Bismillahir Rohmanir Rohiym
Yaxshilab e’tibor berilsa, g‘arbliklar va’dasida turish bobida bizdan ancha o‘zib ketishgan. Ular kelishilgan vaqtdan kech qolishmaydi. Bu islomiy xulq-atvor bo‘lishiga qaramay, ularda bu sifatlarni uchratamiz. Alloh taolo: «(Ey Muhammad!) Kitobda Ismoil (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u va’dasida sodiq turuvchi Nabiy va Rasul edi»[1], deya Ismoil alayhissalomning va’dasiga vafo qiladigan payg‘ambar ekanliklarini maqtaydi.
Mufassirlar Ismoil alayhissalom haqlarida bir voqeani keltiradilar: «Ismoil alayhissalom bir kishi bilan ko‘rishadigan joyni belgilab va’dalashadilar. Ismoil alayhissalom kelishilgan joyga o‘z vaqtida yetib boradilar va o‘sha kuni kechasi bilan haligi odamni kutib o‘tiradilar. Ertasi kuni u kishi keladi. Ismoil alayhissalom unga: “Men seni kechadan beri kutib o‘tiribman, sen kelguningga qadar bu yerdan bir qadam ham siljiganim yo‘q!” – deydilar».
Namozning ham o‘qilishi kerak bo‘lgan o‘z vaqti bor, to‘g‘rimi?! Agar chegaralangan vaqtidan bir necha daqiqa ertaroq yoki kechroq o‘qisangiz, bu uchun savob berilmaydi. Nima uchun biz ibodatlarimizda diniy asoslarimizga rioya qilmaymiz, va’dalashilgan ishlarimizga to‘g‘ri yondashmaymiz. Mashhur adib Aliy Tantoviy rahimahulloh aytganlaridek, odamlar aytilgan vaqtdan kech qolganlarni hurmat qilishadi, o‘z vaqtida kelganlarni esa jazolashadi. Kech qolib keladiganlar yetib kelishgandagina dasturxonga taom tortishadi. Tadbirlar ham kechikkanlarning tashrifidan keyingina boshlanadi.
Shunday kech qolish holati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ham sodir bo‘lgani hadislarda keladi. Jumladan, Abdulloh ibn Abul Hamsodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh bilan payg‘ambar bo‘lishlaridan avval savdo qilgan edim, oramizda ozgina oldi-berdi qolib ketgan edi. Men Rasulullohga u narsani kelishilgan joyga olib borib berishga va’da qilgan edim, yodimdan ko‘tarilibdi. Oradan uch kun o‘tgach esimga tushib qoldi, darhol o‘sha joyga bordim, qarasam Rasululloh o‘sha kelishilgan joyda ekanlar. Keyin menga: “Hoy yigit, meni qiynab qo‘yding-ku, men uch (kun)dan beri shu yerda turibman”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).
E’tibor beringki, sahobiy kelishilgan vaqtdan bir necha daqiqa ham, qanchadir soat ham emas, naqd uch kun kech qolgan. Bugungi kun musulmonlari ham kelishuvga rioya qilsalar, belgilangan vaqtga yetib kelishga qattiq ahamiyat bersalar edi, o‘zlarining ham, boshqalarning ham oromini buzmagan bo‘lardilar. Har kimning o‘ziga yarasha ishi, vazifasi bo‘ladi. Siz aytilgan vaqtingizdan kech qolishingiz, kelishgan odamingizga nisbatan zulm bo‘ladi. Bunday qilish orqali ularning foydalarini yo‘qqa chiqarasiz, “ahd”, “vafo” kabi tushunchalarning qadrsizlanishiga sabab bo‘lasiz.
Hakimlardan biri aytadi: “Birovga va’da berib, ishontirib qo‘yma. Beradigan va’dangni bajarish qo‘lingdan kelmasa, yaxshisi va’da berma”.
Biz zamonaviy aloqa vositalari asrida yashayapmiz. Kelishgan kishisini yoki do‘stini ko‘chada tik oyoqda kuttirib qo‘yishga biror uzr yo‘q. Agar o‘sha vaqtda boshqa muhim ishingiz chiqib qolsa, va’dalashgan kishingizga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni tushuntirishingiz mumkin, shundagina sizni uzrli hisoblasa bo‘ladi.
Musanno ibn Horisa Shayboniy aytadilar: “Va’damga xilof qilganimdan ko‘ra, qaqrab o‘lganim yaxshi”.
Shoir aytadi:
Amalsiz, quruq so‘z erur befoyda,
Yolg‘on bergan va’dangda yaxshilik qayda...
Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Maryam surasi, 55-oyat.
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.
Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.
Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.
Imom G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.
Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!
Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:
«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).
«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).
«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).
«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).
«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...» (Nahl surasi, 69-oyat).
«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).
Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Ahmad rivoyati.