror hodisa ro‘y bergan paytda miyamizda dofamin ishlab chiqariladi. Kechasidagi uyqu miyaning bu moddani kamroq ishlab chiqarishiga yordam beradi. Shunda miya kunduzi bu moddani ko‘proq ishlab chiqarishiga imkon qilingan bo‘ladi. Quyosh chiqishidan oldin uyqudan turish dofaminning ko‘p miqdorda ishlab chiqarilishiga yordam beradi. Mana shunda miya o‘z vazifasini yuksak layoqat bilan bajaradi. Natijada, inson xushkayfiyat, xursand holda bo‘ladi.
Dofamin miya hujayralari orasida garmon, asablararo uzatgichi vazifasini bajaradi. Bu modda ko‘paygani sari miya eng yaxshi holatda, inson esa bag‘ri dili ochilgan, yoqimli tuyg‘ular og‘ushida bo‘ladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu haqda bundan bir ming to‘rt yuz yil oldin aytganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan bunday rivoyat bor: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Shayton sizlardan biringiz uxlab yotgan paytida gardaniga uchta tugun tugadi. U har bir tugunga ura turib: «Hali tun uzoq, uxlayver», deydi. Agar (banda) uyg‘onib, Allohni zikr qilsa, bitta tugun yechiladi. Agar tahorat qilsa, ikkinchi tugun yechiladi. Agar namoz o‘qisa, uchinchi tugun ham yechiladi hamda u tetik va xushhol bo‘lib qoladi. Aks holda lanj va tanbal insonga aylanadi» (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Hadisdagi “Aks holda lanj va tanbal insonga aylanadi” degan jumla hozirgi zamon ilmining xulosasidir. Quyosh chiqishidan oldin uyqudan turish kishini nafsiy, ruhiy xotirjamlikka olib boradi.
Ey mo‘min birodarim! Endi bomdod namoziga uyg‘onib, tanangizda tetiklik, qalbingizda xotirjamlik, kayfiyatingizda ko‘tarinkilik, butun jismingizda xushhollikni va eng muhimi, Allohning farzini ado etib, ulkan savoblarni qo‘lga kiriting.